English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat tili — faqat muomala vositasi emas
16:33 / 2025-11-05

Sirdaryo viloyati hokimligida davlat tili to‘g‘risidagi qonun va unga oid me’yoriy hujjatlar ijrosi yuzasidan tanqidiy-tahliliy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat tashkilot va idoralari rahbarlari, shahar va tuman hokimlari, soha mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etishdi.

Yig‘ilishda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi  Erkinjon Turdimov so‘zga chiqib, davlat tili — millatning ruhi, xalqni birlashtiruvchi ma’naviy kuch ekanini ta’kidladi.  

–   Davlat tili bu — faqat muomala vositasi emas, balki milliy o‘zligimizning timsoli, davlatchilikning muhim belgisidir. Shu bois uning nufuzini oshirish, qonun talablariga qat’iy amal qilish har bir rahbar va tashkilotning burchi bo‘lishi kerak, –   dedi viloyat rahbari.

Shu bilan birga, o‘tkazilgan o‘rganishlar natijalari til siyosati ijrosida hanuz kamchiliklar borligini ko‘rsatdi. Xususan, Guliston va Oqoltin tumanlari hamda Shirin shahridagi ayrim mahalliy nashrlar hanuz kirill alifbosida chop etilayotgani, ba’zi hokimlik va bo‘limlarda hujjat aylanmasi to‘liq lotin yozuviga o‘tmagani aniqlandi. Bu holatlar “Davlat tili haqida”gi Qonun va Vazirlar Mahkamasi qarorlari talablariga ziddir.

Shuningdek, tashqi reklama vositalarida ham jiddiy kamchiliklar mavjud. Ayrim tuman va shaharlarda xorijiy tillarda yozilgan, ma’nan eskirgan banner va yorliqlar haligacha saqlanib qolgan. Davlat xizmatlari agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, tadbirkorlik sub’ektlarining yarmidan ko‘pi nomi o‘zbek tili me’yorlariga to‘liq mos kelmaydi. Bu esa nafaqat qonunbuzarlik, balki til madaniyatiga bo‘lgan beparvolikni ham ko‘rsatadi.

Erkinjon Turdimov bu holatlarni keskin tanqid qilib, davlat tiliga e’tiborsizlikni ma’naviy zaiflik sifatida baholadi.  

–  Bu masala faqat til haqida emas, balki xalqqa, davlatga bo‘lgan hurmat haqida hamdir. Davlat tilida ish yuritish, yozish, gapirish — bu faxr, mas’uliyat va vatanparvarlik belgisidir, –  dedi viloyat rahbari.

Yig‘ilish yakunida barcha idora va tashkilot rahbarlariga aniq vazifalar yuklatildi. Jumladan, mavjud kamchiliklarni qisqa muddatda bartaraf etish, barcha rasmiy hujjatlar, axborot va reklama yozuvlarini faqat lotin yozuviga asoslangan davlat tilida yuritish topshirildi. Shuningdek, shahar va tumanlardagi ko‘chalar nomlarini belgilash, ko‘rsatkichlar o‘rnatish ishlarini jadallashtirish zarurligi ta’kidlandi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri