English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat tibbiy sug‘urtasi: amaliyot va natija
10:36 / 2022-02-23

Sirdaryo viloyatida davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini amalga oshirishga bag‘ishlangan konferensiya bo‘lib o‘tmoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST), Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi hamkorligida o‘tkazilayotgan konferensiyada Sirdaryo viloyatida olib borilayotgan tajriba-sinov xulosalari, xalqaro tajriba va kutilayotgan natijalar, yurtimizda amalga oshirilayotgan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami, sog‘liqni saqlashni moliyalashtirish va boshqarishni baholash, viloyatda erishilgan yutuqlar keng muhokama qilinmoqda.

Unda Prezidentimizning 2021 yil 28 iyulda qabul qilingan “Sog‘liqni saqlash sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, viloyatda sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug‘urta tizimi bilan bog‘liq tajriba-sinov ishlari 2021 yil 1 iyuldan joriy etilgani, to‘plangan tajribalar bo‘yicha ma’lumot berildi.

JSST ekspertlari oilaviy shifokor va hamshiralar ko‘rsatayotgan tibbiy yordam samaradorligini oshirish, axborotlashtirish va tibbiyot muassasalarini moliyalashtirish yuzasidan tavsiyalar berib, tajriba-sinov loyihasida erishilgan yutuqlar, muammo va kamchiliklar bilan tanishish istagini bildirdi.

– Sohada murakkab va yuqori texnologik amaliyotlar joriy etilayotgani tizim rivojida muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi JSST eksperti Arnoldas Yurgutis. – Har bir kasallik bo‘yicha kafolatlangan paket ishlab chiqilgani, birlamchi tibbiy sanitariya yordami sifatiga e’tibor qaratilayotgani ma’qul keldi.

– Avvallari aholi oilaviy shifokor ko‘rigiga bormasdan, biryo‘la KTMP yoki statsionardagi shifokorlarga murojaat qilar edi, – deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari F.Mavlonov. – Endilikda ular eng avvalo oilaviy shifokor ko‘rigidan o‘tib, uning maslahati va tavsiyasiga ko‘ra tuman, shahar yoki viloyat darajasidagi tibbiyot muassasalariga murojaat qilmoqda.

Konferensiya davomida ishtirokchilar Guliston shahridagi 3-, 4- oilaviy poliklinikada davlat tibbiy sug‘urtasi tizimida amalga oshirilayotgan yangiliklar bilan yaqindan tanishdi.

Shuhrat Suyarov, O‘zA