Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan «Sirdaryo viloyatida sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etish holatini nazorat-tahlil tartibida o‘rganish yakunlari»ga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda Prezidentimizning 2020 yil 12 noyabrdagi tegishli qarorida belgilangan vazifalarning Sirdaryo viloyatidagi ijrosi, xususan, viloyatda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida tibbiy xizmat ko‘rsatish jarayonlarini raqamlashtirish, oilaviy shifokor, uning o‘rta tibbiyot xodimlaridan tashkil topgan «tibbiyot brigadalari» faoliyati, kafolatlangan paket asosida aholining barcha qatlamlariga sifatli va to‘liq tibbiy yordam ko‘rsatilishi, uni moliyalashtirishga qaratilgan davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarining joriy etilish holatini o‘rganish yakunlari muhokama qilindi.
Yig‘ilishda Sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddilari, Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi vakillari, Sirdaryo viloyati hokimligi, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ul rahbarlari ishtirok etdi.
- Ushbu loyiha doirasida viloyatda tajriba-sinov tariqasida tibbiyotni tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari joriy etilgan. Bu amaliyot dastlab Sirdaryo viloyatida sinovdan o‘tkazilgan bo‘lib, joriy yildan Toshkent shahri tibbiyot muassasalariga tatbiq etilmoqda. Bosqichma-bosqich respublikaning qolgan hududlariga joriy qilish rejalashtirilgan. Jumladan, davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari bosqichma-bosqich respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlariga hamda 29 ta xususiy tibbiyot tashkilotlariga ham joriy etildi. Bu esa davlat yoki nodavlat tibbiyot tashkilotlarida davlat mablag‘lari hisobidan tibbiy xizmatlar olish huquqini berdi. Natijada fuqarolarning tibbiyot tashkilotini tanlash imkoniyati kengaydi va tibbiy xizmatdan foydalanish qulayligi oshdi.
Shuningdek, kafolatlangan paket doirasida ko‘rsatiladigan bepul tibbiy xizmatlar ko‘lamini kengaytirish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, bemorlar uchun ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamdan foydalanish qulayligini yanada oshirish maqsadida imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga kvota asosida order berish tartibi bekor qilinib, elektron axborot tizimi orqali hisobga olish va navbat asosida davolanishga yo‘llash tartibi joriy etildi, - dedi qo‘mita raisi o‘rinbosari M. Vorisova.
Yig‘ilishda qayd etilganidek, Sirdaryo viloyatida tibbiyotni tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etish doirasida xodimlarni o‘qitish yo‘lga qo‘yildi, aholi orasida targ‘ibot ishlari olib borildi. Viloyatda patronaj ko‘riklari maqbullashtirilib, yangilangan maqsadli patronaj tizimi joriy qilindi. Yangi shtat me’yorlariga muvofiq, poliklinika va oilaviy shifokorlik punktlarida ikki ming nafar biriktirilgan aholi soniga 3 ta shtat birligida «tibbiyot brigada hamshiralari» lavozimi tasdiqlandi. Oilaviy shifokorga yordam beradigan o‘rta tibbiyot xodimlaridan iborat bo‘lgan 432 ta «tibbiyot brigadalari» tashkil qilindi. Ular tomonidan viloyat aholisining 831 ming 147 nafari hududidagi tibbiyot muassasalariga biriktirilgan holda, ularning elektron bazasi shakllantirildi.
Shu bilan birga, joylarda oilaviy shifokor tomonidan tor soha mutaxassislari konsultatsiyasi va statsionar davolanish uchun yo‘llanmalar berish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Natijada 2021 yilga nisbatan o‘tgan yilda bemorlarni shifoxonalarga yo‘llanma bilan yotqizish ko‘rsatkichi viloyat bo‘yicha o‘rtacha 85 foizga yetgan bo‘lsa, rejali jarrohlik bo‘limlarida operativ faollik 8,1 foizga oshdi.
Yig‘ilishda bir qator taklif-tavsiyalar bildirildi. Xususan, kunduzgi statsionarlar faoliyatidan samarali foydalanish, shifoxonalarda yo‘llanma asosida davolanishiga e’tiborni kuchaytirish, tibbiyot muassasalari faoliyatining o‘zaro integratsiyasini ta’minlash uchun tizimni kompyuter texnikalari bilan to‘liq ta’minlash ishlarini oxiriga yetkazish, tibbiyot muassasalarini yangi tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash va zarur reaktivlar bilan yetarli miqdorda ta’minlab borish zarurligi qayd etildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA