Respublika o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimlari malakasini oshirish va ularni ixtisoslashtirish markazi Navoiy filialida Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamda O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida “Davlat tibbiy sug‘urtasi tizimining afzalliklari” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.
[gallery-24745]
Unda davlat tibbiy sug‘urtasi tizimining joriy etilishi, uning afzalliklari va amaliy natijalari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Bugungi kunda yurtimizda aholiga sifatli va teng imkoniyatli tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi bosqichma-bosqich joriy etilmoqda.
Bu tizim orqali fuqarolar istalgan tibbiyot muassasasida sifatli tibbiy xizmat olish imkoniga ega bo‘lish bilan bir qatorda, “o‘z cho‘ntagidan” qilinadigan xarajatlar kamayadi, har bir shifoxona faoliyati natijasiga qarab moliyalashtiriladi va tibbiyot muassasalari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhiti yaratiladi.
– Tibbiyot sohasida sug‘urta tizimining to‘liq yo‘lga qo‘yilishi sog‘liqni saqlash tizimiga ajratilayotgan mablag‘lar doirasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ulushi o‘sishiga, aholining ijtimoiy zaif toifalari vakillarining sifatli tibbiy xizmat bilan ta’minlanganlik darajasini oshirishga, tibbiy xizmatlar bozorida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga, aholining tibbiy yordam uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘lovlari darajasini kamaytirishga xizmat qiladi, – deydi Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi metodologiya bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Mohira Ergasheva. – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 12 noyabrdagi “Sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, dastlab Sirdaryo viloyatida 2021 yil 1 iyuldan davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini joriy etish boshlangan edi, Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini ushbu viloyatda joriy etish tajribasida oilaviy shifokor, amaliyotchi va patronaj hamshira hamda doyadan iborat tibbiy brigadalar tashkil etilib, qayta tayyorlanib, kunduzgi statsionar xizmatlar kengaytirildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2021-2025 yillarda 286 ming 823 nafar bemor davlat mablag‘i hisobidan davolandi va ularga 2 trillion 120,5 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. 2025 yilning yanvar-aprel oylarida esa 27 ming 104 nafar bemor bepul tibbiy xizmat oldi. Buning uchun esa 223,1 milliard so‘mlik to‘lov amalga oshirildi.
Aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish, byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish hamda davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini respublikaning boshqa hududlarida joriy qilish bo‘yicha ishlarni amalga oshirish maqsadida 2024 yil 5 sentyabrda qabul qilingan “Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga muvofiq, 2025 yil 1 iyuldan Navoiy viloyatida ham davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi keng joriy etildi.
– Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida 133 ta seminar va targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilib, tibbiy xizmat sifatini nazorat qilish uchun bir qator monitoring tadbirlari amalga oshirildi, – deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Nurali Safoyev. – O‘tgan davr mobaynida 623 nafar imtiyozli toifadagi bemor uchun 3 milliard 777 million so‘m mablag‘ to‘lab berildi. 205 ta dorixona reimbursatsiya dasturiga kiritilib, 271,1 million so‘mlik dori vositalari yetkazildi. Ayni paytda 190 ta tibbiyot muassasasi uzluksiz moliyalashtirilmoqda.
Matbuot anjumanida OAV vakillari tizimning aholiga ijtimoiy himoya yaratishdagi o‘rni, tibbiy xizmat sifatini oshirishdagi ahamiyati va boshqa bir qator savollarga atroflicha javoblar olishdi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari