English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat vakillik organlari faoliyatida xalq hokimiyatchiligi shakllarining mustahkamlanishi
16:29 / 2025-05-30

XIX asrning eng buyuk allomasi, angliyalik Djon Styuart Millning ta’biri bilan aytganimizda, «Vakillik hokimiyati samarali davlat boshqaruvi va siyosiy erkinlikni uyg‘unlashtirish imkoniyati beradigan yagona shaklidir».

Shu nuqtai nazaridan, ayniqsa, oxirgi yetti-sakkiz yil davomida mamlakatimizda vakillik hokimiyati tizimini mustahkam va mustaqil hokimiyat tarmog‘iga aylantirish, uning imkoniyatlari orqali O‘zbekistonda demokratiya, huquqiy va ijtimoiy davlatning barcha andozalarini hayotga tatbiq etish nafaqat parlament, balki mahalliy xalq deputatlari Kengashlarini chinakam xalq vakillariga, xalq irodasini to‘la ifoda etayotgan davlat tuzilmasiga aylantirishga juda katta e’tibor qaratilmoqda.

Bunda zamonaviy parlamentarizm nazariyasida haliham o‘zining yakuniy yechimini topmagan qarashga, ya’ni “kuchli” parlament yoki “zaif” parlamentning afzalliklari kimda ko‘proq degan konsepsiyaga haddan tashqari tayanmasdan, mazkur konsepsiyani yanada rivojlantirishga xizmat qilishi mumkin bo‘lgan, yurtboshimizning tashabbuslari asosida “optimal va samarali” parlamentni shakllantirishga ko‘proq urg‘u berilmoqda. 

2017 yildan boshlangan va 2023 yilda uning ilk bosqichda yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz yakun solgan konstitutsiyaviy islohot natijasida aynan optimal va samarali parlamentni shakllantirish bosh maqsad qilib qo‘yilgan edi.

Buni nimada ko‘rishimiz mumkin?

Birinchidan, parlament a’zolarning sonini qisqartirilishi va ayrim vakolatlarini maqbullashtirilishi, Senatning ayrim funksiyalarini olib tashlanishi va nazorat salohiyatini kuchaytirilishi, parlament tuzilmasini, ayniqsa, Oliy Majlis qo‘yi palatasi – Qonunchilik palatasining rahbariy organlarini ixchamlanishi, parlament qo‘mitalarning funksional yo‘nalishlarini mamlakat iqtisodiyotining ustuvor sohalariga va jamiyatning eng dolzarb ijtimoiy masalalariga yo‘naltirilishi aynan optimal va samarali parlamentni shakllantirilishiga, ya’ni buyuk bobo kalonimiz Abu nasr Al Farobiy aytganidek: “Davlat organizmga o‘xshaydi: har bir uning organi bamaslahat, umumiy farovonlik sari harakatlanishi kerak” degan qoidaga rioya qilgan holda faoliyat yuritilishiga alohida ahamiyat berilmoqda.

Ikkinchidan, mahalliy vakillik organlari – xalq deputatlari Kengashlari ham optimal va samarali tizim sifatida shakllantirilmoqda va buni mahalliy davlat hokimiyatining konstitutsiyaviy-huquqiy, institutsional va tashkiliy-amaliy qiyofasining tubdan o‘zgarganligida ko‘rishimiz mumkin.

Mahalliy davlat hokimiyatini demokratiyaning tayanch tamal toshi bo‘lgan hokimiyatlar bo‘linishi prinsipiga muvofiqlashtirish maqsadida hokimlar vakolatidan xalq deputatlari Kengashiga raislik qilish normasini bekor qilinishi; Kengashlarning yetarli tashkiliy-amaliy jihatidan ta’minlash maqsadida professional tuzilmani – Kengash kotibiyatini joriy qilinishi va uni doimiy faoliyat yuritadigan xodimlar bilan shakllantirilishi mazkur islohotlarning ilk qadami hisoblanadi.

Davlat vakillik hokimiyati organlarini optimallashtirish va samarali tizimga aylantirish milliy konsepsiyamizda parlament va xalq deputatlari Kengashlari faoliyatida xalq hokimiyatchiligi asoslarini yanada kuchaytirish alohida o‘rin tutadi. Buning uchun yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz va qonunlar, bizning buyuk 4 ming yillik davlatchilik tariximizdagi merosga tayangan holda kuchli huquqiy asoslarni yaratgan, desa mubolag‘a bo‘lmaydi.

