Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat tili: siyosiy partiyalar faoliyatidagi o‘rni va ahamiyati
12:04 / 2025-10-21

Davlat tili har bir mamlakatning suvereniteti, milliy qadriyatlari va siyosiy mustaqilligining muhim belgilaridan biridir. Til nafaqat aloqa vositasi, balki xalqning o‘zligini, madaniyatini, tarixiy merosini ifoda etuvchi qudratli ijtimoiy hodisadir. Shu bois davlat tilining mavqei va uning jamiyat siyosiy hayotidagi o‘rni beqiyosdir.

Siyosiy partiyalar esa mamlakatda demokratik jarayonlarni shakllantiruvchi, fuqarolarning manfaatlarini ifoda etuvchi, davlat boshqaruvida faol ishtirok etuvchi institutlardan biri hisoblanadi. Shunday ekan, davlat tili va siyosiy partiyalar o‘rtasidagi o‘zaro aloqadorlik mamlakat siyosiy tizimi barqarorligi hamda milliy birlikni ta’minlashda muhim omil sanaladi.

Avvalo, siyosiy partiyalar o‘z dastur va faoliyatlarida davlat tiliga hurmat bilan yondashishi, uni rivojlantirish, qo‘llash sohalarini kengaytirish, yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilish masalalariga alohida e’tibor berishi zarur. Chunki davlat tili siyosiy jarayonlarda yagona muloqot vositasi bo‘lib, fuqarolarni umumiy maqsad yo‘lida birlashtiradi.

O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonuni barcha davlat idoralari, siyosiy partiyalar va jamoat tashkilotlarida ish yuritishning davlat tilida olib borilishini belgilaydi. Bu esa partiyalar faoliyatida til siyosatining muhim o‘rin egallashini ko‘rsatadi. Har bir partiya o‘z siyosiy kommunikatsiyasida, saylovoldi tashviqotida, ommaviy chiqishlarida davlat tilidan to‘g‘ri va ravon foydalanishi partiyaning xalq orasidagi obro‘sini oshiradi.

Shuningdek, siyosiy partiyalar til siyosati masalasida ham o‘z pozitsiyalarini belgilab, milliy qadriyatlarni mustahkamlashga xizmat qiluvchi tashabbuslarni ilgari surishi kerak. Bu o‘z navbatida, davlat tilining ijtimoiy hayotdagi o‘rnini yanada kuchaytiradi.

Xulosa qilib aytganda, davlat tili va siyosiy partiyalarning o‘zaro aloqadorligi mamlakatda siyosiy madaniyat, milliy birlik va demokratik qadriyatlarning shakllanishida hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Har bir siyosiy partiya davlat tilini hurmat qilish, uni rivojlantirish va targ‘ib etish orqali xalq ishonchini qozonadi hamda milliy mustaqillikni mustahkamlashga hissa qo‘shadi.

 

Muhammad Eshniyozov,

O‘zLiDeP Navoiy viloyat Kengashi 

apparat rahbari.

O‘zA