Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat tili toʻgʻrisidagi qonunchilik: muammo va yechimlar...
14:00 / 2020-10-08

Ammo ushbu oʻtgan yillar ichida oʻzbek tili chindan ham davlat va xalq tili darajasiga erisha oldimi? Bu savol bugungi kunda ham dolzarb boʻlib qolmoqda.


“Davlat tili haqida”gi qonunni qabul qilish biz uchun oson kechmaganini ham, mustaqillik yillarida oʻzbek tilini davlat tiliga aylantirish yoʻlida amalga oshirilgan qator chora-tadbirlarni ham xalqimiz juda yaxshi biladi. 

Ammo ushbu oʻtgan yillar ichida oʻzbek tili chindan ham davlat va xalq tili darajasiga erisha oldimi? Bu savol bugungi kunda ham dolzarb boʻlib qolmoqda.

2019-yil 21-oktyabr kuni Davlatimiz rahbari “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonni imzoladi. Unga muvofiq 21-oktyabr sanasi yurtimizda “Oʻzbek tili bayrami kuni” deb belgilandi. Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etildi. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi huzurida oʻz faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradigan, yangi soʻz va atamalarni rasmiy isteʼmolga kiritish boʻyicha Atamalar komissiyasi tashkil etildi.

Bu muhim hujjatning qabul qilinishi davlat tilini rivojlantirishga qaratilgan ishlarning mantiqiy davomi boʻldi, bu sohada yana bir muhim qadam qoʻyildi. Chunki Oʻzbekistonda shu vaqtgacha davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan monitoringni amalga oshiradigan yagona, mustaqil va markazlashgan tuzilma yoʻq edi.

Biroq oldimizda bir qancha oʻz yechimini kutayotgan muammolar mavjud.

“Davlat tili haqida”gi Qonunning bir qator normalari deklarativ va umumiy xarakterga ega boʻlganligi sababli koʻzlangan maqsadga toʻla erishishning imkoni boʻlmayapti.

Xususan, “Davlat tili haqida”gi Qonunning (keyingi oʻrinlarda Qonun) 8-moddasida “Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining boshqa hujjatlari davlat tilida qabul qilinadi va eʼlon etiladi. Bu hujjatlarning tarjimalari boshqa tillarda ham eʼlon qilinadi”, deb belgilangan boʻlsada, ayrim sohalardagi davlat idoralarida hujjatlarni davlat tilida qabul qilish yetarlicha yoʻlga qoʻyilmagan. Bu esa ayrim hollarda jismoniy va yuridik shaxslarga noqulayliklar keltirib chiqarmoqda.

Shuningdek, Qonunning 10-moddasida korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va jamoat birlashmalarida ish yuritish, hisob-kitob, statistika va moliya hujjatlari davlat tilida yuritiladi, ishlovchilarining koʻpchiligi oʻzbek tilini bilmaydigan jamoalarda davlat tili bilan bir qatorda boshqa tillarda ham amalga oshirilishi mumkinligi belgilanganligiga qaramasdan, ayrim sohalarda statistika va moliya hujjatlari, shartnomalar talab darajasida davlat tilida yoʻlga qoʻyilmagan. Xususan, ayrim xizmat koʻrsatish sohalari (kommunal, internet xizmatlari va h.k.) tomonidan shartnoma, dalolatnoma, ogohlantirish xati kabi hujjatlar koʻpincha davlat tilida rasmiylashtirilmayotganini koʻrish mumkin.

Qonunning 20-moddasida lavhalar, eʼlonlar, narxnomalar va boshqa koʻrgazmali hamda ogʻzaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtiriladi va eʼlon qilinadi hamda boshqa tillarda tarjimasi berilishi mumkin deb belgilangan boʻlsada, mazkur qoidaga har doim ham amal qilinmayapti. Xususan, ayrim savdo yoki xizmat koʻrsatish sohlari tomonidan bevosita yoki internet tarmoqlari orqali berilgan lavhalar va eʼlonlarda davlat tili talablariga rioya qilmaslik holatlarini kuzatish mumkin.

Masalan, savdo yoki xizmat koʻrsatish sohasida faoliyat yurituvchi savdo doʻkonlari, umumiy ovqatlanish joylarida va ularning internet saytlarida xorijiy tilda yozilgan “mы otkrыlis”, “rasprodaja”, “skidka”, “dostavka”, “sale” kabi soʻzlarni koʻp uchratish mumkin.

Vaholanki, oʻzbek tilida “chegirma”, “yetkazib berish”, “arzon narxda” kabi ushbu soʻzlarning muqobillari mavjud.

Shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining hujjatlarida oʻzbek tilida oʻrindoshi mavjud boʻlgan soʻzlardan foydalanmasdan xorijiy atamalarni (termin, shtat, komissiya va boshqa shu kabi soʻzlarni) qoʻllash holatlarini ham uchratish mumkin.

Bu kabi holatlarning mavjudligi, oʻz navbatida, davlat tili toʻgʻrisidagi qonunchilikni takomillashtirish va shu orqali uning jamiyat hayotidagi oʻrni va ahamiyatini yana-da oshirish hamda mustahkamlash lozimligini anglatadi.

XORIJIY TAJRIBA

Fransiyada 1994-yilda qabul qilingan Tubon qonunida davlat tashkilotlari tomonidan ish yuritish istisnosiz fransuz tilida olib borilishi, atamalarning fransuzcha muqobili turganda, boshqa tildagisini ishlatish taqiqlanishi qatʼiy belgilab qoʻyilgan. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari, kinosaroylarda filmlar namoyishi va reklamalarda fransuz tili qoidalariga toʻliq rioya qilishi belgilangan.

