Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan davlat tibbiy sug‘urtasining mazmun-mohiyatini aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilishga qaratilgan seminar tashkil etildi.
Jamg‘armasi mas’ullari shahar tibbiyot birlashmasi va oilaviy poliklinikalar xodimlariga davlat tibbiy sug‘urtasini joriy etish, bunda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan masalalar yuzasidan tushuncha berishdi.

– Davlat tibbiy sug‘urtasi – bu aholini kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar bilan ta’minlashga qaratilgan davlat dasturidir, – deydi jamg‘armaning matbuot xizmati rahbari Sayyora Shoyeva. – Ushbu tizim asosida fuqarolarga “Kafolatlangan paket hajm” doirasida shoshilinch yordam, terapevt va boshqa mutaxassislar qabullari, tekshiruvlar, jarrohlik amaliyotlari, dori-darmon bilan ta’minlash va reabilitatsiya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari yaratiladi.

Dastlab davlat tibbiy sug‘urtasi 2021 yilda Sirdaryo viloyatida sinov tariqasida joriy etildi. So‘ngra to‘plangan tajriba va tahlillar asosida 2024 yilda Toshkent shahri va boshqa hududlarda ham bosqichma-bosqich ishga tushirildi. Joriy yildan Samarqand viloyatidagi tibbiy muassasalar yangi tizim asosida aholiga xizmat ko‘rsatmoqda. Bu xizmatlardan foydalanish uchun fuqaro doimiy ro‘yxatda turgan oilaviy shifokor (poliklinika) orqali tibbiy xizmatga murojaat qiladi. Muhimi, sug‘urta avtomatik joriy etiladi, fuqarolardan hech qanday ariza badal va boshqa to‘lovlar talab etilmaydi. Ammo oilaviy shifokor bilan doimiy aloqada bo‘lish tavsiya etiladi. Murakkab holatlarda mutaxassisga elektron yo‘llanma beriladi.

Sodda qilib aytganda, davlat tibbiy sug‘urtasi — fuqaroning sog‘lig‘ini davlat tomonidan himoya qilish tizimi hisoblanadi, ya’ni, sug‘urta orqali aholi bepul yoki arzonlashtirilgan tibbiy xizmatlardan foydalanishi mumkin. Bunda davlat har bir insonning sog‘lig‘ini kafolatli himoya qiladi va tibbiyot tizimini moliyalashtiradi.

Seminarda “Reimbursatsiya” dasturi haqida ham ma’lumot berildi. Bu surunkali kasalliklarga qarshi dori vositalari uchun davlat tomonidan xarajatlarni qoplash tizimidir. Bunda 7 xil kasallik uchun bemorlarga 28 turdagi dori vositalari elektron retsept orqali bepul beriladi. Masalan, surunkali kasallik bilan og‘rigan bemorga shifokor elektron retsept yozadi va jamg‘arma bilan shartnoma qilgan dorixonalarga borishini aytadi. Bemor shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan o‘sha dorixonaga murojaat qiladi va dori vositalarini bepul oladi.

Seminar yakunida samarqandlik shifokorlar tizim bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mas’ullardan javob oldi.
Shu kabi seminarlar viloyatning boshqa tuman va shaharlarida ham o‘tkazildi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri