French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat tilining maqomini yuksaltirish, yosh avlodni ona tiliga hurmat ruhida tarbiyalash dolzarb ma’naviy burchdir
17:21 / 2025-10-20

1989 yil 21 oktyabrda «Davlat tili to‘g‘risida»gi qonun qabul qilinib, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Bu sana ona tilimizning mavqeini mustahkamlagan kun sifatida tarix zarvaraqlaridan joy oldi.

2020 yil 10 apreldagi qonunga asosan 21 oktyabr sanasi O‘zbek tili bayrami kuni etib belgilangani esa har bir yurtdoshimizga alohida milliy g‘urur baxsh etdi.

Oliy sudda O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda shu haqda so‘z bordi.  

Oliy sud sudyalari va xodimlari jam bo‘lgan ushbu tadbirga o‘zbek filologiyasining jonkuyar olimi, professor, adabiyotshunos va jamoat arbobi Qozoqboy Yo‘ldoshev tashrif buyurdi.

Ta’kidlanganidek, yurtimizda mustabid tuzum hali o‘z hukmini o‘tkazib turgan 1989 yilda xalqimizning taqdiri va kelajagini hal qiladigan qonunni qabul qilish oson kechmagan.

Haqiqatan ham o‘sha davrda o‘zbek tili davlat tili sifatida xalqimizni birlashtiradigan, jamiyatimizni ulug‘ maqsadlar sari safarbar etadigan qudratli kuch bo‘lib maydonga chiqdi. Ayni vaqtda u O‘zbekistonning davlat mustaqilligi sari qo‘yilgan birinchi dadil qadami edi.

O‘zbek tilining huquqiy maqomini belgilashda yengib o‘tilgan qiyinchiliklardan tortib, hozirgi kunda tilimizning boy imkoniyatlaridan keng foydalanish uchun yaratilgan shart- sharoitlar hamda davlat tilini yangi pog‘onaga olib chiqish borasida qilinayotgan sa’y-harakatlar alohida e’tirof etildi.

Tadbirda tilimizni e’zozlash, uning davlat tili sifatidagi maqomi, jamiyatdagi mavqeini yuksaltirish, yosh avlodni ona tiliga hurmat ruhida tarbiyalash hamisha dolzarb ma’naviy burch bo‘lib qolishi qayd etildi. 

Darhaqiqat, ona tilimizning sofligini asrash, uning ravnaqiga hissa qo‘shish har birimizning burchimiz. Shunday ekan, ona tilimizga hurmat va e’tiborimizni yanada oshirishimiz, savodxonlikka katta e’tibor qaratish g‘oyatda muhim. 

N.Abduraimova, O‘zA