“Polyak tili toʻgʻrisidagi” qonunga koʻra, mehnat munosabatlarida taraflardan biri Polsha hududida doimiy yashovchi shaxs boʻlgan hollarda ish yuritish polyak tilida olib boriladi. Yaʼni, mamlakatda faoliyat yuritadigan xorijiy korxonalarda bittagina Polsha fuqarosi yoki Polshada doimiy yashovchi shaxs ishlasa, bu korxonada davlat tili toʻgʻrisidagi qonun talablariga rioya qilinishi kerak.

2002-yil 30-sentyabrda qabul qilingan “Ozarbayjon Respublikasida davlat tili toʻgʻrisida”gi Qonunda Ozarbayjon Respublikasining har bir fuqarosi davlat tilini bilishga majburligi, ozarbayjon tili mamlakat siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, ilmiy va madaniy hayotining barcha jabhalarida davlat tili sifatida qoʻllanilishi nazarda tutilgan.

Xizmat koʻrsatish sohasida, reklama va eʼlonlar berishda davlat tili qoʻllaniladi. Xorijiy davlat fuqarolariga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq ishlarda esa davlat tili bilan bir qatorda boshqa tillar ham qoʻllanilishi mumkin. Bunda xorijiy tildagi reklama yoki eʼlon egallagan maydon uning davlat tilida berilgan shaklidan katta boʻlmasligi va bunday eʼlonlar ularning ozarbayjon tilidagi shaklidan soʻng joylashtirilishi lozimligi koʻrsatib oʻtilgan.

Shuningdek, ushbu qonunda Ozarbayjon Respublikasida ishlab chiqarilgan mahsulotlarning nomi va ulardagi yorliqlar, shuningdek boshqa yozuvlar tegishli xorijiy til bilan birga davlat tilida ham boʻlishi kerakligi, mamlakat hududiga import qilinayotgan mahsulotlarning nomi va ulardagi yorliqlar, qoʻllash yoʻriqnomalarining ozarbayjon tilidagi tarjimasi boʻlishi shartligi keltirib oʻtilgan.

Ozarbayjon tilining orfografiya va orfoepiya qoidalari tegishli ijro etuvchi hokimiyat organi tomonidan tasdiqlanishi, yuridik, jismoniy va mansabdor shaxslar mazkur qoidalarga qatʼiy amal qilishlari lozimligi, har besh yilda bir marta masʼul organ tomonidan yozma til qoidalarini oʻz ichiga oluvchi lugʻat (imlo lugʻati) nashr etib borilishi belgilangan.

Gruziya hukumati tomonidan 2015-yil 22-iyulda qabul qilingan “Davlat tili toʻgʻrisida”gi Qonunda ommaviy xizmatchilar (yaʼni, davlat xizmatchilari, deputatlar, jamoat va boshqa tashkilotlar rahbarlari singari) davlat tilini bilishi shartligi koʻrsatib oʻtilgan. Qonunchilik tashabbusi bilan Gruziya Parlamentiga kiritilayotgan qonun loyihalari va takliflar gruzin tilida taqdim etiladi. Barcha fuqarolar davlat idoralari, mahalliy oʻzini oʻzi boshqarish organlari va boshqa tashkilotlari bilan davlat tilida munosabat olib borishlari shart. Yaʼni, fuqarolarning murojaat va yozishmalari davlat tilida boʻlishi talab qilinadi.

Shuningdek, Qonunda davlat tilini himoya qilish kafolatlariga qaratilgan alohida bob ajratilgan boʻlib, unda davlat gruzin tilini himoya qilishi, barcha davlat organlari va mahalliy idoralari davlat tilining rivoji va sofligi uchun javobgar ekanligi belgilab qoʻyilgan.

Qozogʻiston Respublikasining davlat tili toʻgʻrisidagi qonunchiligiga koʻra, davlat tili qozoq tili boʻlib, davlat tili – davlat boshqaruvi, qonunlar, sud ishlarini yuritish, ish yuritish tili boʻlib, butun davlat hududida ijtimoiy munosabatlarning barcha sohalarida amal qilishi, davlat tilini bilish har bir Qozogʻiston Respublikasi fuqarosining burchi va vazifasi ekanligi koʻrsatib oʻtilgan.

XULOSA VA TAKLIFLAR...

Xorijiy davlatlar tajribasini inobatga olgan holda davlat tilini takomillashtirish yuzasidan quydagilar taklif qilinadi:

1. Davlat tilini bilish davlat xizmatchilari, deputatlar, ommaviy va boshqa bir qator kasb egalari uchun davlat tilini bilish majburiyligini qonun bilan mustahkamlash hamda davlat xizmatchilarining davlat tilini bilish darajasi boʻyicha imtihon qilish amaliyotini joriy etish;

2. Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda atamalarning oʻzbekcha muqobili turganda, boshqa tildagisini ishlatish taʼqiqlanishini qatʼiy belgilab qoʻyish;

3. Davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va jamoat birlashmalarida ish yuritish, hisob-kitob, statistika va moliya hujjatlarini davlat tilida yuritishni shart qilib, zaruriyatga qarab boshqa tillarga tarjima qilinishini belgilash;

4. Xorijiy tilda berilgan reklama yoki eʼlonlar ularning oʻzbek tilidagi shaklidan soʻng joylashtirilishi lozimligini belgilash;

5. Davlat xizmatchilarining davlat tilini bilishi shartligini nazarda tutish,

Mazkur oʻzgarishlarning amalga oshirilishi davlat tilining hayotimizdagi oʻrni va ahamiyatini oshishiga, davlat organlari va tashkilotlarida ish yuritish toʻliq davlat tilida amalga oshirilishiga olib keladi.

Ravshan Nurmatov,
Sardorbek Avezov,
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti masʼul xodimlari