Davlat xaridlarida 28 mingdan ortiq qonunbuzilish aniqlandi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan davlat xaridlarida shaffoflik va adolatli raqobatni ta’minlash maqsadida 2025-yilda boshlang‘ich qiymati 18,8 trillion so‘m bo‘lgan 23 mingdan ortiq xarid jarayoni o‘rganildi.
Tahlillar natijasida 16 ming 135 ta savdo jarayonida jami 28 ming 304 ta raqobatga zid holat aniqlangan. Ular orasida savdolar tartibining buzilishi, ishtirokchilarni asossiz chetlashtirish, ayrim ishtirokchilarga imtiyozli sharoit yaratish va affillanganlik holatlari qayd etilgan.
Aniqlangan holatlar yuzasidan 11 ming 427 ta xarid bo‘yicha materiallar vakolatli organlarga yuborildi, 4 ming 708 ta holat bo‘yicha ishlar qo‘zg‘atilib, mansabdor shaxslarga nisbatan 714 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib sudlarga taqdim etildi.
Shuningdek, qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ygan korporativ buyurtmachilarga moliyaviy jarimalar qo‘llanib, kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA