Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat tibbiy sug‘urta tizimi: aholi uchun yanada qulaylik
17:40 / 2021-08-25

Salomatlik eng asosiy ne’matlardan biri.

U bo‘lmasa halovat ham xotirjamlik ham bo‘lmaydi.

Bu masala davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Mamlakatimizda aholi salomatligini tiklash, umr ko‘rish davomiyligini uzaytirish maqsadida katta ishlar amalga oshirildi. Muhim qaror va farmonlar qabul qilindi, sohani isloh qilishga bag‘ishlangan davlat dasturlari ishlab chiqildi va natijada uni hayotga tatbiq etish, aholiga munosib tibbiy xizmat ko‘rsatish, davolash va tashxis qo‘yishning eng maqbul tizimini joriy etish borasidagi ishlar boshlab yuborildi. Shunga binoan zamonaviy tibbiy jihozlar keltirildi. Bu kasallikni erta bosqichlarda aniqlash, tashxis qo‘yish, kasallikka chalingan fuqarolarni o‘z vaqtida davolash imkonini bermoqda.

Prezidentimizning 2020 yilning 12 noyabrdagi “Sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, rivojlangan davlatlarda tatbiq etilgan va o‘z samarasini bergan tibbiy xizmat ko‘rsatishning yangi mexanizmi, davlat tibbiy sug‘urta tizimi bilan bog‘liq ishni tashkil etish, uni dastlab Sirdaryoda aprobatsiyadan o‘tkazish, keyingi yillarda respublikamizning barcha viloyatlarida bosqichma-bosqich joriy etish belgilangan edi.

Shunga binoan, Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi tashkil etildi. Yangi tizimni ishga tushirish, aholiga kafolatlangan paket hisobidan tibbiy xizmat ko‘rsatish borasidagi ishlar Sirdaryoda boshlab yuborildi.

– Davlat rivoji tibbiyotga ham bog‘liq, – deydi Sirdaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i, tibbiyot fanlari doktori Rustam Yuldashev. – Aholiga namunali tibbiy xizmat ko‘rsatilmasa, ular sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar o‘z vaqtida bartaraf etilmasa jamiyatda rivojlanish ham, o‘sish ham bo‘lmaydi. Davlat tibbiy sug‘urta tizimini joriy etish, aholiga kafolatlangan tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha rivojlangan davlatlar sug‘urta tizimi bilan bog‘liq ishlar o‘rganib chiqildi. Shunga binoan qator dastur va ishlanmalar asosida ishlar olib borilmoqda. Mutaxassislarimiz uchun jahon tajribasini o‘rgangan va tajriba orttirgan tibbiyotchilar tomonidan o‘qish tashkil etildi. Ishni aholi qatlamini tibbiy xatlovdan o‘tkazish, antropometrik ko‘rsatkichlarini o‘lchash, salomatligi bilan bog‘liq muammolarni sinchiklab o‘rganishdan boshladik. Agar misol tariqasida aytadigan bo‘lsak, xatlov jarayonida viloyat aholisining 94,7 foizi, ya’ni 801 ming 358 nafari tibbiy xatlovdan o‘tkazildi. Ularning salomatligi bilan bog‘liq muammolar o‘rganilib, to‘rtta xavf guruhiga ajratildi. Ayni vaqtda, o‘tkazilgan xatlov jarayonlarida ishtirok etgan, 801 ming 358 nafar aholidan 22 ming 806 nafari yuqori xavf, 122 ming 924 nafari o‘rta xavf, 211 ming 510 nafari past xavf guruhiga kiritilib, ularni sog‘lomlashtirish ustida ish olib boryapmiz.

Tibbiy sug‘urta mexanizmi bilan bog‘liq ishlar viloyatda joriy yilning 1 iyulidan boshlangan. Endi tibbiyot xodimlari ko‘rsatilgan xizmatlar hisobiga haq oladi. Hisob-kitob ishlari, mablag‘ masalasini faqatgina Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi, uning hududiy bo‘limi hal etadi.

Bunda birinchi galda tibbiyot xodimi tomonidan tibbiyot muassasasiga murojaat qilgan fuqaroga ko‘rsatgan tibbiy xizmat turi, sifatiga alohida e’tibor qaratiladi. Oldingidek, shifokor va hamshira ko‘rsatilmagan xizmat turi uchun davlat byudjetidan ish haqi ololmaydi.

Tizimni aholiga qulaylik tomoni nihoyatda ko‘p. Tizim to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilib, ishlar to‘liq tashkil etilgandan so‘ng aholi to‘la-to‘kis kafolatlangan tibbiy xizmat ko‘rsatish paketlaridan foydalana boshlaydi. Unga dori-darmondan tortib, tibbiy xizmat turigacha kafolatlangan paket asosida ko‘rsatiladi. Oldinlari boshqacha edi. Faqatgina kasallarning ma’lum bir turiga, ya’ni nogironligi bo‘lgan shaxslar, xotin-qizlar, urush qatnashchilari va boshqalarga bepul xizmat ko‘rsatilar edi. Qolgan qismi esa o‘rin joyi uchun pul to‘lash bilan birga, dori-darmonini ham olib kelardi.

Bu tizimda esa buning mutlaqo aksi bo‘ladi. Bemor tibbiyot muassasasiga kelgunga qadar bir nechta bosqichli tekshiruvlardan o‘tadi. Undan keyin unga birlamchi tibbiy-sanitariya muassasasida ishlayotgan oila shifokori, terapevt, pediatr, doya va boshqa tibbiyot xodimlari tomonidan tibbiy xizmat ko‘rsatiladi.

O‘rta darajadagilarga birlamchi tibbiy-sanitariya muassasasida davo muolajalari o‘tkazilsa, og‘ir darajadagi bemorlar oila shifokori yo‘llanmasi orqali yuqori turuvchi shifoxonalarga yo‘naltiriladi. Buning uchun esa tizimda barcha shart-sharoitlar yaratilgan.

Prezidentimizning joriy yil 25 maydagi "Sog‘liqni saqlash sohasini kompleks rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori asosida mazkur muassasalarga 566,5 mln. so‘mlik, 66 turdagi bepul dori va tibbiy vositalar yetkazib berilgan.

Birinchi galda birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalari va u yerda ishlayotgan oila shifokori tavsiyasi, qo‘ygan tashxisiga qarab tibbiy xatlovdan o‘tgan va yuqori xavf guruhiga kirgan aholi qatlamiga, yurak qon-tomir kasalligi bilan kasallangan bemorlarga, homilador ayollar, nogiron va yosh bolalar, “Ayollar daftari” va “Temir daftar”ga kirgan ayollar va boshqalarga ushbu bepul dori vositalaridan foydalangan holda xizmat ko‘rsatiladi.

Aholi sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammo yuzasidan birlamchi tibbiy-sanitariya muassasasidagi oila shifokoriga murojaat qilsa, u zarur muolajani o‘tkaza olmasa tuman yoki shahar shifoxonasiga yo‘llanma beriladi. Yo‘llanmaga asosan shahar yoki tuman tibbiyot birlashmasida kafolatlangan paket asosida xizmat ko‘rsatiladi. Shunda ham davolash imkoni bo‘lmasa viloyatga yo‘llanma beriladi. Dori-darmon, o‘rin joyi va boshqa xizmatlar uchun pul to‘lanmaydi. Bu xarajatlar davlat byudjeti hisobidan ajratilib, u davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirib beriladi.

Davlat tibbiy sug‘urta tizimi ko‘p bosqichli mexanizm. Shu boisdan sirdaryolik tibbiyot xodimlar tizimni raqamlashtirish, elektron poliklinika tizimini rivojlantirish, xatlovdan o‘tgan fuqarolarni elektron bazaga kiritish, reyestrini yuritish borasidagi ishlarni allaqachon boshlab yuborgan.

Shuhrat Suyarov, O‘zA