Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat xizmatchilari sportga keng jalb etiladi
17:42 / 2020-11-16

“Milliy” stadioni marosimlar zalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 3 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi oldiga bir qator vazifalar qo‘yilgan.

Xususan, davlat organlari va tashkilotlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish va sog‘lig‘ini mustahkamlashga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi oldidagi dolzarb vazifalardan biridir.

Jahonda koronavirus pandemiyasining yuzaga kelishi dunyo mamlakatlari qatori O‘zbekistonda ham aholining sog‘lig‘i, salomatligi, sog‘lom hayot kechirish darajasi zaif ekanligini ko‘rsatdi. COVID-19 infeksiyasi, avvalo, yurak-qon tomir va nafas olish yo‘llari hamda semizlik (ortiqcha vazn) kasalligiga chalingan fuqarolarimizning sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Natijada bugungi pandemiya ko‘plab fuqarolarimiz, davlat fuqarolik xizmatchilarining bevaqt dunyodan ko‘z yumishiga sabab bo‘ldi.

– Shu yilning 30 oktyabr kuni davlatimiz rahbari “Sog‘lom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonga imzo chekdi, –deydi O‘zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev. – Unga ko‘ra, 2021 yildan boshlab davlat organlari rahbarlari va barcha xodimlari ish vaqtidan so‘ng haftada kamida bir marta jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishadi. Rahbarlar shaxsiy namunalari orqali semizlik darajasini kamaytirish, vazn ko‘rsatkichlarini yaxshilash, salomatlikni mustahkamlash uchun qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi. Davlat organlari jamoa shartnomalarida ishlab chiqarish gimnastikasi mashqlari joriy qilinadi.

2021 yil 1 yanvardan boshlab mehnat jamoalarida faoliyat yuritayotgan xodimga “Sport targ‘ibotchisi” qo‘shimcha vazifasini yuklash va uning ish haqiga 20 foiz miqdorda ustama belgilash yo‘lga qo‘yiladi. Ish vaqtidan so‘ng haftada kamida bir marta rahbar va barcha xodimlar yugurish, stritbol, futbol, badminton, voleybol, basketbol, stol tennisi, suzish singari sport turlari bilan shug‘ullanishi ta’minlanadi.

Davlat organlari va tashkilotlarining kasaba uyushmalari va ish beruvchilari o‘rtasidagi jamoa shartnomalarida xodimlariga ishlab chiqarish gimnastikasi mashqlarini bajarishi uchun ish vaqtiga kiritiladigan maxsus tanaffuslarni belgilash joriy etiladi. Har shanba kuni esa soat 14:00 dan so‘ng xodimlar va ularning oila a’zolari o‘rtasida yugurish, stritbol, futbol, badminton, voleybol, basketbol, stol tennisi, suzish va boshqa sport turlari bo‘yicha ommaviy sport musobaqalari tashkil etiladi.

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Mazkur Memorandum davlat organlari hamda tashkilotlari rahbar va xodimlarini jismoniy tarbiya va sportga keng jalb qilish, jismoniy faolligini oshirish, ular o‘rtasida turli musobaqalar tashkil etishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirishda o‘zaro hamkorlik qilish tartibini belgilaydi.

O‘zaro anglashuv memorandumiga ko‘ra, agentlik hamda vazirlik barcha tashkilotlarda mehnat unumdorligini yaxshilashda sportning muhim ahamiyati, uning jismoniy va ma’naviy sog‘lomlikning asosi ekanini targ‘ibot va tashviqot qilishga qaratilgan tadbirlarni o‘zaro hamkorlikda amalga oshiradi.

Jumladan, tashkilotlar xodimlarining sportga bo‘lgan qiziqishini inobatga olib, turli jismoniy tarbiya va sport tadbirlarini uyushtirish, faxriy sportchilar bilan uchrashuv tashkil etish belgilangan. Davlat fuqarolik xizmatchilarining vazn indeksini aniqlash hamda reyting natijalarni e’lon qilib borish bo‘yicha aniq choralar ko‘rib boriladi. 

Shu bilan birga, tashkilotlarda turli jismoniy tarbiya va sport musobaqalari o‘tkazilishi uchun o‘z tasarrufida bo‘lgan ochiq sport ob’ektlaridan foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratish borasida memorandumni imzolagan tomonlar tomonidan tegishli choralar ko‘rib boriladi.

Memorandum bilan hamkorlik tadbirlarini amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi hamda uning ijrosi yuzasidan monitoring olib borishga kelishildi.

Nurillo NASRIEV,  O‘zA