Bu haqda Davlat test markazi matbuot xizmati ma’lum qilmoqda.
Xalqaro imtihon tizimlarini mamlakatimizda joriy etish orqali yoshlarga O‘zbekistonning o‘zida xalqaro imtihonlarni topshirish va xalqaro sertifikatlarga ega bo‘lish imkoniyati yaratilmoqda. Shu maqsadda Davlat test markazi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda.
Ana shunday hamkorlik doirasida test savollarini tuzish va test sinovlarini o‘tkazish bo‘yicha dunyodagi eng yirik tashkilotlardan biri bo‘lgan AQSHdagi ETS tashkiloti va Davlat test markazi o‘rtasida ETS imtihonlarini hamkorlikda o‘tkazish yuzasidan kelishuv imzolandi.
Mazkur kelishuvga asosan Davlat test markazi ETS tashkilotining barcha talablariga javob bergan holda imtihonlar tashkil etish va o‘tkazish huquqini qo‘lga kiritdi. Unga ko‘ra, Davlat test markazi tomonidan o‘tkazilgan imtihonlar xalqaro miqyosda tan olinadi hamda imtihondan muvaffaqqiyatli o‘tgan talabgorlarga ETS tashkilotining xalqaro sertifikati beriladi.