Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat xavfsizligi mahallada mustahkamlanadi
11:07 / 2026-01-29

Joriy yilning 27 yanvarida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi davlat va jamiyat xavfsizligiga bevosita tahdid solayotgan uyushgan jinoyatchilik, narkojinoyatlar, kiberjinoyatlar hamda yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishda mutlaqo yangi bosqichni boshlab berdi. Yig‘ilishda bu illatlarga qarshi kurashda keskin, tizimli va manzilli choralar belgilab berildi.

Davlat rahbari jinoyatchilikka qarshi kurashishni faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar zimmasiga yuklab qo‘yish yetarli emasligini, eng muhim vazifa — xavfsizlikni eng quyi bo‘g‘in, ya’ni mahallada ta’minlash zarurligini alohida ta’kidladi. Chunki jinoyatning ildizi ham, yechimi ham avvalo mahallada shakllanadi.

Ana shu mantiqiy davom sifatida 2026 yil “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilindi. Bu yil nomining o‘ziyoq jamiyat taraqqiyoti, qonuniylik va barqarorlik mahalladan boshlanishini anglatadi. Xavfsiz mahalla — bu nafaqat tinch hudud, balki faol fuqarolik pozitsiyasi, yuksak huquqiy ong va jamoaviy mas’uliyat mujassam bo‘lgan muhitdir.

Prezident belgilab bergan ana shu ustuvor vazifalar ijrosi doirasida Jizzax viloyati Yangiobod tuman prokurori Shohruz Salimov tomonidan kriminogen vaziyati og‘ir mahallalardan biri hisoblangan “Sarmich” mahalla fuqarolar yig‘inida aholi bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish, muammolarni oqibat bilan emas, sabab bilan hal etish masalalari muhokama qilindi.

— Videoselektor yig‘ilishida Prezident tomonidan belgilab berilgan vazifalar bizdan joylarda ish uslubini tubdan o‘zgartirishni talab etmoqda. Endi asosiy e’tibor jazoga emas, profilaktikaga, nazoratga emas, hamkorlikka qaratilmoqda. Har bir mahallada jinoyat kelib chiqish sabablarini aniqlab, ularni bartaraf etish — eng ustuvor vazifamiz, — dedi tuman prokurori Shohruz Salimov.

Uchrashuvda u O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 5 yanvardagi  qarorlari mazmun-mohiyatiga to‘xtalib, mazkur hujjatlar mahallada xavfsiz muhit yaratish, profilaktik ishlarni kuchaytirish va aholining huquqiy madaniyatini oshirishda dasturilamal bo‘lib xizmat qilayotganini ta’kidladi.

Alohida e’tibor yoshlar masalasiga qaratildi. Chunki jinoyatchilikka qarshi kurash faqat huquqiy choralar bilan emas, balki tarbiya, ta’lim va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash orqali samara beradi. Shu ma’noda, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni ta’lim va mehnatga yo‘naltirish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”ning asosiy g‘oyasi bilan uyg‘undir.

Bu borada “bir bolaga — yetti mahalla mas’ul” tamoyili amalda qo‘llanilishi muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Chunki har bir yosh taqdiri — butun jamiyatning kelajagi bilan bog‘liq.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqanlar jinoyatchilikka qarshi kurashish faqat nazorat va jazo choralari bilan cheklanmasdan, aholining faol ishtiroki, befarq bo‘lmasligi va jamoaviy mas’uliyati orqali samara berishi mumkinligini qayd etdilar. Mahallani joriy yilda jinoyatchilik va huquqbuzarliklardan xoli hududga aylantirish umumiy maqsad sifatida belgilandi.

Shuningdek, 2026 yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar bo‘yicha o‘zaro kelishuvlarga erishilib, profilaktika ishlarini yanada kuchaytirish, mahalla tizimida hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan aniq rejalar belgilab olindi.

Amaliy natijaga yo‘naltirilgan bunday uchrashuvlar videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalarning mahallada hayotga tatbiq etilayotganini ko‘rsatadi. Zero, davlat xavfsizligi avvalo mahalladagi tinchlik, mas’uliyat va hamjihatlik bilan mustahkamlanadi.

Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri