Bugun Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan matbuot anjumani O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 26 dekabrdagi “Davlat xaridlari tizimida raqobat muhiti va shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyatini keng tushuntirish va unda belgilangan ustuvor vazifalar tahliliga bag‘ishlandi.
Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Gulnora Rahimova, mazkur vazirlikning Davlat xaridlari siyosati departamenti direktori Sarvar Nazarov va boshqalar so‘zga chiqib, ushbu farmondan ko‘zlangan maqsad sohada raqobat va shaffoflikni ta’minlashdan iborat ekanini qayd etdi.
Mas’ullarning ma’lum qilishicha, vazirlik tomonidan davlat xaridlari elektron tizimi operatorlari, davlat buyurtmachilari, yirik davlat korxonalari, G‘aznachilik xizmati qo‘mitasining hududiy bo‘linmalari, vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida uchrashuvlar tashkil etilgan. Ular aynan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 26 dekabrdagi ushbu farmoni mazmun-mohiyatini keng tushuntirish, hujjat bilan belgilangan ustuvor vazifalar va amaliy mexanizmlarni batafsil sharhlashga bag‘ishlandi. Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur farmoni ochiq muloqotlar doirasida tadbirkorlar tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslar to‘liq inobatga olingan holda qabul qilingan.
[gallery-27309]
Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Gulnora Rahimovaнинг aytib o‘tishicha, Prezidentimiz farmoniga asosan davlat xaridlarini tubdan takomillashtirish, sohada ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, raqobatni rivojlantirish, raqamlashtirish, sun’iy intellektni joriy qilish kabi tadbirlar belgilangan.
–Ushbu hujjatda 7 ta yo‘nalish bo‘yicha asosiy ustuvor vazifalar ko‘rsatib o‘tilgan. Raqobatli xaridlar ulushini bosqichma-bosqich 80 foizga yetkazish belgilangan. Shu jihatdan aytish joizki, 2024 yilda raqobatli xaridlar ulushi 24 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yilga kelib 57 foizdan oshdi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri xaridlarni qisqartirib, mazkur hajmni 80 foizga yetkazish masalasi ham oldimizga vazifa sifatida qo‘yilgan. Shuningdek, davlat xaridlarida iqtisod qilingan mablag‘larni 25 trillion so‘mga yetkazish, tadbirkorlarning faolligini oshirish va mahalliy mahsulotlar ulushini sezilarli darajada ko‘paytirish masalalari ustuvor maqsadlardir.
Yana bir e’tiborli jihati shundaki, davlat xaridlari tizimida tejamkorlik va samaradorlikni oshirish, raqobat muhitini keng rivojlantirish, sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va qonuniylikni ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilgan, – dedi G.Rahimova.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi Davlat xaridlari siyosati departamenti direktori Sarvar Nazarov farmon doirasida davlat xaridlari amaliyotiga qator muhim yangiliklar joriy etilayotganini ta’kidladi. Unga ko‘ra, xaridlarda yangi raqobatli usul - “taklif so‘rovi” mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi. Davlat buyurtmachilarining xarid rejalari e’lon qilingach, ushbu ma’lumotlar mahalliy ishlab chiqaruvchilarga elektron xabarnoma orqali avtomatik tarzda yetkaziladi.
–Bundan tashqari, mahalliylashtirish darajasi 30 foizdan ortiq bo‘lgan mahalliy korxonalarga avans to‘lovlarini ularning mahalliylashtirish darajasidan kelib chiqib to‘lashga ruxsat etiladi, byudjet buyurtmachilari va mahalliy ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida mahalliy auksion savdolarini tashkil etish tartibi joriy qilinadi. Farmon bilan davlat buyurtmachilarining tovarlarni, ishlarni va xizmatlarni qabul qiluvchi shaxslarga beriladigan ishonchnomalarni davlat xaridlarining elektron tizimi orqali elektron shaklda rasmiylashtirish amaliyoti yo‘lga qo‘yilmoqda. Xarid hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish muddatlari ularning qiymati va murakkabligiga qarab qisqartiriladi, barcha xarid hujjatlari loyihalari esa jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilishi belgilangan. Shu bilan birga, xaridlarda o‘rtacha bozor narxlarini avtomatik hisoblovchi elektron modul ishga tushirilishi orqali narxlarning asossiz oshirilishining oldini olish va moliyaviy intizomni kuchaytirish ko‘zda tutilmoqda, – dedi S.Nazarov
Tadbir yakunida ushbu farmonning amaliy ijrosi, yangi mexanizmlarni joriy etish jarayonlari hamda tizimning samaradorligini oshirishga doir savollarga javob qaytarildi.
Nasiba Ziyodullayeva,
Oybek Pardayev (surat),O‘zA