Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat va xususiy tibbiyot muassasalari o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi
18:30 / 2025-04-18

Jizzax viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Mustafoyev Jizzax shahridagi “Karina Kayu” xususiy klinikasida viloyatda faoliyat yuritayotgan xususiy tibbiyot muassasalari rahbar va mas’ullari bilan uchrashdi.

Ushbu uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad xususiy tibbiyot sohasini yanada rivojlantirish, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish va davlat hamda xususiy tibbiyot muassasalari o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdir.

Bugungi kunda viloyatda 170 dan ortiq xususiy tibbiyot muassasalari mavjud va shulardan 40 tasi statsionar, 134 tasi ambulator sharoitda aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

Mazkur tibbiyot muassasalarida 1700 ga yaqin shifo o‘rinlari tashkil qilingan bo‘lib, ularda 531 nafar vrach hamda 597 nafar o‘rta tibbiyot xodimi faoliyat olib bormoqda.

Xususiy tibbiyot muassasalari zamonaviy tibbiy diagnostik asbob-uskunalari bilan jihozlangan va aholining 30-35 foiziga yuqori texnologiyali tibbiy xizmat ko‘rsatib kelinayotganini ham ta’kidlab o‘tish joiz.

Viloyat rahbari tibbiyot xodimlari bilan bo‘lgan muloqot chog‘ida xususiy klinikalarning aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishdagi hissasini yuqori baholar ekan, ularning tajribasini davlat tibbiyot muassasalarida ham joriy etish zarurligini ta’kidladi. Shu bilan birga, xususiy tibbiyot muassasalarini qo‘llab-quvvatlash, faoliyatini yanada rivojlantirish uchun zarur yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirdi.

Tadbir davomida “Karina Kayu” xususiy klinikasida yaratilgan zamonaviy sharoitlar ham o‘rganilib, klinkaning texnik jihozlanishi, tibbiy xizmat ko‘rsatish darajasi va ish uslubi yuqori baholandi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari