English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi aloqalar yanada mustahkamlanmoqda
10:46 / 2025-06-19

Navoiy shahridagi Yoshlar markazida viloyatda faoliyat olib borayotgan nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Kengashi raisi Kamoliddin Ishanxodjayev hamda O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi boshqaruvi raisi Samandar Halilov so‘zga chiqdi. Unda yurtimizda NNTlar faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy hayotdagi rolini yanada kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, Prezidentimizning 2024 yil 26 avgustdagi “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyati haqida to‘xtalib o‘tdi.

O‘tgan yillar davomida Navoiy viloyatida faoliyat olib borayotgan NNTlar tomonidan 186 ta grant loyihalari asosida 1000 dan ortiq turli xayriya va ijtimoiy tadbirlar o‘tkazildi, 674 nafar fuqarolarning bandligi ta’minlandi. Viloyatning olis cho‘l hududlarida joylashgan 6 ta tarixiy qadamjolarga tashrif buyuruvchilar uchun zarur shart-sharoitlar yaratilib, 11 ta mahallaga zamonaviy kutubxona, 12 ta mahalla, 6 ta sport federatsiyasi va klublariga sport jihozlari olib berildi. Shuningdek, 4 ta qabriston obod qilinib, suv tanqis bo‘lgan 14 ta mahallada yer osti quduqlari qazilib, aholiga ichimlik suv yetkazib berish holati yaxshilandi.

– Uchrashuvda ijtimoiy sheriklik mexanizmlarini rivojlantirish, davlat organlari bilan yaqin hamkorlikda ishlash, aholi ehtiyojlarini aniqlash hamda muammolarni joyida hal etishda NNTlarning ishtirokini kengaytirish zarurligi alohida ta’kidlandi, – deydi “Fidoiy yoshlar teleklubi” nodavlat notijorat tashkiloti rahbari G‘ulom Sultonov. – Uchrashuv qizg‘in savol-javoblarga boy tarzda o‘tdi. Unda faqat nazariy masalalarni muhokama qilish bilan cheklanib qolinmadi. Hududlarda dolzarb bo‘lib turgan ekologik muammolar, yoshlarni sog‘lom turmush tarziga jalb qilish, davlat ijtimoiy buyurtmalarining bajarilishi kabi amaliy yo‘nalishlardagi muammolar va takliflar ochiq muhokama qilindi. NNTlar rahbarlari o‘z faoliyatida duch kelayotgan byurokratik to‘siqlar, moliyaviy manbalarni izlash, davlat tashkilotlari bilan hamkorlik kabi masalalar bo‘yicha o‘z munosabatlarini bildirdi. 

Tadbir davomida ta’kidlanganidek, bu kabi uchrashuvlar kelgusida ham tizimli tarzda davom etib, davlat va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Uchrashuvdan so‘ng assotsiatsiya vakillari Karmana tumanidagi Varq mahallasida ichimlik suvini yetkazib berish tizimi yo‘qligi va Sangburtepa tarixiy obidasini qayta tiklash yuzasidan o‘rganish ishlarini olib bordi. Yakunda ushbu muammolarni assotsiatsiya qoshidagi Fond ko‘magida moliyalashtirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri