Mamlakatimizda yoshlarning sun’iy intellekt texnologiyalariga qiziqishini oshirish va startap ekotizimini rivojlantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 22 oktyabrda qabul qilingan “Sun’iy intellekt texnologiyalarini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni mamlakatda shu sohasini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda.

Mazkur hujjatda AI yo‘nalishida ilmiy-tadqiqotlarni kengaytirish, raqamli iqtisodiyot uchun salohiyatli kadrlar tayyorlash, yoshlar tashabbuslarini moliyalashtirish hamda davlat organlari faoliyatiga sun’iy intellekt yechimlarini joriy etish kabi ustuvor vazifalar belgilab berilgan.
Farmon ijrosi doirasida Toshkentda Markaziy Bank tomonidan IT Park, Aloqa Bank va Raqamli texnologiyalar vazirligi hamkorligida “GOV Challenge: AI Connect” tanlovi o‘tkazildi. Tanlovning asosiy maqsadi amaliy qiymati yuqori bo‘lgan AI loyihalarni aniqlash, ularni ekspertlar bilan bog‘lash va istiqbolli startaplarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat bo‘ldi.

Ishtirokchilar davlat xizmatlarini yaxshilash, raqamli bank xizmatlarini tezlashtirish, mijozlar uchun qulaylik yaratish, xavfsizlik va risklarni boshqarish bo‘yicha o‘z innovatsion yechimlarini taqdim etdi. Tanlov startaplar, texnologik jamoalar va IT mutaxassislari uchun samarali muloqot va hamkorlik maydoniga aylandi.
Shuningdek, tadbir davlat muassasalari, biznes va IT sohasi o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash hamda sun’iy intellektni amaliy jarayonlarga joriy etish bo‘yicha istiqbolli yo‘nalishlarni belgilashga xizmat qildi. Bu esa raqamli transformatsiya jarayonlarini yanada jadallashtiradi.

Tadbir doirasida Markaziy Bank va O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi o‘rtasida “Startap ekotizimini qo‘shma ravishda rivojlantirish va o‘zaro tadbirlarni tashkil etish” bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi.
Tanlov natijalari bank sohasi ekspertlari, IT Park vakillari va texnologlar tomonidan baholandi. Eng yaxshi loyihalar moliyaviy hamda institutsional qo‘llab-quvvatlash imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Marhabo HOJIAKBAROVA, O‘zA muxbiri