English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat tuzilmalaridagi qisqartirishlar O‘zbekistonning rivojiga nima beradi? (+video)
21:25 / 2023-01-07

O‘zbekiston Milliy axborot agentligining @uza_uz telegram kanalida Adliya vazirligi mutasaddi xodimlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan ovozli chat davomida savollarga «Adolat» milliy huquqiy axborot Markazi bo‘lim boshlig‘i Muzaffar Ahmedov hamda Toshkent davlat yuridik universitet o‘qituvchisi Karima Rajabovalar javob berishdi.

— Aslida vazirliklar, qo‘mitalar, agentliklarni tashkil etish qanday amalga oshiriladi? Bunday tanlovlarda xalq ishtirok etmaydi. Ularni tanlash jarayoni qanday bo‘ladi?

— Bunday jarayonlarda xalq to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etmaydi. Vazirliklar bevosita prezident qarorlari, farmonlari asosida tashkil etiladi. Vazirliklarning tashkiliy tuzilmasi, shtatlar birligi, asosiy vazifa hamda funksiyalari prezident yoki vazirlar mahkamasi qarori hamda farmonlarida belgilanadi.

Hozirgi kunda ma’muriy islohotlarning oldingi davrlardan farqi shundaki, vazirlarning siyosiy maqomi, vakolati, yanayam yuqorilashdi. Ularga o‘zining shtatlari doirasida hududiy birliklari, ya’ni tumanlararo tuzilmalarini tashkil etish vakolati berildi. Oddiyroq aytadigan bo‘lsak, o‘ziga berilgan vazifalarni bajarish tartibini vazirlar o‘zi belgilaydi, muhimi,  berilgan vazifalar to‘liq bajarilsa bo‘ldi. Mexanizmni qanday ishlatish, yo‘lga qo‘yish vakolati vazirlarning o‘ziga berildi. Bu vakolat bilan birga juda katta mas’uliyat ham qo‘yildi. Oldin barcha davlat boshqaruv organlarining 5 mingga yaqin funksiyasi bor edi. Tahlillar ushbu funksiyalarning 500 ga yaqini bir nechta tashkilotlarning bir-birini takrorlovchi funksiyalar ekanligi aniqlandi.

Demak, bir-biriga mos kelmaydigan holatlarni bartaraf qilish uchun 5 mingta funksiyaning 500 tasi aniqlashtirilib, tugatilib, qaysi vazifa qaysi idoraga tegishliligi aniq belgilandi.

— Avvalgi Yoshlar ishlari agentligi hozir Yoshlar siyosati va sport vazirligiga aylandi. Har bir mahallalarda yoshlar yetakchilari tayinlangan. Yoshlar agentligining vakillari edi bular. Endilikda ularni ishlash tartibi qanday bo‘ladi? Ular qaysi vazirlik oldida hisobdor?

— Yoshlar ishlari agentligining faqatgina bo‘ysunuv tartibi o‘zgardi, xolos. Ya’ni tugatilmadi, qayta tashkil etilmadi. Shu nuqtai nazardan ularning vakillari bo‘lgan yetakchilarning hisobdorlik masalasi qayta ko‘rib chiqiladi. Oldin faqat yoshlar ishlari agentligiga hisobot berib kelgan bo‘lsa, endi yoshlar siyosati va sport vazirligiga ham alohida hisobotlar berib borish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bu bilan faqatgina ularni tashkiliy, huquqiy jihatdan maqomida o‘zgarish bo‘lyapti, xolos. Hech qanday shtatlar o‘zgarishiga yoki ishdan bo‘shatilishiga asos bo‘lmaydi.

— Qisqartirishlar hamda shtatlar o‘zgarishi kabi jarayonlar joy-joyiga tushishi uchun qancha vaqt ketadi?

— Islohotlar bir kunlik yoki bir oylik jarayon emas. Bir necha yillar davomida olib boriladi. Prezidentimizning 269-sonli farmonida islohotlar ikkiga, ya’ni Respublika va mahalliy darajada olib boriladigan islohotlarga bo‘lingan. Islohotlarni ikki bosqichga bo‘lish faqatgina shtatlarni aniqlashtirish hisoblanadi. Bu ma’muriy islohotlar to‘xtashiga olib kelmaydi. Misol uchun, bu holat sentyabr oyida ham davom etishi mumkin. Ya’ni bu qanday bo‘ladi? Sentyabr oyida vazifa hamda funksiyalar yanada oydinlashtirilib, ma’lum bir vazirliklar qo‘shib yuborilish yoki qayta ko‘rib chiqish holatlari bo‘lishi mumkin. Bu jarayon hali to‘xtab qolmaydi.

— Vazirliklar va boshqa tashkilotlarni qisqartirilishiga sabab nimada deb o‘ylaysiz?

— Asosiy sababi, davlat boshqaruvini yanada takomillashtirishdan iborat. Tashkilotlarni o‘zining vazifa va funksiyalarini bajarishi uchun lozim bo‘ladigan malakali xodimlarni ishga olgan holda kichkinagina jamoa bilan ham vazirlik yoki idora oldiga qo‘yilgan maqsad va vazifalarga erishish uchun muhim.  

Chunki hukumat qanchalik ma’muriy islohotlar natijasida o‘zining funksiyalarini bajaradigan darajada professional bo‘lsa, davlat hamda jamiyat rivojlanishiga ko‘proq yordam beradi. Bu islohotlarning iqtisodiy jihatlariga ham to‘xtalib o‘tishimiz shart. Davlat boshqaruvi uchun sarflanadigan mablag‘larning tejalishi natijasida mablag‘lar ko‘proq ijtimoiy sohalarni rivojlantirishga sarflanadi.

Misol uchun, ta’limga pul yo‘naltirilishi natijasida 2023 yilda qo‘shimcha 1 million 200 ming nafar o‘quvchi o‘rni yaratilishi nazarda tutilyapti. Bunda 70 ta yangi maktab qurilishi, 460 ta maktablar rekonstruksiya qilinishi belgilandi. Tibbiyot sohasida 520 dan ortiq poliklinikalar tashkil etilishi, ilm-fanni rivojlantirish, innovatsiya sohasiga 5,8 trillion qo‘shimcha mablag‘ ajratilishi ham davlat boshqaruvi yanada samarali bo‘lishini ko‘rsatadi.

<iframe width="1536" height="754" src="https://www.youtube.com/embed/70ubnOVSiI4" title="Davlat tuzilmalaridagi qisqartirishlar O‘zbekiston rivojlanishiga nima beradi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Nigora Rahmonova, Nishonboy Abduvoitov (video),  O‘zA