O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Bolalar va yoshlarning maktabdan tashqari sport ta’limi tizimini tubdan takomillashtirish orqali iqtidorli sportchilarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya)ning yangi mexanizmlarini joriy qilish, sportchilarning Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlarida, boshqa nufuzli xalqaro musobaqalarda ishtirok etishi hamda yuqori natijalarga erishishini ta’minlash, bu borada trener va sport mutaxassislari mehnatini adolatli asosda rag‘batlantirish maqsadida:
1. Quyidagilar:
Sportni rivojlantirish vazirligi tasarrufidagi 279 ta bolalar-o‘smirlar sport maktablari va ularning filiallari negizida 254 ta sport maktablari 1-ilovaga muvofiq;
Sportni rivojlantirish vazirligi tasarrufidagi 56 ta ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktablari negizida
56 ta ixtisoslashtirilgan sport maktablari 2-ilovaga muvofiq tashkil etilsin.
Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Ikramov) Moliya vazirligi (T.Ishmetov), Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.Xusanov) bilan birgalikda ikki oy muddatda sport maktablari va ixtisoslashtirilgan sport maktablarining (keyingi o‘rinlarda – sport maktablari) namunaviy shtat me’yorlarini tasdiqlasin.
Bunda, sport maktablarining alohida sport inshootlari uchun zarur bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha shtat birliklari to‘liq ajratilishini ta’minlash nazarda tutilsin.
2. Sport maktablarida o‘quvchilarni qabul qilish va tayyorlash bo‘yicha quyidagi tizim joriy etilsin:
sport maktablariga 4 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan sport bilan muntazam shug‘ullanish va kelgusida professional sportchi bo‘lish maqsadidagi bolalar va yoshlar qabul qilinadi;
“Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida o‘tkazilgan ommaviy sport musobaqalarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan yoshlar, shuningdek, 4-6 yoshli bolalar sport turlaridan kelib chiqib ularning antropometrik ko‘rsatkichlari asosida dastlab sport maktabining sport-sog‘lomlashtirish guruhida olimpiya sport turlari yoki milliy kurash bo‘yicha harakatlanish imkoniyatlarini kengaytirish va harakat faolligi tanqisligini to‘ldirish uchun sakkiz oygacha bepul shug‘ullanadi;
sport-sog‘lomlashtirish guruhida shug‘ullangan yoshlar aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimi bo‘yicha sport sinovlaridan o‘tkaziladi, ushbu sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘quvchilar sport maktabining boshlang‘ich tayyorgarlik guruhiga qabul qilinadi. Bu guruhda yoshlar bazaviy tayyorgarlikka ega bo‘lish va keyinchalik ixtisoslashish uchun sportning muayyan turini tanlaydi
va uch yilgacha shug‘ullanadilar;
boshlang‘ich tayyorgarlik guruhida shug‘ullangan va kamida o‘smirlar uchun uchinchi sport razryadiga ega bo‘lgan bolalar sport maktabining o‘quv-mashq guruhiga o‘tkaziladi. Ushbu guruhda bolalar ixtisoslashuv va sportning tanlangan turi bo‘yicha chuqurlashtirilgan mashqlar asosida besh yilgacha shug‘ullanadi;
o‘quv-mashq guruhida shug‘ullangan va kamida uchinchi yoki ikkinchi sport razryadiga ega bo‘lgan bolalar sport maktabining sportda kamolotga erishish guruhiga o‘tkaziladi. Ushbu guruhda bolalar uch yilgacha muddat davomida sport mahoratini takomillashtirish bilan shug‘ullanadi;
sportda kamolotga erishish guruhida shug‘ullangan va kamida O‘zbekiston sport ustaligiga yoki O‘zbekiston grossmeysterligiga nomzod sport razryadiga ega bo‘lgan bolalar sport maktabining oliy sport mahorati guruhiga o‘tkaziladi. Ushbu guruhda bolalar uch yil va undan ortiq muddat davomida sportda shaxsiy imkoniyatlarini namoyon qilish bilan shug‘ullanadi;
sport maktabining sport-sog‘lomlashtirish va boshlang‘ich tayyorgarlik guruhlarida tayyorgarlikdan o‘tgan, professional sportga salohiyati bor o‘quvchilari ixtisoslashtirilgan sport maktabining tegishli yo‘nalishiga (sportning o‘yin turlari va yengil atletika, suv sporti turlari, yakka kurash va gimnastika) o‘qishga qabul qilinadi.
Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Karimov) Moliya vazirligi (J.Abruyev) bilan birgalikda ikki oy muddatda mazkur band talablaridan kelib chiqib Davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan sport maktablari to‘g‘risidagi nizomning yangi tahririni ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
3. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab:
a) aholisi 200 mingdan yuqori bo‘lgan tuman (shahar)lardagi sport maktablarida kamida 20 ta olimpiya sport turlari;
b) aholisi 150 mingdan 200 minggacha bo‘lgan tuman (shahar)lardagi sport maktablarida kamida 15 ta olimpiya sport turlari;
v) aholisi 150 minggacha bo‘lgan tuman (shahar)lardagi sport maktablarida kamida 10 ta olimpiya sport turlari bo‘yicha sportchilar tayyorlanadi;
g) sport maktablari kontingenti faqat Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari dasturiga kiritilgan (bundan milliy kurash hamda alohida Hukumat qarorlari bilan belgilangan sport turlari mustasno) sport turlari bo‘yicha shakllantiriladi. Bunda har bir sport maktabi va ixtisoslashtirilgan sport maktabiga Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari dasturiga kiritilgan 2 ta noolimpiya sport turlari bo‘yicha sportchilarni tayyorlashga ruxsat beriladi;
d) sport maktablaridagi Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari dasturlariga kiritilmagan (milliy kurash hamda alohida Hukumat qarorlari bilan belgilangan sport turlari bundan mustasno) noolimpiya sport turlari bo‘yicha mavjud sport seksiyalari faoliyati sport klublari qoshida rivojlantiriladi;
ye) sport maktablari trenerlariga noolimpiya sport turlari bo‘yicha, shuningdek, aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimi bo‘yicha sport sinovlaridan keyingi bosqichlarga o‘ta olmagan o‘quvchilar uchun olimpiya sport turlari bo‘yicha pullik asosda to‘garaklar tashkil etishga ruxsat beriladi. Bunda:
sport maktablarida pullik asosda ko‘rsatiladigan xizmatlardan tushadigan mablag‘larning bir qismi ular trenerlariga qo‘shimcha
haq sifatida yo‘naltiriladi;
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan oilalarning farzandlariga sport maktablarida mashg‘ulotlar bepul o‘tkaziladi.
Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Ikramov) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:
ikki oy muddatda sport maktablarida rivojlantiriladigan olimpiya sport turlari ro‘yxatini tasdiqlasin;
zaruratga ko‘ra, sport federatsiya (assotsiatsiya)larining talabnomalariga asosan noolimpiya sport turlari bo‘yicha faoliyat olib borayotgan trenerlarni olimpiya sport turlari bo‘yicha qayta tayyorlash kurslarida belgilangan tartibda o‘qitish ishlarini tashkil etsin;
sport maktablaridagi mavjud noolimpiya sport turlari bo‘yicha shug‘ullanayotgan yoshlar ushbu sport maktablarini to‘liq tamomlagunga qadar shug‘ullanishini ta’minlasin.
Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Ikramov), Xalq ta’limi vazirligi (B.Saidov), Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A.Toshkulov), tasarrufida ta’lim tashkilotlari mavjud bo‘lgan vazirlik va idoralar:
sport klublari qoshida rivojlantiriladigan noolimpiya sport turlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida ularga ta’lim muassasalarining sport zallarini dars mashg‘ulotlariga xalaqit qilmagan holda bepul ajratsin;
muntazam ravishda ommaviy axborot vositalari orqali sport klublarida rivojlantirilayotgan sport turlariga o‘quvchi va yoshlar qiziqishini uyg‘otishga qaratilgan targ‘ibot ishlarini olib borsin.
4. Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari tashkil etilsin.
