Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat tiliga nisbatan qachongacha beparvo bo‘lamiz?
11:45 / 2025-11-12

O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 14 oktyabrdagi “Davlat tili haqidagi qonunchilik hujjatlari ijrosini ta’minlash hamda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi mavqeyini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi majlis bayoni ijrosini ta’minlash maqsadida Jizzax viloyatida qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Biroq o‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, ayrim tashkilot va muassasalarda qonun talablariga bo‘lgan munosabat hali ham sust, nazorat yetarli darajada emas.

Zomin tumani hokimligining ishchi guruhi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar buning yorqin misolidir. Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumidagi o‘rganishlar jarayonida “Davlat tili to‘g‘risidagi” Qonun talablari qo‘pol ravishda buzilgan holatlar aniqlandi. Yozuv va e’lonlar davlat tilida emas, ayrim hollarda xorijiy tillarda yozilgani — bu nafaqat huquqiy, balki ma’naviy mas’uliyatsizlikni ham ko‘rsatadi.

Afsuski, bu holat faqat bir muassasa misolida emas. Ayrim tashkilotlarda davlat tiliga nisbatan “ikkinchi darajali vazifa” sifatida qarash holatlari ham uchramoqda. Bu esa davlat siyosati darajasidagi ishga past munosabat bo‘lish desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

Mas’ul xodimlarga kamchiliklarni bartaraf etish, rasmiy yozishmalar va tashqi belgilarni davlat tilida yuritish bo‘yicha tushuntirishlar berildi. Biroq tushuntirish ishlari o‘tkazilgan bo‘lsa-da, natijalar til madaniyatiga bo‘lgan munosabat yetishmayotganini yaqqol ko‘rsatib turibdi.

G‘allaorol tumanida ham shunga o‘xshash holat kuzatildi. Tuman hokimligi ishchi guruhi tomonidan “Davlat tili haqida” hamda “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunlar ijrosi bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganishlarda reklamalarda til me’yorlariga rioya qilinmagan, ayrim lavhalarda esa o‘zbek tilidagi matnlar butunlay yo‘qligi aniqlandi. Tadbirkorlarga tushuntirish ishlari olib borilgan bo‘lsa-da, bu holat davlat tiliga nisbatan mas’uliyat yetarli emasligini yana bir bor ko‘rsatmoqda.

Achinarlisi, bunday holatlarni faqat Zomin yoki G‘allaorol tumanlarida emas, balki viloyatning boshqa hududlarida ham uchratish mumkin. Bu esa tizimli muammo borligini anglatadi.

Davlat tili — millat g‘ururi va yuzi, unga beparvolik esa ma’naviy tanazzulga olib kelishi mumkin. Shu bois har bir rahbar, har bir mas’ul shaxs uning amaldagi nufuzini ta’minlashni o‘zining shaxsiy burchi deb bilishi shart

A. Qayumov, O‘zA