Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalari asosida mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimi takomillashtirilib, davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari joriy etilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi yangi tizimni yo‘lga qo‘yishga tayyorgarlik ko‘rish va tibbiy muassasalar faoliyatini o‘rganish maqsadida Turkiyaning “Sağlik Group” tashkiloti mutaxassislari bilan hamkorlikda ish olib bormoqda.

Mahalliy va xorijlik ekspertlardan iborat maxsus ishchi guruh Samarqand viloyatidagi tibbiy muassasalarda bo‘lib, bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rgandi.
Jumladan, ishchi guruh Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali, Ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali, Respublika ko‘z kasalliklari shifoxonasi Samarqand filiali, viloyat tibbiy markazlari va Samarqand shahridagi oilaviy poliklinikalarda yangi tizimni yo‘lga qo‘yish borasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.

– Yangi tizimni joriy etish bo‘yicha shu paytgacha besh viloyatda o‘rganish ishlarini olib borib, mahalliy mutaxassislar bilan tajriba almashdik, – deydi shifoxonalarda tibbiy xizmat ko‘rsatish samaradorligini oshirish yo‘nalishi bo‘yicha turkiyalik ekspert Muhammet O‘rnek. – Samarqand biz o‘rgangan oltinchi viloyat. Bu yerda tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligi boshqa hududlarga nisbatan ancha yuqori. Tibbiy muassasalardagi o‘rinlar soni va murojaat qiluvchilar ham ko‘p ekan. Tabiiyki, bu bemorlarga yuqori sifatli, zamon talablariga mos xizmat ko‘rsatish zaruratini keltirib chiqaradi. Biz ko‘rgan muassasalarda bu borada katta tajriba to‘planganiga guvoh bo‘ldik. Birgina kardiologiya shifoxonasida keyingi to‘rt-besh yilda olib borilgan ishlar, zamonaviy jarrohlik amaliyotlari bajarilayotgani e’tiborli.

O‘rganish davomida ekspertlar muassasalar rahbar va mutaxassislariga zarur maslahat va tavsiyalar berdi. Mavjud kamchilik va muammolarni bartaraf etish yuzasidan vazifalar belgilab olindi.
Ishchi guruh o‘rganishlari yakunlari viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi, hududiy tibbiyot birlashmalari va tibbiyot muassasalari rahbarlari ishtirokida muhokama etildi.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari