Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat xaridlarida shaffoflik kuchaymoqda
18:47 / 2025-12-29

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 26 dekabrdagi "Davlat xaridlari tizimida raqobat muhiti va shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar" to‘g‘risidagi farmoni bilan davlat xaridlari tizimini tubdan isloh qilishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar boshlanmoqda. Ushbu islohotlar byudjet mablag‘laridan foydalanishda ochiqlikni keskin oshirish, adolatli raqobatni ta’minlash va samaradorlikni kuchaytirishga yo‘naltirilgan.

Qabul qilingan qarorlar «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi maqsadlari bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, davlat xarajatlarini boshqarishda intizomli, iqtisodiy jihatdan mas’uliyatli va natijaga yo‘naltirilgan yangi yondashuvga o‘tishni aks ettiradi.

2024 yilda O‘zbekistonda davlat xaridlarining umumiy hajmi 248,6 trln. so‘mni tashkil etgan. Shundan 133,4 trln. so‘m — raqobatli xaridlar, 115,2 trln. so‘m — to‘g‘ridan-to‘g‘ri xaridlar, shu jumladan 35 trln. so‘m — monopol xaridlar hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Narxlarni sun’iy oshirish holatlari 2023 yilda 369,9 mlrd. so‘m, 2024 yilda esa 370,6 mlrd. so‘mni tashkil etgan. Aynan shu holatlar davlat xaridlari tizimida institutsional va texnologik islohotlarni chuqurlashtirish zaruratini ko‘rsatgan.  

Farmonga muvofiq, 2030 yilga qadar raqobatli xaridlar ulushi 2025 yildagi 58 foizdan 80 foizga yetkaziladi. Byudjet mablag‘lari iqtisodi 14 trln. so‘mdan 25 trln so‘mga oshiriladi. Tadbirkorlarning davlat xaridlaridagi ishtiroki 35 foizdan 70 foizga yetkaziladi. Mahalliy mahsulotlar ulushi 68 foizdan 85 foizga ko‘tariladi. Xaridlar uchun mas’ul xodimlar qamrovi va ochiqlik darajasi 60 foizdan 98 foizga yetkaziladi.  

2026 yil 1 martdan boshlab davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portalida o‘rtacha bozor narxini sun’iy intellekt asosida hisoblab beruvchi elektron modul joriy etiladi. Agar xarid narxi o‘rtacha bozor narxidan 10 foizdan ortiq yuqori, yoki 20 foizdan ortiq past bo‘lsa, bunday xaridlar yuqori xavfli toifaga kiritilib, davlat nazorati organlari tomonidan birinchi darajada tekshiriladi.

2026 yil 1 yanvardan boshlab to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar orqali xarid qilinadigan 52 turdagi tovar, ish va xizmatlar ro‘yxati bekor qilinadi. Shundan 20 tasi qonunchilikka muvofiq tartibga solinadi, 9 ta pozitsiya butunlay chiqarib tashlanadi, 23 ta pozitsiya “taklif so‘rovi” orqali xarid qilinadigan turga o‘tkaziladi.  

Islohotlar doirasida mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirokini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda: mahalliy elektron auksionlar joriy etiladi; kooperatsiya portallari kengaytiriladi; mahalliylashtirish darajasi kamida 30 foiz etib belgilanadi; ayrim hollarda 15-30 kun ichida oldindan to‘lov, avans esa 30 foizgacha ruxsat etiladi.

Davlat xaridlarida: omborlarda tovarlarni saqlash muddati 3 oydan oshmasligi shart; har 2 yilda kamida bir marta forenzik audit o‘tkaziladi; audit natijalari 3 kun ichida “Davlat audit” axborot tizimiga kiritiladi. Shuningdek, davlat xaridlarida yagona xavflar tasnifi, KPI asosida baholash tizimi va har yili 10 fevralgacha hisobot berish tartibi joriy etiladi.

Qabul qilingan chora-tadbirlar davlat xaridlari sohasida ochiq, raqobatli va samarali tizimni shakllantirishga xizmat qiladi. Bu esa har bir byudjet so‘mining iqtisodiy o‘sishga, davlat xizmatlari sifatiga va aholi farovonligini oshirishga yo‘naltirilishini ta’minlaydi.

Mohigul Qosimova,

O‘zA