Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasining yangi logotipi tasdiqlandi
13:55 / 2025-06-03

Davlatimiz rahbarining joriy yil 5 maydagi “Istiqbolli kadrlarni maqsadli tayyorlash hamda ularni davlat boshqaruvi va xizmatiga samarali jalb etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi etib qayta tashkil etilgan edi.

Davlat xizmatchilarining malakasini muntazam oshirib borish va qayta tayyorlash, shuningdek, boshqaruv kadrlarini magistratura va oliy ta’limdan keyingi ta’lim bosqichlarida o‘qitish Akademiyaning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.

Akademiyada 2025 yil 1 iyuldan davlat organlari va tashkilotlari tomonidan davlat xizmatchilarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash xodimlarning kasbiy rivojlanish ehtiyojlariga asoslangan holda tashkil etiladi hamda malaka oshirishning an’anaviy, muqobil va mustaqil shakllari joriy etiladi.

2025 yil 1 iyuldan boshlab Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi tomonidan qisqa muddatli kurslarda faqatgina "Siyosiy" va "Boshqaruv" guruhlariga mansub davlat xizmatchilarining malakasi oshiriladi.

Akademiyaning malaka oshirish va qayta tayyorlash ta’lim dasturlarida tahsil oladigan davlat xizmatchilari kontingenti Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan shakllantiriladi.

Yangi nomda yangicha ish boshlagan Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasining yangi logotipi tasdiqlandi. 

Yangi ramz – akademiyaning qadriyatlari, ma’naviy missiyasi va kelajakka intilishini ifodalovchi bir butun timsoldir.

Logotipdagi ramziy ma’nolarga to‘xtalib o‘tsak, kitob – bilim va ilm, akademik tahsil, izlanish va taraqqiyot ramzi. Humo qushi – ezgulik, erkinlik, insonparvarlik va kelajakka ishonch ramzi. Magistr bosh kiyimi – akademik muvaffaqiyat, bilimli kadrlar tayyorlash va oliy ta’lim ramzi. 5 ta yulduzcha – boshqaruvdagi 5 asosiy qadriyat: adolat, halollik, mas’uliyat, bilim, taraqqiyot. Quyosh – yangi kun, yangi imkoniyatlar, yangilanish va rivojlanish ramzi. G‘alla shoxlari – baraka, mehnat va xalq farovonligi uchun xizmat qilish g‘oyasi ramzidir.

Yangi logotip Akademiyaning zamonaviy davlat boshqaruvi sohasida yetakchi bilim va tajriba markazi sifatidagi maqomini, milliy qadriyatlarga sodiqligi va islohotlar ruhini o‘z ichiga olgan yangi missiyasini aks ettiradi.

N.Abduraimova, O‘zA