Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) tomonidan amalga oshirilayotgan “Samarali boshqaruv” dasturi doirasida inson resurslarini boshqarish sohasiga mas’ul davlat xizmatchilari uchun “Davlat sektorida xodimlarni ishga qabul qilishda halollik va komplayens” mavzusida xalqaro trening tashkil etildi.
Treningda vazirlik va idoralarning inson resurslarini boshqarish sohasiga mas’ul 35 nafar xodimi, OAV va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirning asosiy maqsadi — davlat sektorida ishga qabul qilish jarayonlarini shaffof, adolatli va diskriminatsiyasiz tashkil etish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish hamda komplayens talablariga muvofiq ish yuritish bo‘yicha amaliy bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishdir.

Treningda Germaniyadan taklif etilgan xalqaro ekspert I.Zorgats ishtirok etib, xodimlarni ishga qabul qilish jarayonlarida etnik me’yorlar, kamsitmaydigan protseduralar, manfaatlar to‘qnashuvini bartaraf etish usullari va muvofiqlikni nazorat qilish vositalari haqida to‘liq ma’lumot taqdim etdi.
Ishtirokchilar xalqaro tajribaga asoslangan amaliy yechimlar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Trening interaktiv muhokamalar, keys-stadi, simulyatsiya va rivojlangan mamlakatlar tajribasiga asoslangan amaliy mashg‘ulotlar orqali tashkil etilgan bo‘lib, ishtirokchilarning nazariy bilimlari amaliyot bilan uyg‘unlashtirildi.

Bunday yondashuv ishtirokchilarga real ish sharoitida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan murakkab vaziyatlarni tahlil qilish va yechim topish ko‘nikmalarini rivojlantirishga yordam beradi.
Mazkur trening “Samarali boshqaruv” dasturining inson resurslarini boshqarish sohasidagi salohiyatni oshirishga qaratilgan muhim bosqichlaridan biri bo‘lib, davlat xizmatchilarida shaffoflik, mas’uliyat va professional yondashuvni mustahkamlashga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA