Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat tili – milliyligimiz oynasi
17:26 / 2025-09-17

1989 yil 21 oktyabr — o‘zbek tiliga davlat maqomi berilgan ulug‘ sana. Bu kunni eslash — faqat tarixni yod etish emas, balki millatning o‘zini anglashi, kelajak oldidagi mas’uliyatini his etishi demakdir.

Davlat tili — millatning qalbi, tafakkuri, ma’naviy tayanchi. Uni himoya qilish, to‘g‘ri va izchil qo‘llash har bir fuqaro uchun qonun oldidagi burch, vijdon oldidagi mas’uliyatdir. Tilga bo‘lgan munosabat — millatga, davlatga bo‘lgan munosabatdir.

Bugungi global tahdidlar va tillar o‘rtasidagi kuchli raqobat sharoitida davlat tilining nufuzini saqlash — faqat madaniy vazifa emas, balki milliy xavfsizlik masalasidir. Har bir bee’tibor yozuv, har bir noto‘g‘ri ishlatilgan so‘z — sizning tilga bo‘lgan munosabatingizdir.

G‘allaorol tumanida avgust–sentyabr oylarida amalga oshirilgan ishlar ana shu ma’noda muhim ahamiyatga ega.

Tuman hokimligi va prokuraturasi tashabbusi bilan tashkil etilgan ishchi guruh tomonidan “Davlat tili haqida” gi hamda “Reklama to‘g‘risida”gi qonunlar ijrosi yuzasidan keng ko‘lamli o‘rganish ishlari olib borildi.

Tekshiruvlar jarayonida yuzlab yozuvlar ko‘zdan kechirildi, har bir yozuv tanqidiy ko‘z bilan tahlil qilindi. Ularda aniqlangan xato va kamchiliklar tadbirkorlik sub’ektlariga yetkazilib, tushuntirish va targ‘ibot ishlari amalga oshirildi.

Ko‘plab holatlarda do‘kon peshtoqlaridagi yozuvlar davlat tilida emas yoki til me’yorlariga zid tarzda yozilayotgani kuzatildi. Ayrimlarida imlo xatolari, ba’zilarida ma’noni buzuvchi ifodalar, ba’zi hollarda esa butunlay boshqa tildagi atamalar ustun bo‘lgan.

Bu holat — faqat til masalasi emas, balki madaniyat, ta’lim va jamoatchilik mas’uliyatiga taalluqli muammo ekanini ko‘rsatadi. Maqsad — jazolash emas, tushuntirish, anglatish va ong uyg‘otish. Zero, tilni hurmat qilish — o‘zingni hurmat qilish demakdir.

Biroq muhim savol qolmoqda: nega bunday ishlar faqatgina tekshiruv paytida amalga oshiriladi? Nega davlat tiliga ehtirom davriy emas, balki doimiy jarayonga aylanmaydi?

Har bir noto‘g‘ri yozuv — bu harf xatosi emas, bu fuqarolik mas’uliyatining pastligidir. Uning ortida bee’tiborlik, ma’naviy susayish va milliy ongning zaifligi bor. Shuning uchun ham tilga e’tibor umumiy madaniyat darajasini belgilaydi.

Jizzax viloyatining barcha shahar va tumanlarida o‘tkazilayotgan bu jarayon — ijobiy qadam. Ammo u keng qamrovli, tizimli va uzluksiz harakatga aylanmasa, kutilgan samarani bermaydi. Davlat tili — bu davlatning yuzi, xalqning iftixori, avlodlar orasidagi ma’naviy ko‘prikdir.

So‘z — qudrat, so‘z — mas’uliyat, so‘z — Vatan. Davlat tili esa — shu so‘zlarning muqaddas timsolidir. Unga bo‘lgan munosabatimiz — o‘zligimizga, kelajagimizga bo‘lgan munosabatimizdir. Va agar so‘zga bee’tibor bo‘lsak, ertaga o‘zligimizga ham shunday munosabat shakllanadi.

Abdujalol Qayumov, O‘zA