O‘tgan davrda davlat xaridlari jarayonlarida shaffoflik va adolat tamoyillariga rioya etilishi yuzasidan olib borilgan monitoring ishlari qator qonunbuzarlik holatlarini ochib berdi. Raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida turli hududlardagi buyurtmachi tashkilotlar tomonidan tender va savdolarda qonun talablariga zid harakatlar sodir etilgani aniqlandi.
Qoraqalpog‘istonda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ Qo‘ng‘irot sanatoriysi tomonidan o‘tkazilgan 654 million so‘mlik tender haqiqiy emas deb topildi va buyurtmachiga jarima qo‘llanildi.
Andijonda ftiziatriya sihatgohining 270 million so‘mlik 2 ta tenderida tartib buzilgani uchun mansabdor shaxs yuzasidan ma’lumot sudga yuborildi.
Buxoroda 440 million so‘mlik ovqat yetkazib berish tenderida ishtirokchilarga noxolis baho berilgani uchun ish qo‘zg‘atildi.
Navoiy viloyati, G‘ozg‘on shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan 41,2 million so‘mlik oziq-ovqat xaridida bitta ta’sischiga ega ikki korxona ishtirok etgani aniqlandi. Mazkur sub’ektlarga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi. Shuningdek, Navoiy shahar Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan 63 million so‘mlik jihozlar xaridida baholash shaffof bo‘lmagani uchun ish qo‘zg‘atilib, moliyaviy jarima qo‘llanildi.
Samarqandda 2,6 milliard so‘mlik 7 ta tenderda faqat 2 ta affillangan korxona ishtirok etgani sababli raqobat muhiti buzilib, har ikkalasiga sud orqali moliyaviy jarima tayinlandi.
Toshkent viloyatida “O‘zbekko‘mir” AJning 271 million so‘mlik tenderida ikki shirkat bir xil IP manzildan qatnashgani aniqlanib, ish qo‘zg‘atildi va jarima belgilandi.
Mazkur holatlardan ko‘rinib turibdiki, ayrim mansabdor shaxslar tender jarayonlarida shaffof raqobat muhitini ta’minlash o‘rniga noxolis baho berish, affillangan korxonalarni jalb qilish yoki yagona manbadan shartnoma tuzish kabi qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘ygan. Natijada milliardlab so‘mlik davlat mablag‘laridan samarasiz foydalanish xavfi yuzaga kelgan.
Shu munosabat bilan qonunbuzarlarga nisbatan moliyaviy jarimalar qo‘llanilib, majburiy ko‘rsatmalar berildi va ayrim holatlarda sud organlariga taqdim etildi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA