Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat xaridlari markaziy axborot portali yaratiladi
19:12 / 2021-01-28

Joriy yil 1 sentyabrga qadar davlat xaridlari bo‘yicha barcha ma’lumotlarni jamlovchi va tashqi axborot tizimlar bilan o‘zaro elektron hamkorlikni ta’minlovchi Davlat xaridlari markaziy axborot portali yaratiladi.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 26 yanvarda qabul qilingan “Davlat xaridlarini amalga oshirishda xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish jarayonlarini axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda yanada takomillashtirish choralari to‘g‘risida”gi qarorida belgilab qo‘yildi.

Qarorga ko‘ra, Davlat xaridlari markaziy axborot portalida davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari, davlat xaridlarining reja-jadvallari, davlat xaridlari to‘g‘risidagi e’lonlar, shuningdek, davlat xaridlari sohasiga oid bo‘lgan boshqa ma’lumotlar shakllantiriladi.

Xarid qilish tartib-taomillari ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi davlat organlariga o‘z funksiyalarini bajarishi uchun Davlat xaridlari markaziy axborot portalidan foydalanish imkoniyati yaratiladi.

Tegishli davlat organlarining mas’ul xodimlari o‘z funksiyalarini amalga oshirish uchun o‘zlarining soliq organlari tomonidan berilgan elektron raqamli imzolaridan foydalangan holda portalda kuzatuvchi sifatida ro‘yxatdan o‘tadi.

Mazkur portalda axborot joylashtirish ma’lum talablar asosida amalga oshiriladi.

Portalda davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari, davlat buyurtmachilari bilan tuzilgan shartnomalar reyestri, davlat xaridlari to‘g‘risidagi statistik ma’lumotlar, yagona yetkazib beruvchilar reyestri kabi tizimga taalluqli boshqa axborotlar taqdim etiladi.

Markaziy axborot portalida joylashtirilgan axborot jamoatchilik uchun e’lon qilinadi va belgilangan muddatga qadar saqlanadi. Ushbu funksional talablar buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunda belgilangan tartibda jazolanadi. Operatorlar axborot portalga o‘z vaqtida taqdim etilishi uchun javob beradi.

O‘zA