Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat tiliga hurmat Vatanga ehtiromdir
14:32 / 2023-10-02

21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni

1989 yil 21 oktyabrda O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilingan. Ushbu qonun o‘sha davrda xalqimizning mustaqillik uchun qo‘yilgan dastlabki qadami bo‘lgan, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Qonun moddalarida “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tili” ekanligi va O‘zbekiston Respublikasi hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishi belgilanganligi muhim ahamiyat kasb etgan. 

2020 yil 10 aprelda O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi esa xalqimizning dilidagi, orzusidagi ish bo‘lgan edi. Ushbu qonun bilan har yili 21 oktyabr mamlakatimizda “O‘zbek tili bayrami kuni” sifatida keng nishonlanadi. 

Millatning nufuzi ana shu millat, xalq tilining qanchalik keng tarqalganligi, mukammalligi, ommalashganligi, boy va sofligi bilan belgilanadi. Shu ma’noda aytish joizki, ona tilimiz – o‘zbek tili ham asrlar osha o‘z sofligini, o‘ziga xos jihatlarini saqlab, sayqallanib, yashab kelayotgan dunyodagi o‘nlab tillardan biri hisoblanadi. Ona tilimiz millatimiz ko‘rki, g‘ururi sifatida xalqaro miqyosda e’tirof topgan. Ayniqsa, Prezidentimiz 2020 yilda BMT Bosh Assambleyasining onlayn tarzda o‘tkazilgan 75-sessiyasida, yaqinda bo‘lib o‘tgan 78- sessiyasida o‘zbek tilida nutq so‘zlaganligi ona tilimizning xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirdi. 

Qadimdan xalqimiz nafaqat ozodlik uchun, balki ona tilimizning sofligini saqlash, yo‘qotmaslik, uni yo‘q qilishga bo‘lgan urinishlarga qarshi kurashib kelgan. XIX asrning oxirida o‘lkamizda chor Rossiyasi, XX asr boshlarida esa sovet hukumati hukmronligining o‘rnatilganligi ona tilimizning yashashiga, sofligiga katta tahdid solgan. O‘sha davrning hukmron siyosati sobiq Sovet Ittifoqi tarkibiga kirgan respublikalar xalqlari, millatlari milliy tillarini yo‘q qilishga qaratilgan edi. Qariyb yetmish yil hukumronlik qilgan ana shu siyosat davrida haqiqatdan ham ko‘plab milliy tillar yo‘qoldi yoki yo‘q bo‘lish holatiga kelib qoldi. 

Xalqimiz, ana shunday og‘ir davrlarda ham ona tilimizni yo‘qotmadi. To‘g‘ri, ana shu davrda tilimizga rus tilidan juda ko‘p so‘zlar kirib keldi. Lekin ona tilimiz saqlab qolindi. Boshqa tillardan kirib kelgan so‘zlar bilan tilimiz yanada boyigani ham bor gap. Mustaqillikka erishganimizdan keyin esa tilimiz lug‘atini soflashtirishga alohida e’tibor qaratildi, tilimizga davlat tili maqomi berildi. Vaholanki, bu sa’y-harakatlar bugungi kunga qadar ham davom etmoqda. 

O‘zbek tilini shu Vatan tuprog‘ini bosayotgan, o‘zbekman deya faxr bilan yashayotgan har bir shaxs qadrlamog‘i, hurmat qilmog‘i lozim. Qolaversa, Bosh qomusimiz, tegishli qonun bilan himoyasi kafolatlangan ona tilimizni asrab-avaylash har bir millatdoshimizning ham insoniy, ham fuqarolik burchidir. 

Yoshlarimiz tomonidan chet tillarini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishning ortib borayotganligi g‘oyatda yaxshi. Ammo boshqa tilni o‘rganish bilan ona tilimizni ikkinchi darajali tilga aylantirish mutlaqo noto‘g‘ridir. Xorijiy tillardan qayerda va qachon foydalanishni bilish ham aslida bir ta’limdir. Maktablarda, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida o‘qituvchi va tarbiyachilarimiz yosh avlodga kattalarga salom berish kerakligini qanday o‘rgatishgan bo‘lsa, yoshlarning ona tiliga bo‘lgan hurmat, mehr va sadoqatini ham shu tarzda ularning tafakkuriga singdirishi kerak. Aks holda, jamiyatda o‘z tilini e’zozlamaydiganlar soni ko‘payib boraveradi. 

O‘zbek tilini rivojlantirishda, avvalo, insonlar ko‘ziga tashlanib turadigan joylardagi yozuvlar, panno va plakatlar, yozuvli reklama vositalarining ona tilida aks ettirish muhim ahamiyat kasb etadi. Ming afsuski, bugungi kunda ko‘chalardagi ana shu vositalarning aksariyati rus, ingliz tillarida yozilayotganligi ham tilimizga bo‘lgan hurmatsizlikdir. Qolaversa, bu kabi salbiy ko‘rinishlar millat ruhini sindiradi, boshqa millatning madaniyati va tiliga ergashishga undashga xizmat qiladi. Shu bois ham, ana shu yo‘nalishdagi targ‘ibot ishlari samaradorligini oshirishga, yuqorida aytib o‘tilgan kabi ko‘ngilsiz holatlarni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratishimiz lozim.

Ayni paytda Andijon tumani hududida 260 ming nafardan ortiq aholi yashaydi. Aholining 92,9 foizini o‘zbeklar, qolgan qismini rus, tatar, ukrain, qirg‘iz, qozoq, turkman va boshqa millat vakillari tashkil etadi. Butun yurtimizda bo‘lgani kabi tumanimizda yashayotgan boshqa millat vakillari o‘z tillarida bemalol so‘zlashish imkoniga ega. Buning uchun hech qanday to‘siq yo‘q. Lekin o‘zga millat vakili bo‘lgan yurtdoshlarimiz ham shu yurt fuqarosi sifatida tilimizga hurmat bilan qaraydi, tilimizda emin-erkin gaplasha oladi. 

Hozir tuman hududida jami 1 ming 653 ta korxona va tashkilot faoliyat ko‘rsatadi. Shundan 78 tasi mahalla fuqarolar yig‘ini, 56 tasi umumiy ta’lim maktabi, 2 ta davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internati, 32 ta maktabgacha ta’lim hamda 5 tasi o‘rta maxsus ta’lim muassasalaridir. Shuningdek, tumanda mingdan ortiq savdo, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish ob’ektlari ish yuritadi. 

O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonuni 10-moddasida korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va jamoat birlashmalarida ish yuritish, hisob-kitob, statistika va moliya hujjatlari davlat tilida yuritilishi, qonunning 19-moddasida esa muassasalar, tashkilotlar va jamoat birlashmalari muhrlari, tamg‘alari, ish qog‘ozlarining matnlari davlat tilida bo‘lishi lozimligi belgilangan. Shunga asosan, tumandagi geografik ob’ektlarning nomlari, korxonalarda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning yorliq, yo‘riqnoma va yorliqlari, lavhalar, e’lonlar, narxnomalar va boshqa ko‘rgazmali hamda og‘zaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtirilib kelinmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasining 1995 yilda qabul qilingan yangi tahrirdagi “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 21 oktyabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi yuzasidan joriy yilning iyun - iyul oylarida davlat tiliga to‘liq amal qilinishi bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borildi. 

O‘rganishlar davomida ayrim tashkilotlar hujjatlarida tilimizni qo‘llash bo‘yicha qonunbuzilish holatlari qayd etildi. Ularga ana shu qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish, bu kabi xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha tushuntirishlar berildi. Bundan tashqari, ko‘plab savdo shoxobchalaridagi e’lon va peshlavhalarning chet tillarida yozilganligi aniqlanib, ularga nisbatan ham qonuniy choralar ko‘rildi. Umuman, tumanda davlat tiliga oid farmon, qaror va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar ijrosi bajarilishini ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. 

Zero, Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, har birimiz davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni mustaqillikka bo‘lgan e’tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni, ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz kerak.

Sojidaxon Saidova,
Andijon tumani hokimining Ma’naviy-ma’rifiy ishlar 
samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun
hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha maslahatchisi.

O‘zA