2025 yil – Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili
Kech kuzda shudgorda unutib qoldirilgan cho‘ponning tayog‘i bahorgacha ildiz otib ketgani haqida hazilomuz gurunglar bor. Aslida bu oddiy gap emas. Tuprog‘imiz zarligi, zamin bilan uyg‘unlashib ketganligimizning bir ifodasi shu.
Birni kessa o‘nni ekkanlarning avlodimiz. Bobolarning ajab bir odati bor – nabirali bo‘lsa agar, tomorqaga bir tupgina ko‘chat qadar. Ular shunday, tabiatga “ona” so‘zin qo‘shib aytar.
Bugun dunyoda iqlim o‘zgarib ketdi. Endi borliqni shunchaki sevish, unga ozor bermaslik bilangina ish bitmaydi. Endi yerni har daqiqa his qilish, u bilan yuraklar bittaga aylanishi kerak. Kelajakda kutilishi mumkin bo‘lgan muammolarni oldindan taxmin qilishga, unga qarshi choralarni birgalikda ko‘rishga majburmiz.
Mamlakatimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasi boshlanganiga uch yil bo‘ldi. Davlat rahbarining bu tashabbusiga yetti-yoshdan yetmish yoshgacha – barcha esh bo‘ldi. Milliy qadriyatlarimiz – bahor va kuzda daraxt ko‘chatlari ekish an’anasi yangi ruh bilan jonlandi. Bir so‘z bilan aytganda bu loyiha chinakam xalq harakatiga aylandi.
Bu ishlarda ham Prezident o‘rnak, u hamisha oldingi safda. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 23 noyabr kuni umummilliy loyiha doirasida barpo etilayotgan yangi boqqa ko‘chat ekdi. Bektemir tumanida – Toshkent halqa yo‘li bo‘yida yuz gektarlik yashil hududga asos solindi.
Bu yerda ikki yilda jami yuz ming tup daraxt va buta ko‘chatlari ekilishi ko‘zda tutilgan. Nihollarning unib ketishi esa parvarish va suv ta’minotiga bog‘liq. Buning uchun hududda uchta sun’iy suv havzasi, o‘ndan ortiq quduq barpo etildi.
[gallery-20508]
– Bu xayrli ishning ko‘lami katta. Keyingi uch yilda yurtimiz bo‘yicha 646 million tup ko‘chat va butalar ekildi, – deydi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov. – Shu yilgi bahorda 138 million tup ko‘chat o‘tqazildi. Kuzgi mavsumda esa yana 80 million tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish reja qilingan. Bunda raqamlar ortidan quvishga emas, ishning sifatli bo‘lishiga harakat qilinyapti. Har bir niholning hisobini yuritish, parvarishlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilanmoqda. Buning uchun mas’uliyat kuchaytirildi. Daraxtlarni uch yil davomida parvarishlash, sug‘orish ishlari alohida e’tiborda bo‘ladi. Bu tashabbus Prezidentimizning ekologiyani yaxshilash, “yashil” iqtisodiyotni rag‘batlantirishga e’tiborining muhim bir jihati sanaladi. Quvonarlisi, tadbirlarda xalqimiz, keng jamoatchilik faol qatnashmoqda.
E’tibor qilinsa, katta-katta korxonalar, chiqindi poligonlari atrofiga hamda avtomobil yo‘llari bo‘yi, dala chetlariga ham ko‘chatlar ekilyapti.
– Bu ishlar zamirida mamlakatimizni yanada obod qilish, tabiatni asrashdek ezgu niyat mujassam, – deydi Oliy Majlis Senati qo‘mita raisi Qutbiddin Burxonov. – Barcha vazirlik, tashkilot va idoralar rahbarlari xalq bilan birgalikda ko‘chat ekyapti. O‘tgan hafta mamlakatimizda muhim siyosiy jarayonlarga boy bo‘ldi. Uch kun davomida Prezident ishtirokida muhokama qilingan barcha tashabbus va rejalar, ularda ilgari surilgan g‘oya, maqsad va vazifalarni xalqimiz o‘zgacha hayajon bilan kutib oldi. Kelayotgan yilni yurtimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilishni taklif qilganlari xalqimizning dilidagi gap bo‘ldi. Xalqimiz hamisha tabiatni asrashga intilgan. Bugungi qilinayotgan ishlar ham shu qadriyatlarimizga asoslangan.
Prezident bu an’ana xalqimizga xosligini doim takrorlaydi. Tabiatni, yerni, suvni e’zozlashimiz zamirida shu haqiqat mujassam. Davlat rahbari barchani – har bir xonadon, har bir korxonani tabiatni asrashga chorlamoqda.
– Hovlimiz Bo‘stonliqda, – deydi yangi ekilgan ko‘chatning tagiga tuproq tortayotgan Shomurod bobo Uzoqov. – Tomorqamizning adog‘ida otam rahmatli ekkan yong‘oq bor. Mevasi yuqapo‘choq. Barmoqlar orasida siqib, chaqib yuborsa bo‘ladi. Bu daraxtning qarovi yaxshi bo‘lsa, ikki-uch yuz yilgacha yashaydi. Hozir ham gurkurab turibdi, qarigan demaysiz. Tanasi juda bahaybat bo‘lib ketgan. Nabiralar u shoxidan bu shoxiga o‘tib o‘ynaydi. Bir oilaga bir tupgina yong‘oqning qancha foydasi bor-a?! Shu kunlardagi hasharga qarab hayratga tushmay iloj yo‘q. Shuncha harakat, shuncha ko‘chat parvarishi besamar ketmaydi. Bizga o‘xshagan nuroniylar bu ishlarning boshida turganlarni duo qilib o‘tiribdi. Bog‘ yaratgan hamisha elda aziz bo‘lgan. Bu joylar hali bir so‘lim go‘shalar bo‘ladi, nabiralarimiz o‘ynab-kuladi, mevalaridan totadi.
Ezgu tashabbus mamlakatimizning barcha hududlarida keng ko‘lamda amalga oshirilmoqda. Aytaylik, Samarqand viloyatida har yili o‘n yetti million tupdan ortiq ko‘chat ekilmoqda. Birgina shu yilning bahorgi mavsumida hudud bo‘yicha o‘n bir million olti yuz ming tupdan ortiq ko‘chat o‘tqazildi. Ayni mavsumda esa olti million bir yuz yigirma besh ming tup daraxt va buta ko‘chatlari ekiladi.
Viloyatda ko‘chatlarni parvarish qilish va sug‘orish maqsadida oltmish kilometr sug‘orish tarmoqlari tortildi. O‘ttiz oltita yer osti suv quduqlari ishga tushirildi. Sug‘orish jarayoniga esa qirqta maxsus texnika jalb etildi.
Barcha tirik organizmlar uchun toza havo juda muhim. Uning sifat ko‘rsatkichlari ekologik standartlarga mos kelmay qolayotgani tashvishli. Mamlakat bo‘ylab keng quloch yoyga bu harakat natijasi bugun yoki ertaga ko‘rinmasligi mumkin. Samara yaqin istiqbolda yaqqol seziladi.
Ikrom AVVALBOEV, Otabek MIRSOATOV (Foto).
O‘zA