Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat tilining nufuzini oshirishga barchamiz mas’ulmiz
15:40 / 2025-10-24

Boy tarix va yuksak ma’naviy xazinaga ega bo‘lgan o‘zbek millati bugungi kunda yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qo‘ydi. “Yangi O‘zbekiston” g‘oyasi xalqimizning ona tiliga bo‘lgan muhabbatini, milliy g‘ururini va ma’naviy birligini yanada mustahkamlamoqda.

Yurtimiz barcha sohalarda izchil rivojlanib, xalqaro maydonda munosib o‘rinni egallab bormoqda. Shu bilan birga, o‘zbek tilining nufuzi va qo‘llanish doirasi ham tobora kengaymoqda.

Inson hayotida ona tilining o‘rni beqiyos. U millatning ruhi, o‘zligi va iftixoridir.  Prezidentimizning joriy yil 20 oktyabrda qabul qilingan  “Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori o‘zbek tilini yanada nufuzini oshirish, mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishi bilan ahamiyatlidir.

Ushbu hujjat ona tilimizning qadr-qimmatini yuksaltirish, uning hayotiyligini ta’minlash hamda o‘zbek tilida so‘zlashuvchi avlodning bilim salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.  

Ayniqsa, qarorda o‘zbek tilini ilm-fan, texnika va axborot texnologiyalari tili sifatida mustahkamlash, ta’lim tizimida o‘qitish usullarini takomillashtirish, yangi avlod darsliklarini yaratish va xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlar o‘tkazish kabi muhim vazifalar belgilangan.

2020-2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasini 2025-2026 yillarda amalga oshirish dasturi  tasdiqlandi. Mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan chet ellik talabalar o‘rtasida respublika o‘zbek tili olimpiadasi, “O‘zbek tili – qalbim tarjimoni” , “Jonajon o‘zbek tilim” ko‘rik-tanlovlari tashkil etiladi.

Dunyodagi eng qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili — millatimizning yuragi, mustaqil davlatchiligimizning timsoli, ma’naviy boyligimizdir. Kim bu tilning cheksiz imkoniyatini his qilmoqchi bo‘lsa, onamizning allasini, baxshilarimiz dostonlarini, hofizlarimizning qo‘shiqlarini eshitsin, shunda u o‘zbek tilining sevimli va sehrli jozibasini anglaydi.

Davlat tiliga bo‘lgan ehtirom bu mustaqillikka bo‘lgan ehtiromdir. Ona tiliga sadoqat, Vatanga sadoqatdir. Shu bois har birimiz bu munosabatni hayot qoidasiga aylantirishimiz kerak. Ona tilimizga hurmat, milliy qadriyatlarimizga sadoqat va Vatanga muhabbatni avvalo o‘zimizdan, oilamiz va jamoamizdan boshlasak, bu yuksak harakat samarali natija beradi.

Har bir xalqning milliy o‘zligi, madaniyati va tarixiy taraqqiyoti uning tilida aks etadi. Shu bois har bir yurtdoshimiz o‘z tilining nufuzi va taraqqiyoti uchun shaxsan mas’ul ekanini his qilib yashashi zarur.

Sohibjamol Tongotarova,

Farg‘ona viloyati hokimining ma’naviyat 

va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi.

O‘zA