2025/2026 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat bosqichida tahsil olayotgan 101 nafar iqtidorli talaba O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi tanlovi g‘olibi deb topildi.
Shu bilan birga, stipendiyaga loyiq bo‘lmagan, ammo munosib natija ko‘rsatgan talabalar ham e’tibordan chetda qolmadi. Ular tegishli oliy ta’lim tashkilotlari rahbarlari tomonidan rag‘batlantiriladi.
Prezident davlat stipendiyasi tanlovida ishtirok etgan talabgorlar — sertifikat hamda bazaviy stipendiyaning 3 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti, nomli davlat stipendiyalari talabgorlari — sertifikat va bazaviy stipendiyaning 2 baravari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
G‘oliblar orasida Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar ham bor. Bu holat agrar sohadagi yoshlarimizdagi ilmiy va intellektual salohiyatning rivojlanayotganidan dalolat beradi.
Shu tariqa, davlat stipendiyalari yoshlarni ilm-fan, izlanish va yuqori natijalar sari undaydi va ularning ilmiy faoliyatida muhim rag‘batlantiruvchi omil sifatida xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA