Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat xizmatchilari zaxirasini samarali shakllantirishning tarbiyaviy-huquqiy jihatlari
14:27 / 2023-12-14

Bugungi kunda barcha sohalarda, jumladan davlat xizmatidagi lavozimlar uchun kadrlar zaxirasini samarali shakllantirish ustuvor vazifa hisoblanib, masalani muhimligini belgilaydi.

Xususan, dunyo miqyosida kadlarni boshqarishni statistikasini yurituvchi General HR Statistics ma’lumotlariga ko‘ra, 83% holatda rahbarlik lavozimlariga tanlov o‘tkazilishida 75% tanlangan iqtidorli nomzodlarning yemotsional so‘nishlari kadrlarni ish joyida «ushlab qolish»ning asosiy muammosi hisoblanadi. Aynan, kadrlarni tanlash texnologiyalarini yaratish uchun investitsiya kiritish 97% holatda ijobiy natija berishi, 83%da rahbarlik lavozimlariga tanlov o‘tkazilishi jarayonida kuchli iqtidorlilarni taklif etish ko‘plab muammolarni tug‘dirishining asosiy sababi, 75% holatda kadrning tanlanishi rahbarning kutishlari, talabi, mezoni va me’yorlari bilan bevosita bog‘liq bo‘lishi va salbiy ta’sir ko‘rsatishi kuzatiladi.  Bu boshqaruvninig psixologik mezonlaridan biri bo‘lgan kadrlar qo‘nimsizligi va ishonchsizligini oldini olish, psixoemotsional zo‘riqishlarni namoyon bo‘lish darajasiga ta’sir etadigan ijtimoiy-psixologik omillarni aniqlashni hamda mazkur masalalar yuzasidan bilimlarni oshirishga  bo‘lgan zarur muammoni dolzarblashtiradi.  

Avvalo, davlat xizmati uchun kadrlar zaxirasining samardorligi masalasi davlatchilikni shakllanish tarixiga, boshqaruv usullariga, mezon va tartib-tamoyillariga bog‘liq. Xususan, Sharq mutafakkirlaridan Abu Nasr Farobiy «Fozil odamlar shahri», Abu Rayhon Beruniy «Hindiston», Yusuf Xos Xojib «Qutadg‘-u bilig», Alisher Navoiy «Hamsa», Amir Temur «Temur tuzuklari», Nizomulmulkning «Siyar - ul muluk» (Siyosatnoma), Zaxiriddin Muxammad Boburning «Boburnoma» asarlarida boshqaruv, kadrlarni tanlash, rahbarlik, tanlov, saralash kabi ilk qarashlar shakllangan. Shuningdek, «xodim», «hukmdor», «amir», «bek», «noib», «rahbar», «hokim» kabi ilk tushunchalar bugungi kunda ham boshqaruvni muhim xususiyat va sifatlarini ochib berishga xizmat qiladi.  

Davlat va jamoat arboblari Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy asarlarida kadr tanlash, boshqaruvni shakllantirish, davlat va jamiyat boshqaruvi, adolatli rahbarlik ishlarini tashkil etish doirasidagi fikrlari hozir ham dolzarb ekanligining guvohi bo‘lamiz. Jumladan, Amir Temurning boshqaruv usuli va kadrlarga munosabati «Temur tuzuklari»da qattiqqo‘llik, tadbirkorlik, nihoyatda adolatlilik, lekin rahimdillik, insonparvarlik, halollik va poklikni; sarkardalarni saralash va lavozimlarga qo‘yishda nasl-nasabiga, aql-farosatiga, xalqparvarligiga, tinchliksevarlik, sabr-toqatlilik, adolatparvarlik, ko‘tarinki ruhiy holatiga, ziyrakligiga, malakasi va odamlar bilan murosa qilish fazilatlari haqidagi ruhiy sifatlari e’tirof etiladi. Shuningdek Amir Temur o‘z saltanatini boshqarish vositalari sifatida to‘xtalib shunday yozadi: “Saltanat ishlarida to‘rt narsaga (1) kengash, (2) mashvaratu maslahat, (3) qat’iy qaror, tadbirkorlik, hushyorlik, (4) ehtiyotkorlikka amal qilish lozimligini e’tirof etadi”.  

