English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat xaridida raqobat muhiti kuchayadi, jarayonga tadbirkorlar ham jalb qilinadi
12:45 / 2024-09-21

Ikki bosqichli davlat xaridlari, kichik qiymatdagi xarid uchun soddalashtirilgan tartib, markazlashgan davlat xaridlari va hadli kelishuv kabi yangi mexanizmlar joriy qilinmoqda.

Bu Senat yalpi majlisida ko‘rib chiqilgan “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga davlat xaridlari tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonunda nazarda tutilgan.  

Davlat xaridlarida “barqarorlik” prinsipi joriy etiladi. Ya’ni, davlat buyurtmachilari qisqa, o‘rta va uzoq muddatli iqtisodiy, ekologik va ijtimoiy ta’sirlarni hisobga olgan holda barqaror davlat xaridlarini amalga oshirishi nazarda tutilmoqda.

Davlat buyurtmachisi, shu jumladan, byudjet buyurtmachisi, zaruratga ko‘ra, eng yaxshi takliflarni tanlash yoki tender natijalari bo‘yicha 1 yildan 4 yilgacha bo‘lgan muddatga hadli kelishuv tuzishi mumkin.

Qonun bilan tadbirkorlik sub’ektlariga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida elektron do‘kon hamda auksion savdolarida zaxira g‘olibi bo‘lishi mumkinligi, agar g‘olib tomonidan shartnoma tuzish rad etilgan hollarda ularga shartnoma tuzish taklifi berilishi ko‘zda tutilmoqda.

Davlat xaridlari sohasida shikoyatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiya faoliyatida manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik asoslari qonunda aniq ko‘rsatilmoqda.

Senatorlar ma’qullagan qonun davlat xaridlari tizimini takomillashtirish orqali ochiqlik va shaffoflik ta’minlanishiga xizmat qiladi. Sohada raqobat muhiti yanada kuchayadi.  

Davlat buyurtmachilari uchun qulay imkoniyatlar yaratiladi hamda davlat xaridlari jarayoniga tadbirkorlar keng jalb qilinadi.  

N.Abduraimova, O‘zA