Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat xaridida qonunga rioya etilmasa, natijasi bekor qilinadi
12:24 / 2023-05-26

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan davlat buyurtmachilarining maxsus axborot portallari orqali amalga oshirayotgan davlat xaridlari muntazam o‘rganib borilmoqda. Yo‘l qo‘yilayotgan qonunbuzilish holatlari yuzasidan tegishli choralar ko‘rilmoqda.

Agentlik axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, Buxoro viloyati Shofirkon tumani sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi buyurtmachiligida o‘tkazilgan 591 million so‘mlik davlat xaridida sohaga oid qonunchilik talablariga amal qilinmagani aniqlandi.  

Aniqroq aytganda, mazkur davlat xaridini amalga oshirishda  “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunning 10-moddasi (raqobat va xolislik prinsipi), 14-moddasi (manfaatlar to‘qnashuvi), 46-moddasi (davlat xaridlari jarayonidagi cheklovlar) talablari buzilgan va boshqa qonunbuzilish holatlariga ham yo‘l qo‘yilgan.  

Ushbu xaridda ishtirok etgan ikki nafar tadbirkorning hujjatlari xarid komissiyasining kotibi foydalangan kompyuterning IP-manzili orqali elektron platformaga yuklangan.  

Agentlik tomonidan mazkur holatlar bo‘yicha xarid komissiyasining bayonnomasini bekor qilish to‘g‘risida buyurtmachiga taqdimnoma kiritilgan. Holat bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkazish uchun Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatiga so‘rovnoma kiritilgan.  

Taqdimnomasiga binoan xarid komissiyasining bayonnomasi bekor qilindi. 

Agentlik Xorazmdagi maktablardan birida noqonuniy ravishda tender o‘tkazilgani haqidagi xabarni ham o‘rgangan.  

Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Qo‘shko‘pir tumani ixtisoslashtirilgan maktabi buyurtmachiligida “etender.uzex.uz” maxsus axborot portaliga “Ma’naviyat targ‘ibot stendlari sotib olish va o‘rnatish” yuzasidan 94,8 million so‘mlik tanlash o‘tkazilishi haqida e’lon joylashtirilgan.  

Muassasa xarid komissiyasining g‘olibni aniqlash bayonnomasi bilan «R.I» mas’uliyati cheklangan jamiyati tanlash g‘olibi, «M.Y.F» mas’uliyati cheklangan jamiyati esa zaxiradagi g‘olib, deb topilgan.  

O‘rganish davomida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan hamda zaxiradagi g‘olib, deb topilgan jamiyatlarning ta’sischi va rahbarlari o‘zaro affillangan shaxslar bo‘lsa-da, ular xarid komissiyasi tomonidan xarid qilish jarayonidan chetlatilmagan. Oqibatda “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunning 42-moddasi talablari qo‘pol ravishda buzilgan.  

Shu va boshqa qonunbuzilishi holatlari yuzasidan Prezident ta’lim muassasalari agentligi hamda buyurtmachiga taqdimnoma kiritilgan. Bundan tashqari, qonunbuzilish holatlariga huquqiy baho berish uchun to‘plangan hujjatlar Davlat moliyaviy nazorat inspeksiyasiga yuborilgan.  

 

N.Abduraimova,  

O‘zA