Har bir millatning buyukligi, avvalo, uning tilida, madaniyatida va qadriyatlarida namoyon bo‘ladi.
Til - bu xalqning ruhi, tarixiy xotirasi va ma’naviy boyligining ifodasidir. O‘zbek tili ana shunday bebaho meros bo‘lib, ajdodlardan avlodlarga o‘tib kelayotgan milliy g‘urur va o‘zligimiz timsolidir. Shu bois, bugungi kunda davlat tilining nufuzini oshirish, uni hayotning barcha jabhalarida keng qo‘llash nafaqat til siyosati, balki milliy taraqqiyot masalasiga aylanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 20 oktyabdagi "Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida" gi qarori milliy o‘zligimiz, ma’naviyatimizning eng muhim asoslaridan biri bo‘lgan o‘zbek tilining nufuzini yanada yuksaltirishga qaratilgan muhim dasturilamal sifatida tarixiy ahamiyat kasb etadi. Ushbu qaror davlat tilini rivojlantirish bo‘yicha belgilangan asosiy maqsadlar: mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarida davlat tili imkoniyatlaridan to‘liq va samarali foydalanish, uning fan tili sifatidagi mavqeini oshirish, til sofligini saqlash va lug‘at boyligini boyitib borish, shuningdek, zamonaviy axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt imkoniyatlariga integratsiyalashuvi kabi dolzarb vazifalarni o‘z ichiga olgan.
Shuningdek, qarorda yosh avlodda davlat tiliga muhabbat va e’tiqodni mustahkamlash, o‘zbek tili o‘qituvchilarining mehnatini rag‘batlantirish maqsadida qator amaliy tashabbuslar ilgari surilgan. Jumladan, umumta’lim maktabi o‘quvchilari o‘rtasida insholar tanlovi, "Yilning eng yaxshi o‘zbek tili o‘qituvchisi" respublika tanlovi hamda Alisher Navoiy nomidagi xalqaro o‘zbek tili olimpiadasini har yili o‘tkazish belgilangan.
Eng quvonarlisi, mazkur olimpiada g‘oliblari uchun oliy ta’lim muassasalariga davlat granti asosida o‘qishga kirish imkoniyati yaratiladi. Bu esa yoshlarimizni ona tilini chuqur o‘rganishga, uni sevish va ulug‘lashga undaydi.
Davlat tilining xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish ham ushbu qarorning ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Bu yo‘lda xorijdagi vatandoshlarimiz bilan hamkorlikni kuchaytirish, ularning o‘zbek tilini o‘rganishi va targ‘ib qilishi uchun qulay sharoit yaratish rejalashtirilgan. Shu tariqa o‘zbek tili nafaqat mamlakatimizda, balki jahon miqyosida ham o‘z o‘rnini topmoqda.
Prezident qarorida belgilangan vazifalar millatimiz ma’naviy qiyofasini mustahkamlash, yoshlar ongida vatanparvarlik va milliy g‘urur tuyg‘usini kuchaytirishga xizmat qiladi. Zero til – bu xalqning ruhi, tafakkuri va kelajagidir.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati sifatida men ushbu qarorni mamlakatimiz taraqqiyoti yo‘lidagi navbatdagi muhim qadamlardan biri, milliy o‘zlikni asrash va yanada yuksaltirish yo‘lidagi amaliy dastur deb bilaman. Endi har birimiz – deputatlar, o‘qituvchilar, ziyolilar, yoshlar va keng jamoatchilik vakillari davlat tilining rivojiga hissa qo‘shishimiz, uni hayotimizning ajralmas qismiga aylantirishimiz zarur.
Davlat tilining nufuzini oshirish bu nafaqat lingvistik masala, balki milliy g‘urur, ma’naviy yuksalish va mustaqil taraqqiyot tayanchidir.
Ruslan Jumamuratov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
O‘zA