Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat tili – jamiyat ustuni
17:38 / 2021-10-19

Ona tili – milliy o‘zligimiz timsoli. Til – millat va Vatan tushunchalari kabi muqaddas sanaladi. Zero, ona tilisiz jamiyat taraqqiyotga erisholmaydi.

O‘zbek tili bayrami munosabati bilan Ichki ishlar vazirligi akademiyasida “Davlat tili va ma’naviyat – jamiyatning ikki ustuni” mavzuida ma’naviy-ma’rifiy bo‘lib o‘tdi. Unda taniqli olim va adabiyotshunoslar, ilmiy tadqiqotchilar, kursant yoshlar hamda IIV akademik litseylari va ixtisoslashtirilgan maktab-internati o‘quvchilari ishtirok etdi.

– Har bir millat o‘z ona tili bilan tirikdir. Tarixdan bilamizki, g‘oyat murakkab sharoitda – 1989 yilning 21 oktyabrida “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilingan edi. Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng ona tilimiz tom ma’nodagi davlat tiliga aylanib, xalqimizni buyuk marralarga safarbar etadigan beqiyos kuch sifatida maydonga chiqdi. Ayniqsa so‘nggi besh yilda ona tilimizni rivojlantirish, uning davlat tili sifatidagi maqomi va mavqeini yuksaltirish, yosh avlodni ona tiliga hurmat ruhida tarbiyalash masalalariga katta e’tibor qaratilmoqda, – dedi ta’lim maskani rahbari, polkovnik Rustam Xatamov.

Tilshunos olimlarning e’tirof etishicha, O‘zbek tili bayrami xalqimiz ma’naviy hayotidan tobora mustahkam o‘rin egallab bormoqda. Hozirgi kunda mamlakatimizda yashayotgan turli millat va elat vakillari o‘zbek tilini o‘rganishga katta qiziqish va istak bildirayotganlari ahamiyatga molik. Ayniqsa, xorijiy mamlakatlarda o‘zbek tilini o‘rganishga ishtiyoq tobora kuchaymoqda. Bugun AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Turkiya va shu kabi bir qator davlatlarning 60 ga yaqin universitetlari va 100 dan ziyod maktablarida o‘zbek tili o‘rgatiladi. Jahonda 50 milliondan oshiq kishining o‘zbek tilida so‘zlashishi asrlar qa’ridan o‘tib kelayotgan ona tilimizning nufuzidan yorqin nishona beradi.

– Muhtaram Prezidentimiz “Yangi O‘zbekistonni, yangi Renessans poydevorini barpo etishdek ezgu maqsadlarimizga erishishda, hech shubhasiz, ona tilimizning hayotbaxsh qudratiga tayanamiz”, deya bejiz ta’kidlamadilar. Chunki o‘zligini tanigan har bir millat ona tili va adabiyotini asrab-avaylaydi, uning rivoji yo‘lida bor kuch-salohiyatini safarbar etadi. Bugun ichki ishlar organlarida ham davlat tilining nufuzi va mavqeini oshirish yo‘lida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil qilish va qonun hujjatlariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlashga xizmat qilmoqda, – dedi Ichki ishlar vazirining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi, podpolkovnik Xurshidbek Ro‘ziyev.

Tadbirda Vazirlar Mahkamasining Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti mudiri Abdug‘affor Qirg‘izboyev, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi, shoira Muhtarama Ulug‘ova, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi Asror Mo‘min va boshqalar so‘z olib, mustaqil davlatchiligimiz timsoli bo‘lgan bebaho ma’naviy boyligimizni asrab-avaylash va kelgusi avlodlarga yetkazish, ona tilimizning mavqeini yanada oshirish, bu borada o‘zbek tilshunosligida erishilayotgan yutuqlar va istiqboldagi muhim vazifalar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Tadbir davomida iqtidorli kursantlar tomonidan ona tilimizni madh etuvchi she’riy parchalar yod aytildi. O‘zbekiston Kinematografiya agentligi buyurtmasi asosida “Media Illusion” studiyasi va IIV Akademiyasi hamkorligida suratga olingan “Cho‘lpon. Qush esdaligi” hujjatli filmi, kitob yarmarkasi kabi tadbirlar barchada iliq taassurot qoldirdi.

 

Jamshid XOLOV,

kapitan.