Birinchi asosga buyuk ajdodimiz Alisher Navoiyning qo‘yidagi fikrlari tamal toshini qo‘ygan desak bo‘ladi: “O‘z xalqini eshitmaydigan hukmdor jilovsiz chavandozga o‘xshaydi”. Mana shu buyuk donolikka rioya qilgan holda:

– xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir, O‘zbekiston Respublikasida davlat hokimiyati, ya’ni vakillik hokimiyati ham, eng avvalambor, xalq manfaatlarini ko‘zlab amalga oshiriladi; 

– jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalari xalq muhokamasiga taqdim etiladi, umumxalq ovoziga – referendumga qo‘yiladi; 

– O‘zbekiston Respublikasida demokratiya, ya’ni vakillik hokimiyatini o‘z ichiga olgan davlat boshqaruvining demokratik shakli umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi;

– va nihoyat, davlat, demak davlat vakillik hokimiyati ham o‘z faoliyatini inson farovonligini va jamiyatning barqaror rivojlanishini ta’minlash maqsadida qonuniylik, ijtimoiy adolat va birdamlik prinsiplari asosida amalga oshiradi degan konstitutsiyaviy prinsiplar va qoidalar O‘zbekistonda davlat hokimiyati, shu jumladan, vakillik organlarning faoliyatida xalq hokimiyatchiligining eng oliy o‘zagini tashkil etadi, desak xato qilmaymiz.

Ikkinchi asosga buyuk sarkarda va hukmdor Amir Temurning qo‘yidagi fikrlari mezon sifatida tanlab olganmiz desak to‘g‘ri bo‘ladi: 

“Xalq, uning eng dono vakillari bilan maslahat qilmaydigan davlat fundamentsiz o‘yga aylanadi”.

Mana shu dono fikrga tayanib:

– O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda, ya’ni vakillik hokimiyati faoliyatida ham bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etishi; bunday ishtirok etish: o‘zini o‘zi boshqarish, referendumlar o‘tkazish va davlat organlarini demokratik tarzda shakllantirish, shuningdek, davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, kasaba uyushmalariga, siyosiy partiyalarga va boshqa jamoat birlashmalariga uyushish, ommaviy harakatlarda ishtirok etish; bevosita o‘zi va boshqalar bilan birgalikda davlat organlariga hamda tashkilotlariga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga, mansabdor shaxslarga yoki xalq vakillariga arizalar, takliflar va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqlari orqali amalga oshirilishi mumkinligi konstitutsiya darajasida mustahkamlab qo‘yildi.

Bundan tashqari:

– konstitutsiyamizga kiritilgan yarmidan ko‘proq yangiliklar insonlarning huquq va erkinliklarini himoya qilish mexanizmini, shu jumladan, parlamentning qonunchilik faoliyati orqali yanada kuchaytirishga qaratilganligi, fuqarolarga qonunchilik takliflarini bildirish huquqini konstitutsiyada mustahkamlab qo‘yilganligi;

– Prezidentimizning tashabbusi bilan “davlat, shu jumladan, vakillik hokimiyati – jamiyat va inson” prinsipi o‘rniga “inson-jamiyat-davlat” paradigmasiga o‘tayotganligimiz, endi xalq hokimiyatga emas, balki hokimiyat xalqqa xizmat qilishi lozim degan postulat davlat hokimiyati faoliyatining mazmun falsafasini tashkil etilishining e’lon qilinishi davlat hokimiyati, shu jumladan, vakillik hokimiyati organlarida to‘g‘ridan to‘g‘ri xalq demokratiyasi asoslari yanada kuchayayotganligidan dalolat beradi.

Albatta, biz tushunamizki, davlat vakillik hokimiyati faoliyatida xalq hokimiyatchiligi asoslarini kuchaytirish – bu uzoq muddatli va mashaqqatli sa’y-harakatlarni, kuchli va orqaga qaytmaslik jihatiga ega bo‘lgan xalqimizning siyosiy irodasiga bog‘liqdir. Shu bilan birga, bu yo‘limizda xato va kamchiliklarni, eng muhimi, davlat hokimiyatini barqaror va kelishilgan holda faoliyat yuritishiga to‘sqinlik va xavf-xatar tug‘dirishi mumkin bo‘lgan holatlarga tushmasligimiz uchun demokratiya yo‘lida ijobiy natijalarga erishgan davlatlarning tajribalari, parlamentarizm sohasidagi umume’tirof etilgan xalqaro huquq normalari bizlar uchun alohida ahamiyatga ega. Bugungi konferensiyamizda, so‘zsiz, bu borada ko‘plab taklif va tavsiflar, shu jumladan, bizning hurmatli xorij ekspertlari va siyosatchilari tomonidan bildirilishini inobatga olib, men ham ayrim fikrlarim bilan o‘rtoqlashmoqchi edim.

Bugungi kunda O‘zbekistonda vakillik hokimiyati bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ikkita muhim hujjat: “O‘zbekistonda qonun ijodkorligini yanada takomillashtirish konsepsiyasi” va “O‘zbekistonda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030 yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasi” ishlab chiqilayotganligini inobatga olib:

Birinchidan, fuqarolarning, fuqarolik jamiyati institutlari va ilmiy-ekspertlik hamjamiyati vakillarining qonun ijodkorligi va, umuman, norma ijodkorligi faoliyatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etishning mexanizmini  batafsil tartibga solish, unda vakillik hokimiyati huzurida fuqarolik maslahat kengashlari, ekspert guruhlarini tuzish, brifing, ommaviy eshituvlar va muhokamalarni tashkil etish, siyosiy partiyalarning imkoniyatlardan foydalangan holda qonun loyihalarini partiyaviy ekspertiza va partiyaviy muhokamalardan o‘tkazish, zamonaviy axborot texnologiyalari, shu jumladan, sun’iy intellekt yordamida fuqarolar uchun parlament va Kengashlarning faoliyatida faol ishtirok etish imkonini beradigan elektron platformalarni joriy qilish taklif etiladi. Bunday amaliyot AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, boshqa harbiy Yevropa mamlakatlarning tajribasiga, BMT, OBSE va Venetsiya komissiyasining vakillik hokimiyati faoliyatiga oid xalqaro hujjatlariga to‘la mos keladi.

Ikkinchidan, parlament va mahalliy vakillik organlari mamlakat va hududlar doirasida qabul qilinayotgan strategik hujjatlarni shakllantirishda, muhokama qilish va tasdiqlashda, eng muhimi, ularni hayotga samarali tatbiq etishi ustidan monitoring va nazoratni amalga oshirilishida o‘zining rolini, shu jumladan, keng jamoatchilikning ko‘magi asosida kuchaytirilishi lozim. Mazkur vazifani, shu jumladan:

– mamlakat va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini, yakuniy maqsadlarini va amalga oshirishning mexanizmini aniq belgilanishini ta’minlash, bajarilishining sifatini aniq va tushunarli ko‘rsatkichlar va indikatorlar asosida parlament eshituvlarida va Kengashlarning alohida sessiyalarida siyosiy-huquqiy baholash;

– monitoring va nazorat tadbirlarini, shu jumladan, rivojlangan mamlakatlarda keng qo‘llanilayotgan jamoatchilik nazoratining shakllari, masalan, xalq inspeksiyasi va monitoring guruhlari yordamida amalga oshirishni yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiq.

Uchinchidan, hozirgi kunda viloyat miqyosida vakillik va ijro etuvchi hokimiyat organlari, ya’ni xalq deputatlari Kengashi va hokim o‘rtasidagi munosabatlarning eng maqbul tashkiliy-huquqiy modelini shakllantirish, xalq deputatlari Kengashlarning barcha vakolatlarini amalga oshirishning aniq va tushunarli qonunchilik mexanizmini ishlab chiqish eng dolzarb masalalardan biri hisoblanadi.

Mazkur masalalarga yechim topishga hal etishda rivojlangan demokratik mamlakatlarning tajribasini va parlamentarizm sohasidagi xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari va normalarini chuqur va har tomonlama o‘rganish, ilmiy-ekspertlik hamjamiyati tomonidan olib boriladigan fundamental tadqiqotlar juda katta yordam berishi mumkin. 

Olimjon  OQILOV,

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi

akademiyasining professori, yuridik fanlari doktori, professor.

O‘zA