O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti tomonidan vazirlik, idora va xo‘jalik birlashmalari rahbarining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman(shahar) hokimlarining davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchilari uchun respublika seminari tashkil etildi.
Seminar ishi erta tongdan poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida buyuk shoir va mutafakkir, o‘zbek adabiy tilining asoschisi Alisher Navoiy haykali poyiga gul qo‘yish marosimi bilan boshlandi. Shundan so‘ng xiyobonda ona tilimiz, adabiyotni asrab-avaylash borasidagi suhbatlar bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida o‘tkazilgan tadbirda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish departamenti rahbari Nodirjon Xolbo‘tayev ishtirokchilarni yaqinlashib kelayotgan O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 35 yilligi bilan tabrikladi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 20 oktyabrdagi farmoni bilan tasdiqlangan 2020-2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasini sifatli amalga oshirish bo‘yicha malahatchilar oldida turgan navbatdagi ustuvor vazifalar haqida batafsil so‘zladi.
Seminarda Davlat tilini rivojlantirish departamenti rahbarining o‘rinbosari Bekzod Shukurov, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori, tilshunos olim Nizomiddin Mahmudov, Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi direktori, filologiya fanlari doktori Inomjon Azimov davlat tilini rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati, o‘zbek tilining rivojlanish tendensiyalari, davlat tilida ish yuritish bo‘yicha malaka oshirish ishlarini sifatli tashkil qilish masalalari yuzasidan ma’ruzalar qildi.
–O‘zbek tilida bepul dars berishi mumkin bo‘lgan fidoyi o‘qituvchilar ko‘p, – dedi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish departamenti rahbari Nodir Xolbo‘tayev. – Ular ishtirokida o‘zbek tilini o‘qitish, savodxonlikni oshirish bo‘yicha darslar, mashg‘ulotlar tashkil etish mumkin. Taassufki, maslahatchilarning aksariyati joylarda rahbarlarning xatlari, ma’ruzalarini tahrir qilish bilan shug‘ullanyapti. Tashkilotlarda xodimlarning o‘zbek tili bo‘yicha savodxonligini oshirishga hissa qo‘shish, bu yo‘nalish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etishda ular jo‘yali takliflar bilan chiqishi, tashabbus ko‘rsatishlari kerak. Bugun o‘zbek tilini davlat tiliga aylantirish bilan birga, uni ilm tiliga ham aylantirish g‘oyat muhimdir.
– Ushbu seminar yil davomida mazkur yo‘nalishda qanday yutuqlarga erishildi, qanday xatolarga yo‘l qo‘yildi, ularni bartaraf etish yo‘llari haqida batafsil fikr almashish, savol-javob qilish, takliflarni o‘rtaga tashlash imkoniyati yaratilgani bilan ahamiyatli, – dedi Samarqand viloyati hokimining davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sherali Temirov. – Bu boradagi ishlar sohalar kesimida ham batafsil muhokama etilmoqda. Samarqand viloyati hokimligi tizimida barcha hujjatlar lotin yozuviga asoslangan o‘zbek tilida yuritilmoqda. Qolaversa, viloyatdagi tashqi reklama vositalari maxsus ishchi guruh tomonidan doimiy o‘rganilib, ta’sirchan choralar ko‘rish mexanizmi ham yaratilgan.
Seminar doirasida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 35 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim” tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tanlov Prezidentimizning 2019 yil 21 oktyabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2020 yil 20 oktyabrdagi “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash, davlat tilining hayotimizdagi o‘rni va nufuzini oshirish maqsadida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tomonidan 2020 yildan buyon o‘tkazib kelinadi.
Bu yil ham tanlov ikki yo‘nalishda – davlat tili ustuvorligi ta’minlangan “Eng namunali hudud” (tuman va shahar hokimliklari) hamda “Davlat tilida ish yuritish yo‘lga qo‘yilgan eng yaxshi tizim” (vazirlik, idora, xo‘jalik birlashmalari) yo‘nalishida tashkil etildi.
Tanlovning respublika bosqichida “Eng namunali hudud” yo‘nalishi bo‘yicha bitta 1-o‘rin, ikkita 2-o‘rin va uchta 3-o‘rin hamda to‘rtta rag‘batlantiruvchi nominatsiyalar g‘oliblari, “Davlat tilida ish yuritish yo‘lga qo‘yilgan eng yaxshi tizim” yo‘nalishi bo‘yicha bitta 1-o‘rin, ikkita 2-o‘rin va uchta 3-o‘rin hamda ikkita rag‘batlantiruvchi nominatsiyalar g‘oliblari taqdirlandi.
Shuningdek, tanlovda faol ishtirok etgan tuman hokimliklari hamda respublika idoralari vakillariga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasining maxsus sovg‘alari topshirildi.
[gallery-19702]
Tadbir davomida o‘zbek tilining boyligi va go‘zalligini tarannum etgan, o‘zbek tilini keng targ‘ib qilishda hamda til masalalariga oid kitoblarni tayyorlash va nashr etishda faol qatnashib kelayotgan olimlar, ijodkorlar, jurnalistlar va boshqa faollar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasining telegram kanali orqali o‘tkazilgan “Ona tilim – g‘ururim, faxrim” tanlovining g‘oliblari esdalik sovg‘alari hamda kitoblar jamlanmasi bilan mukofotlandi. Ayni paytda o‘zbek tilshunosligi sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlarni rivojlantirish hamda davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish tizimiga qo‘shgan hissasi uchun bir guruh olimlar ham taqdirlandi.
Shu bilan birga, o‘z hududida davlat tashkilotlari xodimlarini lotin alifbosiga asoslangan o‘zbek yozuvi, o‘zbek adabiy til me’yorlari va davlat tilida ish yuritish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil qilishdagi faolligi uchun bir guruh maslahatchilar Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazining esdalik sovg‘alari bilan mukofotlandi.
Nazokat Usmonova,
Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA