Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat xaridlaridagi korrupsiyaviy sxemalar oldini olish mumkinmi? (+video)
10:26 / 2025-10-23

Davlat xarajatlarini monitoring qilish va ular ustidan samarali jamoatchilik nazoratini ta’minlash – ochiqlik, hisobdorlik hamda halollik tamoyillarini amalda ta’minlashga xizmat qiladi.

Toshkent Aksilkorrupsiya forumi doirasida “Davlat xarajatlarini monitoring qilish va ular ustidan samarali jamoatchilik nazoratini ta’minlash” mavzusidagi maxsus sessiyada shu haqda fikr yuritildi. 

O‘zbekistonda bu boradagi mavjud huquqiy va institutsional mexanizmlarni tahlil qilish hamda ularni takomillashtirish, raqamli yechimlar va ochiq ma’lumotlar asosida davlat xaridlarini monitoring qilish usullari muhokama qilindi.

Davlat mablag‘laridan samarasiz foydalanish, hisobdorlikning yetishmasligi, davlat xaridlarida shaffoflikning to‘liq ta’minlanmaganligi kabi muammolar, ushbu jarayonlarda fuqarolik jamiyati va jurnalistlarning faol ishtirok etish imkoniyatini yaratish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.

[gallery-25871]

Transparency International Latvia tashkiloti va Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti  ekspertlari  tomonidan ilg‘or xorijiy tajriba, xalqaro standartlar hamda amaliy mexanizmlar haqida ma’lumot berildi. Jumladan, davlat xarajatlarini monitoring qilishda raqamli yechimlar va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali ehtimoliy korrupsiya holatlarini avtomatik aniqlash imkoniyati yaratilayotgani ta’kidlandi.

Davlat mablag‘larining sarflanishi ustidan samarali jamoatchilik nazoratini o‘rnatishda OAVning rolini kuchaytirish, davlat xarajatlari sohasida mustaqil tahlil va kuzatuv faoliyatini rag‘batlantirish bo‘yicha amaliy takliflar ilgari surildi.

Muhokamalar natijasida davlat mablag‘laridan foydalanishda ochiqlik va hisobdorlikni ta’minlash korrupsiyaning oldini olish, fuqarolarning davlat boshqaruviga bo‘lgan ishonchini oshirish hamda “hisobdor hukumat” tamoyilini amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi. 

– Davlat xaridlarida korrupsiyaviy sxemalarning oldini olish uchun nima qilish kerak? Buning uchun, albatta, moliyaviy bilimga ega bo‘lish zarur, - dedi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi Foziljon Otaxonov. – Davlat xizmatchilari, masalan, hokimlar transport vositasini sotib olgan bo‘lsa, bu faktni ochiqlash bilan chegaralanmasdan, surishtiruvni davom ettirish maqsadga muvofiq. Transportning  bozor bahosi qancha, uni tender orqali sotib olinganda, qanday narxda bo‘lishi mumkinligiga e’tibor qaratish lozim. Buning uchun huquqiy va moliyaviy bilim kerak. Soliq to‘lovchining mehnati bilan topilgan mablag‘lar sarflanishida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, bu borada tajriba oshirish, zarur bilimlarni chuqur o‘rganish zarur.  

Tadbir yakunida jamoatchilik nazorati mexanizmlarini yanada takomillashtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi.

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/eOz4A5swQjY?si=HYXHtoPaNh_c0wkF" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

N.Abduraimova,

A.Alijonov (suratlar),

N.Abduvoitov (video),

O‘zA muxbirlari