Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat xaridlarida 11,2 mlrd. so‘mlik qonunbuzilish holatlari aniqlanib, tegishli choralar ko‘rildi
15:56 / 2025-12-04

Davlat xaridlari tizimida qonun ustuvorligi va adolatli raqobatni ta’minlash mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shaffoflikni kuchaytirish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik va tadbirkorlar uchun teng shart-sharoit yaratish maqsadida Raqobat qo‘mitasining hududiy organlari tomonidan xarid jarayonlari doimiy monitoring qilib borilmoqda.

Olib borilgan o‘rganishlar natijasida qator buyurtmachi tashkilotlar faoliyatida qonun talablariga zid holatlar, savdolarda raqobatni cheklashga olib keluvchi xatti-harakatlar qayd etildi. Umumiy qiymati 11,2 mlrd. so‘mdan ortiq bo‘lgan ushbu qonunbuzilish holatlari bo‘yicha qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘rildi va majburiy ko‘rsatmalar berildi.

Bu ishlar davlat mablag‘larining samarali sarflanishi, xarid jarayonlarida shaffoflikni ta’minlash va tadbirkorlik sub’ektlari uchun adolatli raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qilmoqda.

Monitoring davomida Buxoro shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan xarid jarayonida 500 mln. so‘mdan ortiq qonunbuzilish holati aniqlandi. Aniqlangan kamchiliklar raqobatni cheklash va takliflarning xolis baholanmasligi bilan bog‘liq.

Farg‘ona viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasiga oid 6 ta xarid bo‘yicha taxminan 8 mlrd. so‘mlik qonunbuzilish holatlari qayd etildi. Xususan, tender hujjatlarini to‘g‘ri tuzmaslik, ehtimoliy ishtirokchilarga teng imkoniyat bermaslik va savdo jarayonida noqonuniy cheklovlar joriy etish holatlari kuzatilgan.

Shuningdek, Jizzax viloyatining G‘allaorol tuman Agrotexnologiya texnikumida — 140 mln. so‘mga yaqin,  Paxtakor tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limida — 766 mln. so‘mlik,  Do‘stlik tuman obodonlashtirish boshqarmasi bo‘yicha — 17 mln. so‘mga yaqin buzilishlar aniqlandi.

Umumiy hisobda, viloyatda qonunbuzilishlar jami 900 mln. so‘mga yaqin summada qayd etildi.

Navoiy viloyatining Xatirchi tumani tibbiyot birlashmasiga tegishli 7 ta xaridda — 1,7 mlrd. so‘mdan ortiq, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya markazi Navoiy filialida — 100 mln. so‘mlik qonunbuzilishlar aniqlandi.

Aniqlangan holatlarda asosan, ishtirokchilar o‘rtasida raqobatning sun’iy cheklanishi va tender talablarining asossiz o‘zgartirilishi kuzatilgan.

Raqobat qo‘mitasining hududiy boshqarmalari tomonidan qonunbuzilish belgilari aniqlangan tashkilotlarga nisbatan qonunchilikka muvofiq ishlar qo‘zg‘atildi va tegishli ta’sir choralari qo‘llanildi. Shu bilan birga, kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusida ularning takrorlanmasligi uchun bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi.

Nigora Rahmonova, O‘zA