5. Belgilansinki:
olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari olimpiya va paralimpiya zaxiralari kollejlari negizida tashkil qilinadi;
olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlarida o‘qish jarayoni 2 ta bosqichda amalga oshiriladi: birinchi bosqichda 5–11-sinflar uchun Olimpiya maktablari, ikkinchi bosqichda 1–2-kurslar uchun Olimpiya va Paralimpiya kollejlari faoliyat ko‘rsatadi;
olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlarining Vasiylik kengashlariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari rahbarlik qiladi;
Olimpiya maktabining 5-sinfiga sport maktablarida yaxshi natija ko‘rsatgan yoshlar, aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimi bo‘yicha sport sinovlarini muvaffaqiyatli topshirgan va yuqori iqtidorga ega bo‘lgan hamda o‘qish istagini bildirgan o‘quvchilar tanlov asosida qabul qilinadi;
Sportni rivojlantirish vazirligi huzurida malakali trener va xorijiy ekspertlardan iborat Trenerlar kengashi tashkil etiladi;
Olimpiya va Paralimpiya kollejlarining 1-kursiga Olimpiya maktablarini muvaffaqiyatli bitirgan o‘quvchilar, shuningdek, Trenerlar kengashi xulosasiga muvofiq musobaqalarda eng yuqori natijaga erishgan sportchilar tanlov asosida qabul qilinadi;
Olimpiya maktablari hamda Olimpiya va Paralimpiya kollejlarining sport turlari bo‘yicha kontingenti O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi.
6. Quyidagilar Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari mablag‘lari;
ta’lim xizmatlarini ko‘rsatishdan, pedagogika, ishlab chiqarish hamda ular ustavlaridagi vazifalariga muvofiq bo‘lgan boshqa faoliyat turlaridan olingan daromadlar;
yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida Hukumat qarorini qabul qilsin.
7. Sportni rivojlantirish vazirligi tasarrufidagi ayrim sport-ta’lim muassasalari faoliyatini 2022 yil yakuniga qadar rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Sportni rivojlantirish vaziri A.Ikramov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish yuzasidan shaxsan mas’ul etib belgilansin.
8. Sportni rivojlantirish vazirligi uch oy muddatda:
a) Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda:
sport maktablarida tayyorgarlik bosqichlariga va sport turlariga ko‘ra sport maktabiga qabul qilish uchun tavsiya etiladigan o‘quvchi-sportchilarning eng kichik yosh normativlari va tibbiy ko‘rik turlarini;
sport maktablarining tibbiyot xonalarida foydalaniladigan zamonaviy tibbiyot asbob-uskunalari, dori-darmonlar va tiklanish vositalari miqdori va рўйхaтиni tasdiqlasin;
b) tayyorgarlik bosqichlari va sport turlariga ko‘ra sport maktabi o‘quv guruhlarida shug‘ullanadiganlar soni (o‘quv guruhining to‘liqligi)ni belgilasin;
v) sport maktablari shug‘ullanuvchilariga sport tayyorgarligi bosqichlari bo‘yicha beriladigan sport unvonlari va razryadlarini tasdiqlasin;
g) xalqaro tajribani o‘rganish asosida sport-ta’lim muassasalarining faoliyati samaradorligini reyting tizimi asosida baholash tartibini qayta ko‘rib chiqsin va uning takomillashtirilgan tahririni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
9. Sport maktablarining direktorlari, direktorlarning o‘quv, sport, ommaviy sportni rivojlantirish va seleksiya ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlari, instruktor-metodistlari, trenerlari va tibbiyot xodimlarining bazaviy tarif stavkasiga o‘quvchi-sportchilar erishgan yuqori sport natijalaridan kelib chiqib har oyda to‘lab beriladigan ustamalar miqdorlari 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
10. Sportni rivojlantirish vazirligi tasarrufidagi sport maktablari trenerlarining bazaviy tarif stavkalari 2022 yil 1 sentyabrdan o‘rtacha 1,35 baravarga oshirilsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 11 apreldagi “Mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–201-son qarori bilan 2023 yil 1 martdan boshlab olimpiya, noolimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha uch bosqichli umumrespublika sport musobaqalarini o‘tkazish tizimi joriy etilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Belgilab qo‘yilsinki:
birinchi bosqich – tuman (shahar) musobaqalarida qatnashmagan sportchilar ikkinchi bosqichga – viloyat musobaqalarida ishtirok etishga;
ikkinchi bosqich – viloyat musobaqalarida qatnashmagan sportchilar uchinchi bosqichga – respublika (final) musobaqalarida ishtirok etishga yo‘l qo‘yilmaydi;
milliy terma jamoalar tarkibiga barcha bosqichlardan o‘tgan g‘olib yoki sovrindor bo‘lgan sportchilar saralab olinadi.
12. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2023 yil 1 yanvardan boshlab sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasida nazarda tutilgan O‘zbekiston chempionatlari va kuboklari musobaqalari sport turlari xususiyatlariga muvofiq, sport federatsiya (assotsiatsiya)lari tomonidan, xalqaro sport tashkilotlarining tasdiqlangan norma va qoidalarida belgilangan yosh toifalari (kichik o‘smirlar, o‘smirlar, yoshlar, U-23 va kattalar) o‘rtasida yilda bir marta o‘tkaziladi, bunda musobaqalarni tug‘ilgan yillar kesimida o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Sportni rivojlantirish vazirligi ikki oy muddatda xalqaro tajriba va standartlarni chuqur tahlil qilgan holda milliy chempionatlar va kuboklarni o‘tkazish tartibini takomillashtirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
13. Belgilansinki, bolalar-o‘smirlar sport maktablari va ularning filiallarini maqbullashtirish va ular xodimlarini qisqartirish natijasida bo‘shab qoladigan byudjet mablag‘lari Sportni rivojlantirish vazirligi tizimidagi sport-ta’lim muassasalarining boshqa zarur xarajatlari uchun yo‘naltiriladi.
14. Belgilansinki, 2023 yildan boshlab har yili qo‘shimcha ravishda respublika byudjetidan:
sport maktablarining tibbiyot xonalarini zamonaviy asbob-uskunalar, dori-darmon va tiklanish vositalari bilan jihozlashga – 10 milliard so‘m;
sport maktablari uchun zamonaviy o‘quv adabiyotlarini chop etish va xarid qilishga – 2 milliard so‘m;
viloyat, respublika va xalqaro sport musobaqalarida ishtirok etadigan sport maktablari shug‘ullanuvchilarini (terma jamoalarini) maxsus sport kiyimlari (ekipirovkalar) bilan ta’minlashga – 23 milliard so‘m ajratiladi.
15. Moliya vazirligi (T.Ishmetov) mazkur qarorga muvofiq respublika byudjetidan bir oy muddatda tuman (shahar)larning sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlari kalendar rejalaridagi sport tadbirlarini moliyalashtirish uchun 55 milliard so‘m ajratilishini ta’minlasin hamda 2023 yildan boshlab har yili ushbu mablag‘larni Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutsin.
16. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
joylarda, ayniqsa, qishloq va chekka hududlarda aholi o‘rtasida sport musobaqalari, sport aksiyalari, havaskorlik chempionatlarini tizimli tashkil etish choralarini ko‘rsin;
hududiy, tuman va shaharlarning sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlari kalendar rejasida nazarda tutilgan musobaqalarni o‘tkazish, ushbu musobaqalarda o‘quvchi-sportchilar ishtirokini ta’minlash uchun ushbu tadbirlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar)lar mahalliy byudjetlari va ularning qo‘shimcha manbalari hisobidan to‘liq moliyalashtirilishini ta’minlasin;
sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasida nazarda tutilgan barcha sport turlari bo‘yicha O‘zbekiston chempionati va kubogi musobaqalarida hududiy terma jamoalar ishtirokini ta’minlasin;
har oyda kamida bir marta sport maktablarida va ularning sport inshootlarida hamda jismoniy tarbiya, sport markazlari va klublarida “ochiq eshiklar” kunlarini tashkil etishni an’anaga aylantirsin;
sport federatsiya (assotsiatsiya)larining hududiy bo‘linmalari hamda noolimpiya sport turlari bo‘yicha faoliyat ko‘rsatayotgan sport klublari faoliyatini yanada rivojlantirish uchun ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rsin;
jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlarida imkoniyati cheklangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga sport bilan shug‘ullanish uchun sharoitlar yaratsin hamda ushbu muassasalarni maxsus sport jihozlari bilan ta’minlasin;
sport maktablarini boshqarish va samaradorligini tahlil qilishda jamoatchilikning ishtirokini ta’minlash choralarini ko‘rsin.
17. Toshkent viloyati hokimligi (Z.Mirzayev) 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab Toshkent viloyati gimnastikaga ixtisoslashtirilgan sport maktabi faoliyatini yo‘lga qo‘ysin.
18. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 5 noyabrdagi “Sport-ta’lim muassasalari faoliyatini 2025 yilgacha rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi PQ–5280-son qaroriga 5-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.
19. Sportni rivojlantirish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
20. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib sportni rivojlantirish vaziri A.I. Ikramov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2022 yil 6 iyun