Mutafakkirlar fikriga ko‘ra, o‘rta bo‘g‘in rahbarlarini tanlash, ulardan hukumatni boshqarish ishlarida samarali foydalanishda uni nafaqat sinab ko‘rish lozimligi, balki rahbarning individual-psixologik xususiyatlari, shaxsiy yo‘nalganligini inobatga olish rahbarlarni rag‘batlantirish, yuqori lavozimlarga ko‘tarish yoki jazolash usullaridan foydalanish maqsadga muvofiq hisoblanadi.  

Kadrlarni saralashda o‘z faoliyatida har bir ishni «kengashib», muhokamalarda shaxsan ishtirok etib, atrofdagilar fikrini tinglay olish, rejalashtirish, qaror qabul qilish, tafakkur qilish, oqilni nodondan ajratish, tajriba olish xususiyatlariga ega bo‘lganligi bugungi kun rahbarlari uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi. Amir Temurni saltanat boshqarishda saroy ahliga, ayollariga munosabatida ham alohida afzalliklar kuzatiladi. Bu saroyda va mamlakatda katta nufuzga ega bo‘lganligi hamda davlat ishlaridagi ishtiroki bilan izohlanadi.

Kadrlarni tanlash masalasida Abu Nasr Farobiy «Fozil odamlar shahri» asarida «...kimki birovni baxt va saodatga erishtirish uchun zarur bo‘lgan ish-harakatlarga ruhlantira olish qobiliyatiga ega bo‘lmasa va bu ish-harakatni bajara olishga qudratsiz bo‘lsa, bunday odam sira ham rahbar bo‘la olmaydi. Ular yo‘l-yo‘riqlarni o‘tmishda yashab o‘tgan boshliqlardan o‘rganadilar, lekin shu bilan birga rahbar kelajak o‘tmishdagi rasm-rusm, yo‘l-yo‘riqlarni isloh qilishni lozim topsa, turmush sharoiti taqozosiga qarab o‘zgartiradi. Shuningdek, yomon odatlarni o‘zida ifodalovchi o‘tmishni ham o‘zgartirmog‘i kerak. Aks holda o‘tmishning talablariga rioya etib, uning kayfiyati saqlansa, turmushda hech qanday yengillik, o‘zgarish va o‘sish bo‘lmaydi» –  deb, har bir xalq, jamiyatda hayotni farovon bo‘lishi bevosita rahbar va boshqaruv qobiliyatiga, uning dunyoqarashiga, orttirgan tajribasiga bog‘liqligini uqtiradi.  

Shuningdek, manbalarda kadrlar ishini tashkil etish va tanlash uchun ayrim nuqsonlarlardan holi bo‘lishga chaqiriladi. Jumladan, Abu Nasr Farobiy ham boshqaruvdagi shaxs zararli illatlardan holi bo‘lishi kerakligi, boshliqni avvalo o‘z vijdoni oldidagi pokligi, o‘tmish xatolari kayfiyatida yashamasligi kerakligi; bu, jamiyatni bir maqsad sari yo‘naltirishda, intilishida salbiy ta’sir ko‘rsatishini tushuntiradi. Mutafakkir, «Fozil odamlar shahri» asarida «...ularni o‘zlaridan saylangan rahbar yoki boshliqlar hokimi mutlaq bo‘lmaydi. Ular odamlar ichidan ko‘tarilgan, sinalgan eng oliyjanob, rahbarlikka loyiq kishilar bo‘ladilar», – deb keltiriladi. Bu bilan asar muallifi boshqaruvga kadr faqat bir davradan tanlanishi mumkin emasligini, bunday qoida mutlaq amal qilmasligini, boshqaruvga kadr jamiyat hayotida faol ishtirok etayotgan, kadr sifatida oldindan o‘rganilgan, yo‘nalgan, ko‘plab ijobiy xislatlarni o‘zida mujassam etgan shaxslar tarkibidan tanlash a’lo sifat bo‘lishini ifodalaydi.  

Shuningdek, boshqaruv muammosini tadqiq etish masalasida Nizomulmulk asarlarining ahamiyatti katta bo‘lib, aynan «Siyosatnoma» yoki «Siyar ul-muluk»da «...davlatni idora etishda amaldorlar katta o‘rin tutishi, kadrlarni to‘g‘ri tanlash, joy-joyiga qo‘yish, har biriga loyiq amal berib, asosiy maqsad yo‘lida tarbiya qilishni muhim talab ekanligini; ayniqsa, amaldorni salohiyatidan foydalanish darajasiga yetkazib tarbiyalash o‘ta mushkul ish va bunga ko‘p vaqt talab qilinishini, hokimlarga o‘z qo‘l ostidagilarni ehtiyot qilish maslahat beriladi hamda munosiblarinigina lavozimga qo‘yishni muhim masala ekanligini”, bayon etiladi.  

