Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat tili ravnaqi yo‘lida fidoyi mehnat qilgan faollar taqdirlandi
22:14 / 2025-10-21

Qashqadaryo viloyatida 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 36 yilligi katta tantana bilan nishonlandi. Bayram “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!” shiori ostida keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bilan boshlandi.

Tantanalar avvalo O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov haykali poyiga gul qo‘yish marosimi bilan start oldi. Taniqli ijodkorning boy ilmiy va adabiy merosi, milliy g‘ururni ulug‘lovchi asarlari bugun ham har bir yurtdoshimiz qalbida iftixor bilan yangramoqda. Shu munosabat bilan shoir nomidagi ijod maktabi qoshida faoliyat yuritayotgan muzey bilan ham mehmonlar yaqindan tanishdi.

Bayramona kayfiyat Qarshi davlat universitetida davom etdi. Bu yerda “Globallashuv davrida til va ta’lim: nazariya va amaliyot” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi. Anjuman avvalida O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi, davlat tili rivojiga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi. Viloyat hokimining tabrigi ishtirokchilarga o‘qib eshittirildi.

[gallery-25842]

Davlat tili ravnaqi yo‘lida samarali mehnat qilib kelayotgan bir qator faollar taqdirlandi.

Anjumanda tilshunoslik va adabiyot sohasidagi yetakchi olimlar – Toshkent Amaliy fanlar universiteti professori, filologiya fanlari doktori Baxtiyor Mengliyev, Turkiya Respublikasi Otajurt universiteti professori Husayn Baydemir hamda dotsent Reyhan Karkinlilar ma’ruzalari bilan qatnashdi. Ular o‘zbek tilining ilmiy izlanishlar tizimidagi o‘rni, turkiy tillar oilasidagi o‘ziga xos xususiyatlari haqida qiziqarli ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdi.

Shuningdek, Qarshi davlat universiteti professori, filologiya fanlari doktori Nilufar Yo‘ldosheva tahriri ostida tayyorlangan “Qashqadaryo viloyati joy nomlari izohli lug‘ati” nashri taqdimoti ham o‘tkazildi. Lug‘at mualliflari anjuman ishtirokchilari oldida taqdirlandi.

Tadbir davomida viloyat musiqali drama teatri aktyorlari sahna ko‘rinishlari, Abdulla Oripov nomli ijod maktabi o‘quvchilari va Qarshi davlat universiteti talabalarining badiiy chiqishlari, maqomchilar jamoasi ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar ishtirokchilar qalbida yuksak his-tuyg‘ular uyg‘otdi.

Shuningdek, “O‘zbek tili” mavzusida intellektual viktorina ham tashkil etildi. Unda yoshlar ona tilimizning boy so‘z xazinasi, ibora va ma’nolar dunyosi bo‘yicha bilimlarini sinovdan o‘tkazdi.

Tantanalar doirasida Qarshi davlat universiteti maydonida “O‘zbek tili bayrami” sayli ham bo‘lib o‘tdi. Bu yerda til va adabiyotga oid kitoblar ko‘rgazmasi, yosh ijodkorlar chiqishlari hamda milliy qadriyatlarni targ‘ib etuvchi ko‘rgazmalar tashkil etildi.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari