Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat va jamiyat boshqaruvida ayollarning o‘rni hamda mavqei yanada mustahkamlanadi
13:00 / 2020-12-31

Mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, munosib mehnat va turmush sharoiti yaratish, salohiyatini ro‘yobga chiqarish, kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish, qonun ustuvorligini ta’minlash va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.

Ajdodlarimizning donishmandlik an’analariga amal qilib, izchil islohotlar amalga oshirilmoqda, mamlakatimizning yangi qiyofasini shakllantirish yo‘lidan bormoqdamiz. Buyuk ajdodlarimiz Abu Nasr Forobiy, Amir Temur, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Abdulla Avloniy, Abdurauf Fitrat asarlarida xotin-qizlarga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, Alisher Navoiy ayollarni ulug‘lashga, ularning mavqeini mustahkamlashga bag‘ishlangan asarlarida «Yer yuzida o‘zining aql-zakovati, mard va donoligi, go‘zal husni, andisha va sabr-toqati, mehr va sadoqati bilan dunyoga dong taratgan ayollar juda ko‘p”, deb alohida ta’kidlaydi.

Kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis palatalariga  yo‘llagan navbatdagi Murojaatnomasida O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalish va vazifalar belgilab olindi.

Davlat rahbari davlat va jamiyat boshqaruvida ayollarning o‘rni va mavqeini yanada mustahkamlash – islohotlarimizning eng ustuvor yo‘nalishlaridan birigi ekanligini ta’kidladi. Shuningdek, kasaba uyushmalari federatsiyasi boshchiligida mutasaddi idoralar, banklar va hokimliklar joylarda uyma-uy yurib, 6 milliondan ortiq xotin-qizlarning muammolarini puxta o‘rganilganligi bildirildi.

Hozirgi kunda xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi rolini oshirish bo‘yicha olib borilgan islohotlar natijasida parlamentning yangi tarkibi 30 foiz ayollardan iboratligini ham ko‘rishimiz mumkin.

Prezidentimiz o‘z Murojaatnomasida ayollarning o‘rni va mavqeini yanada oshirishga e’tibor qaratish kerakligi yuzasidan bir qancha takliflarni ilgari surdi. Faol va tashabbuskor opa-singillarimizdan iborat Respublika Xotin-qizlar jamoatchilik kengashini tashkil etilishi, ayollarning biznes-loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, Oliy Majlis palatalari va hukumat tomonidan xotin-qizlarning jamiyatdagi va davlat boshqaruvidagi mavqeini yanada oshirishga qaratilgan yaxlit tizim yaratish bo‘yicha taklif ishlab chiqilishi shular jumlasidandir.

Mamlakatimiz xotin-qizlarining innovatsion g‘oyalari, ta’lim va iqtisodiyotning turli tarmoqlarida mehnat qilayotgan xotin-qizlarning amalga oshirayotgan loyihalari samaradorligini oshirishda davlatning o‘rni va e’tibori juda katta ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekiston ayollari davlat va jamiyat hayotida faol ishtirok etmoqda, ularning oiladagi mavqei mustahkamlanmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan ijtimoiy yo‘naltirilgan siyosat xotin-qizlarimizga chinakam baxtli yashashi uchun, ularning huquq hamda erkinliklarni ta’minlash, intellektual va ma’naviy yuksalishi, kasbiy hamda oilaviy majburiyatlarni hamohang tarzda bajarishi uchun zarur imkoniyatlar yaratmoqda.

Dilfuza Abdullayeva,

Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali xususiy-huquqiy fanlar kafedrasi mudiri

 

O‘zA