Bu borada O‘rta Osiyoda jadid ma’rifatparvarlari kadr tanlashni tarbiyaviy muhim sifatlariga urg‘u berib, uning asosiy ishtirokchilari ayollar deb hisoblaydi. Binobarin, ular fikricha, oilalardagi tarbiyaviy muhit bilan bog‘lab, «... kadrni vatanparvar, odob-axloqli, atrofdagilarni hurmat qila oladigan, millatparvar va halol bo‘lishi uni tarbiya topayotgan muhitiga bog‘liq» – deb, hisoblaydilar. Ahmad Donish, Abdulla Avloniy, Fitrat, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon kabi jadidchilik namoyondalari o‘z ijodida aynan yuqoridagi masalaga alohida urg‘u berib, «... jamiyatni yangicha boshqarish, ta’limni yangi uslullarini o‘rganish, erkin fikrlashga chorlash barobarida xalqni ozod qilishi, ayollarni ma’rifatli qilishining oilaga, xususan jamiyatga foydasi bebaho» deb, baholanadi.  

Shuningdek, «...xotin-qizlarni jamiyatning to‘laqonli a’zosi sifatida qabul qilmasdan, oila masalasini to‘g‘ri hal etmasdan, yosh avlodni to‘g‘ri yo‘lda tarbiyalamasdan turib, jamiyatni isloh qilish, uni rivojlantirish taraqqiyot sari yo‘naltirish mumkin emas. Oxir oqibatda millat taqdiri uning ayollari va oilasining holatiga bog‘liq bo‘lishi» bayon etiladi.  

Kadr tanlash hamda uni tayinlash tizimi nafaqat uyg‘onish davri muammosi sifatida qaraladi balki, Qadimgi Sharq (Shumera, Misr, Arkada)da qulllik davlatini shakllanishi ya’ni, 4-5 ming yilliklarni ham o‘z ichiga oladi desak mubolag‘a emas. Binobarin, Misrda o‘sha davr hokimiyati vakillari maktabi bo‘lib ular davlat xizmatchilarining elitasini tayyorlash bilan shug‘ullangan. Bu maktabga qabul qat’iy mezonlar asosida amalga oshirilgan. Bunda nomzodlarning aqliy qobiliyatlari, jismoniy rivojlanganligi, madaniyat darajasi hisobga olingan.

Qadimgi Xitoyda esa, kadrlarni tanlash bo‘yicha kuchli Konfutsiy maktabiga asos solingan. Bunda Konfutsiy va uning izdoshlari hokimiyat vakillari, jamiyatning mashhur kishilarini kadr sifatida tanlashning butun bir falsafasini yaratganlar. Ular mezoniga ko‘ra, rahbarlikka boy yoki kambag‘al qatlamiga mansubligi nuqtayi nazaridan emas balki, nomzodning xalqi oldidagi shaxsiy xizmatlari, aqliy sifatlari va intellektual salohiyatiga ko‘ra tanlangan. Qadimiy Rimda esa, kadrlarni kasbiy tanlashga o‘ta talabchanlik bilan yondoshilgan bo‘lib, Arastu, Platon qarashlarida ham faoliyatga yo‘naltirishni tizimlashtirilgan mezonlarining sifat ko‘rsatkichlari zarurligi ta’kidlangan.  

Xulosa o‘rnida shuni aytish kerakki, kadrlar masalasida tarixiy manbalarning ahamiyati katta bo‘lib, ma’naviy tarbiya va shaxs xususiyatlarining namoyon bo‘lishiga ta’sir etuvchi muhim omil hamdir. Binobarin, kadrlar masalasi har bir davr uchun o‘ta muhim va dolzarb masala bo‘lib, ular jamiyatni rivojlantirishning asosiy ijrochisi hisoblanib, shaxsni ishlashga, rivojlanishga, takomillashishiga undovchi kategoriya hisoblanadi.  

D.S.Abdullajanova,  

O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti  

Xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik ta’minlash kafedrasi dotsenti, 

psixologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)