Qashqadaryo viloyat soliq boshqarmasida 12 avgust – Davlat soliq xizmati organlari tashkil etilganiga 34 yil to‘lishi munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Viloyat hokimi Murodjon Azimov soliq tizimida uzoq yillar mehnat qilgan nuroniylar va soliq boshqarmasi xodimlarini davlat soliq tizimi tashkil etilganligi va davlatimiz mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan tabriklab, faxriy yorliq va esdalik sovg‘alar bilan taqdirladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 1991 yil 12 avgustda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qoshida Davlat soliq bosh boshqarmasi tashkil etilgan. 1994 yil 18 yanvarda Prezident farmoni bilan bosh boshqarma O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasiga aylantirilgan.
Tadbir davomida o‘tgan yillar davomida soliq tizimida amalga oshirilgan izchil islohotlar, sohaga umrini baxshida qilgan insonlar, rahbarlarning nomlari qayd etib o‘tildi.
Ta’kidlanishicha, o‘tgan yili viloyatda davlat byudjetiga tushumlar 4 268,9 milliard so‘mni tashkil etib, belgilangan reja oshig‘i bilan bajarilgan bo‘lsa, bu yil 7 oyda byudjet tushumlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 122,3 foizga ko‘paydi.
Shuni alohida qayd etish joizki, soliqlarning kattagina qismi mahalliy byudjetga yo‘naltirilib, bu mablag‘lar shahar va qishloqlarni, mahallalarni yanada obodonlashtirishga sarflanmoqda. Shu nuqtai nazardan joriy yil 1-yarmida mahalliy byudjetga 130 milliard so‘m rejaga nisbatan qo‘shimcha mablag‘lar tushirilib, o‘tgan yilga nisbatan bu ko‘rsatkich 347,6 foizga (3,5 barobarga) oshdi.
[gallery-24706]
Shuningdek, viloyat soliq xizmati organlarida ishlab kelayotgan hamda tizimda uzoq yillar mehnat qilib, bugungi kunda nafaqa gashtini surayotgan soha fidoiylariga boshqarma boshlig‘ining tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat),
O‘zA muxbirlari