Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat taraqqiyoti ilm-fan rivoji bilan chambarchas bog‘liq (+video)
15:48 / 2024-05-15

Xalqaro maydonda yangi yutuqlar qo‘lga kiritilishida, jamiyatning gullab-yashnashida fandagi muvaffaqiyatlar, ilmiy xulosalar asosiy omil bo‘lib kelgan. Bugun jahondagi qaysiki rivojlangan davlat taraqqiyotiga e’tibor qaratilsa, yuksalish tomirlariga nazar tashlansa, uning tag zamini ilm-fan rivoji bilan chambarchas bog‘liq bo‘lganiga amin bo‘lamiz.

Dunyo ilm-fani rivojiga beshik bo‘lgan Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti qariyb bir asrdan ziyod vaqtdan buyon nafaqat yurtimiz, balki jahon ilm-fani, yuzlab sohalar rivojini ta’minlab kelayotgan muqaddas ilm va fan muassasasi sanaladi.  

Mamlakatimizda va Osiyo qit’asida eng nufuzli va yetakchi oliy o‘quv yurtlaridan biri bo‘lib kelgan Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti yoshlarning ma’naviy salohiyatini oshirish, ilm-fan va madaniyat, zamonaviy ta’lim tizimlarini rivojlantirish, malakali mutaxassislar tayyorlash, umuminsoniy qadriyatlarni yuksaltirishda beqiyos o‘rni va ulkan hissasi borligi o‘tgan davrlarda amalga oshirilgan ishlar ko‘lamidan ham bilsa bo‘ladi.  

Bugun ushbu ilm dargohida buyuk olim va davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek tavalludining 630-yilligi va O‘zbekiston milliy universiteti tashkil topganining 106-yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan “Mirzo Ulug‘bek – buyuk mutafakkir olim va davlat arbobi” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda shu haqda so‘z bordi.  

Dunyoning turli davlatlaridan, xususan Yaponiya, Xitoy, Rossiya, Ispaniya, Germaniya, Turkiya, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston davlatlaridan kelgan yetuk olimlar, mamlakatimizdagi turli oliygohlarning olimlari jahon tamaddunida Mirzo Ulug‘bekning o‘rni xususida to‘xtalib o‘tdi.  

Ta’kidlanganidek, fan olamida ilmiy maktab yaratish o‘ta noyob hodisa. Bu borada Milliy universitet olimlari tomonidan katta ilmiy ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu dargohda kamolga yetgan Habib Abdullayev, Obid Sodiqov, Sa’di Sirojiddinov, Toshmuhammad Sarimsoqov, Jo‘ra Musayev, Mahmud Salohiddinov, Shavkat Alimov, Azimboy Sa’dullayev kabi olimlarning ilmiy merosi jahon ilm-fanining noyob durdonasi sifatida dunyo ta’lim maskanlarida mutaxassislarni tayyorlashga xizmat qilib kelmoqda. Aynan ushbu olimlar taniqli davlat arbobi va olim-u mutafakkir Mirzo Ulug‘bek boshlagan ezgu an’analarning yangi zamondagi davomchilari bo‘ldi, deyish mukin.  

Milliy universitetda ta’lim olgan ko‘plab olimlar hozirda xorijiy oliy ta’lim muassasalarida muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatmoqda. Hozirda Milliy universitetda 29 nafar akademik, 150 dan ortiq fan doktori va professorlar, 400 dan ziyod fan nomzodi, falsafa doktori va dotsentlar faoliyat ko‘rsatmoqda, 200 dan ortiq yosh olimlar va 500 dan ziyod iqtidorli talabalar ilmiy tadqiqotlar olib bormoqda.  

Ulkan ilmiy salohiyatga ega bo‘lgan universitet mamlakatimiz ilm-fanining tayanch oliy ta’lim dargohi hisoblanadi. Unda barcha universitetlar uchun davlat ta’lim standartlari, o‘quv rejalari va dasturlari tayyorlanib kelinmoqda.  

Bundan tashqari, xorijiy ta’lim muassasalari bilan aloqalarni mustahkamlash, ilg‘or texnologiya va kommunikatsiya tizimlarini joriy etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani, rivojlangan davlatlarning 100 dan ortiq oliy ta’lim va ilmiy muassasalari bilan aloqalar o‘rnatilgani, turli loyiha va dasturlar ishlab chiqarilayotgani mamlakatimiz ta’lim tizimini rivojlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.  

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/5upYdOQuhgU" title="Davlat taraqqiyoti ilm-fan rivoji bilan chambarchas bogʻliq" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Jahon ilm-fani rivojiga katta hissa qo‘shgan va davlatchilik tarixida muhim rol o‘ynagan Mirzo Ulug‘bek davrini o‘rganish, uning boy merosini tadqiq qilish kelajak yutuqlariga xizmat qilishi bilan qadrli.  

Ikki kun davom etadigan konferensiya davomida tadqiqotchilar, olimlar turli sho‘balarga bo‘lingan holda 200 dan ortiq ma’ruzalarni tinglashadi va muhokama qilishadi.  

T.Ro‘ziyev, N.Abduvoitov (video), O‘zA