Kuni kecha “Yer soati” kuni munosabati bilan davlat tashkilotlarida elektr jihozlari bir soatga o‘chirildi. Xo‘sh, bu aksiya qanday natija ko‘rsatdi?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi mazkur tadbirda faol qatnashish barobarida real natijani ham tahlildan o‘tkazdi.
Aksiyada Akademiyaning bino va inshootlarida bir soatga (13:00-14:00) chiroq, kompyuter texnikasi, sovitish va isitish uskunalari hamda boshqa elektr energiyasi orqali foydalaniladigan vositalari tarmoqdan uzildi.
Natijada bir soatda Akademiyada 130 kilovatt elektr energiyasi tejaldi.
Ma’lumot uchun: 130 kilovatt energiya bilan 2 ming 166 dona (60 Vt bo‘lgan) volframli chiroqlarni yoqish mumkin.
Birgina Akademiya misolida olingan mazkur hisob-kitoblardan ko‘rinadiki, o‘tkazilgan aksiya natijasida salmoqli miqdordagi elektr energiya tejalib, tabiatning sofligi ta’minlandi.
Vaholanki, aksiya tushlik vaqtiga belgilangan edi va bu vaqtda xodimlar ish bilan deyarli shug‘ullanmaydi. Lekin aksiya ko‘rsatdiki, idora va tashkilotlarda tushlik vaqtida ham elektr jihozlari tarmoqlardan uzilmagan holda bo‘ladi va energiya sarflashda davom etadi.
Demak, bu aksiya bizga tejamkorlikka rioya etishimiz kerakligini eslatdi. Bundan saboq chiqarish foydadan holi emas.
N.Abduraimova, O‘zA