Buxoroda yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning mazmun-mohiyatini barcha bo‘g‘indagi davlat fuqarolik xizmatchilariga yetkazish maqsadida o‘quv-seminar tashkil etildi.
O‘quv-seminar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashabbusi bilan Adliya vazirligi hamkorligida o‘tkazildi.
Davlatimiz rahbarining “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazilayotgan o‘quv seminarida viloyat hokimligi apparati xodimlari, viloyatdagi davlat xizmatchilari, ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek, videokonferens aloqa tizimi orqali tuman (shahar) hokimlik xodimlari, boshqarma, tashkilotlarning tuman (shahar) bo‘limlaridagi davlat xizmatchilari qatnashdi.
[gallery-13573]
Maqsad – boshqaruvda konstitutsiyaviy normalarning ijrosini to‘liq ta’minlash, ularni davlat xizmatchisining har kunlik faoliyatiga tatbiq etish, pirovardida “Inson qadri” tamoyili asosida xalqqa xizmat ko‘rsatishning sifat darajasini oshirishga erishishdan iborat
O‘zbekiston Respublikasi referendumi orqali umumxalq ovoz berish yo‘li bilan qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini jamiyat hayotiga tatbiq etish, mazmun-mohiyatini keng targ‘ib qilish, unda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan mahalliy hokimlik va davlat idoralarida amalga oshiriladigan birinchi navbatdagi ustuvor vazifalar hamda ularni samarali amalga oshirish bo‘yicha keng tushunchalar, tavsiyalar berildi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari