Siyosiy ong, siyosiy madaniyat va siyosiy savodxonlik har bir davlat va jamiyatning rivojlanganlik darajasini belgilaydigan muhim mezonlardan hisoblanadi. Bu uch omil o‘zaro chambarchas bog‘langan bo‘lib, ularning barchasi birgalikda demokratik jarayonlarning muvaffaqiyati va jamiyat barqarorligini ta’minlaydi.
Siyosiy ong shaxsning davlat va jamiyat hayotiga oid bilimlari, tushunchalari va qarashlarini ifodalasa, siyosiy madaniyat ushbu ongning ijtimoiy normalar, qadriyatlar va huquqiy bilimlar bilan uyg‘unlashgan ko‘rinishidir. Siyosiy savodxonlik esa insonning siyosiy jarayonlarda, qonunchilikda va davlat idoralarida to‘g‘ri ishtirok etishi uchun zarur bilim va ko‘nikmalar yig‘indisidir.
Ilmiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, yuqori darajadagi siyosiy ong va madaniyat jamiyatda ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlaydi, korrupsiyani kamaytiradi, fuqarolarning davlat idoralariga ishonchini oshiradi. Masalan, amerikalik siyosatshunos Sherri Rozenberg o‘z asarlarida demokratik jamiyatlarda fuqarolarning siyosiy madaniyati va ongi yuqori bo‘lgan sari ularning siyosiy faolligi va davlat idoralariga ishonchi ham oshishiga alohida e’tibor qaratgan. Uning tadqiqotlari davlat boshqaruvi samaradorligi va jamiyat barqarorligini ta’minlashda siyosiy madaniyatning muhimligini tasdiqlaydi.

Bundan tashqari, siyosiy madaniyat nazariyasining asoschilaridan biri Gabriel Almond demokratiyaning samarali ishlashi uchun siyosiy madaniyatning zarurligini ta’kidlagan. U siyosiy madaniyatning ijtimoiy normalar va qadriyatlar bilan bog‘liqligini ilmiy ravishda tadqiq qilib, demokratik institutlarning barqarorligini ta’minlashda ushbu omilning ahamiyatini yoritgan. Shunday qilib, Almondning fikriga ko‘ra, siyosiy madaniyat insonlarning davlatga munosabati, huquq va majburiyatlarini anglashi bilan chambarchas bog‘liq.
Hozirgi globallashuv va axborot asrida demokratik qadriyatlar hayotimizning barcha sohalariga chuqurroq kirib bormoqda. Bu jarayonda davlat fuqarolik xizmatchilari va jamiyat a’zolarining siyosiy ongi va madaniyatini oshirish muhim vazifaga aylanmoqda. Siyosiy bilim va madaniyatga ega bo‘lmagan shaxslar, ayniqsa davlat xizmatchilari siyosiy maydonda qo‘g‘irchoqqa aylanib qolishi, manipulyatsiya qurboni bo‘lishi ehtimoli yuqori. Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 34-moddasi barcha davlat organlari va mansabdor shaxslarni fuqarolarga ularning huquqlari va manfaatlariga daxldor hujjatlar bilan tanishish imkoniyatini ta’minlash shartligini belgilaydi. Bu esa davlat xizmatchilari va jamiyatda siyosiy savodxonlikni oshirish uchun muhim huquqiy asos hisoblanadi.

O‘zbekistonda jamiyatda demokratik qadriyatlarni mustahkamlash, siyosiy madaniyat va savodxonlikni oshirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Mamlakatimiz rahbariyati tomonidan belgilangan strategik yo‘nalishlar qatorida fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish va siyosiy ongni yuksaltirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan demokratik islohotlar doirasida davlat xizmatchilari malakasini oshirish, ularning siyosiy va huquqiy savodxonligini kuchaytirish masalasi muhim o‘ringa ega.
Mazkur vazifani amalga oshirish maqsadida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi hamda O‘zbekiston mahallalari uyushmasi bilan hamkorlikda haftaning har juma kuni “Siyosiy-ma’rifat soati” darslarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu loyiha davlat xizmatchilariga va keng jamoatchilikka mamlakat hamda dunyo siyosiy voqealarini, qonunchilik yangiliklarini va davlat tili qoidalarini tez va samarali ravishda yetkazishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Siyosiy islohotlar bilan bir qatorda, qiziqarli va foydali ruknlarni o‘zida mujassam etgan ushbu onlayn dars “MDayjest”, “Gazeta sharhi”, “Mahalladan gapiramiz”, “Mutolaa vaqti”, “Nima, Qachon, Qayerda?”, “Salomatlik sirlari” kabi qiziqarli ruknlarni ham o‘z ichiga oladi.

Shuningdek, ushbu loyiha raqamli platformalarda ham (Telegram, Facebook, YouTube) namoyish etilib, bu orqali axborot iste’molchilari uchun zamon va makon to‘siqlarini yo‘q qilishga erishildi va siz dunyoning istalgan nuqtasidan turib “Siyosiy-ma’rifat soati” darslarini kuzatishingiz mumkin.
Xulosa qilib aytish mumkinki, siyosiy madaniyat va savodxonlik tabiiy ravishda emas, balki doimiy o‘qish, izlanish va amaliyot natijasida shakllanadigan ma’naviy va intellektual jarayondir. Davlat xizmatchilari uchun esa bu yanada muhim, chunki ular jamiyat va davlat o‘rtasidagi ko‘prik vazifasini bajaradi. Shu sababli, siyosiy-ma’rifat loyihalari kabi chora-tadbirlar davlat boshqaruvi sifatini oshirish, demokratik institutlarni mustahkamlash va jamiyatning barqaror taraqqiyotiga xizmat qiladi.
Demak, har bir davlat xizmatchisi va fuqaro siyosiy bilimlarini muntazam boyitib borishi, milliy qadriyatlarga sadoqat va huquqiy ongini yuksaltirishi zarur. Bu esa mamlakatimizda demokratiya, huquqiy davlat va fuqarolik jamiyati g‘oyalarining mustahkamlashuviga va xalqaro maydonda O‘zbekistonning obro‘sining oshishiga xizmat qiladi.
M.Ismailova
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi
Toshkent shahar bo‘limi rahbari