Prezident tashrifidan so‘ng...
O‘tni chuqalayversang o‘chadi, deydi yoshi ulug‘larimiz. Haq gap. Ba’zilar o‘choq gurillasin degan niyatda olovga teginaveradi. Bu xato, to‘g‘ri yo‘l – zarur paytda o‘tin, xas-cho‘p tashlab turish, vaqti-vaqti bilan yengil yelpib qo‘yish kifoya.
Katta loyihalar tashabbuskori, “Universal filter” brendi asoschisi Ibrohim Fayziyev bilan muloqot asnosida xayolda shu – alanga haqidagi manzara beixtiyor gavdalanaverdi. Bu bejiz emas.

Tadbirkor o‘n yetti yil oldin “Navpromlitmash” mas’uliyati cheklangan jamiyatini tashkil etib, qurilish materiallari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan. U ko‘p ishladi, yangi loyihalarni tatbiq qilishga tirishdi. Lekin turli qiyinchiliklarga duch kelaverdi. O‘n yillab aylanma mablag‘i o‘zi kutganidek bo‘lmadi. Bu raqam atigi bir milliard so‘m atrofida qolaverdi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 31 oktyabr kuni Navoiy shahridagi sanoat zonasida bo‘lib, ushbu korxona faoliyati bilan ham tanishdi. Prezident tashrifidan so‘ng bu yirik loyiha egasi bilan suhbatlashdik.

– Ma’lumotlarga ko‘ra, keyingi yetti yilda Navoiy viloyatida sakkiz milliard dollarlik 6 ming 500 ta loyiha ishga tushgan. Sizga o‘xshagan tadbirkorlar soni uch karra ko‘paygan. Shu vaqt ichida viloyat iqtisodiyoti mamlakatda to‘qqizinchi o‘rindan uchinchi o‘ringa chiqdi. Keling, suhbatimizni shu yetti yil ichida sizning faoliyatingizda nimalar o‘zgarganini bilish bilan boshlasak.
– Shu yilning yakuniga qadar 200 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqaramiz. Bu ko‘rsatkich bundan yetti-sakkiz yil oldingi davr bilan taqqoslanganda, ishlab chiqarish hajmi ikki yuz barobarga oshdi. So‘nggi uch-to‘rt yilda 20 million dollarlik loyihalarni amalga oshirdik. Bugungi kunda uch gektar maydonda 6 ta yo‘nalishni yo‘lga qo‘ydik. Korxonalarimizga Rossiya, Xitoy, Slovakiya kabi davlatlardan zamonaviy texnologiyalar keltirdik. Transportlar uchun havo va moy filtrlari, metallurgiya, neft-gaz va kimyo sanoati korxonalari uchun buyumlar – jami 600 turdan ortiq mahsulotlar ishlab chiqaryapmiz. Mahsulotlarimiz mahalliylashtirilishi natijasida sifatni yo‘qotmagan holda tannarxni tushirishga erishyapmiz. Bu katta natijalar haqida avval o‘ylab ham ko‘rmaganmiz.
– Ishlab chiqarayotgan mahsulotlaringiz turi va ahamiyati haqida gapirsangiz.
– Yuqorida ta’kidlaganimdek, avtomobillar uchun filtrlar, og‘ir sanoat uchun ba’zi uskunalar ishlab chiqarish hajmi yildan-yilga ortmoqda. Shuningdek, mamlakatimizda mis va oltinni qayta ishlash sanoati uchun noyob texnologiyalar ishlab chiqaramiz. Asosiy maqsadimiz esa sanoatning strategik tarmoqlari uchun nostandart uskuna va butlovchi qismlarni mahalliylashtirishdan iborat. Xorijdan zamonaviy texnologiyalar keltirib o‘rnatganimiz 250 nafar ishchimizning mehnatini yengil qilish bilan birga mahsulotlarimizni sifatli chiqarishda muhim omil bo‘lmoqda. Uskuna va butlovchi qismlar, filtrlar “Navoiy KMK”, “Olmaliq KMK”, “Qizilqumsement”, “Navoiy IES”, “O‘zkimyosanoat”, “O‘zbekneftgaz”, “O‘zavtosanoat” kabi yirik sanoat korxonalari va issiqlik elektr stansiyalariga kooperatsiya asosida yetkazib berilmoqda. Buyurtmachilar safi kengaymoqda. Bugungi kunda Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston va Ozarbayjonga ham mahsulotlar jo‘natilmoqda. Yil yakuni bo‘yicha eksport hajmi bir million dollarga yetishi kutilmoqda.
– Korxonaning istiqboldagi rejalari qanday?
– Prezident tashrif buyurgan joyda katta o‘zgarish va rivojlanish bo‘ladi. Bu amaliyotda o‘z isbotini topib kelyapti. Davlatimiz rahbari bu yerdagi ish jarayoni, mahsulotlar va sinov laboratoriyasi faoliyati bilan tanishdi. Ishchilar bilan suhbatlashdi. Prezident tashrifidan keyin jamoaning kayfiyati va shijoati yuz karra oshdi. Istiqboldagi rejalarimiz uchun o‘zgacha kuch-g‘ayrat oldik.
Davlatimiz rahbari rejalarni katta olishimiz, gidroenergetikani yanada rivojlantirish lozimligini ta’kidladilar. Bu borada o‘zimizga ham topshiriqlar oldik. Masalan, kichik va mikroGESlar qurish, ularning komponentlarini ishlab chiqarishga e’tibor qaratamiz. Xalqimiz izlanuvchan va mehnatkash. Bu asosiy omil. Yangi-yangi loyihalarni amalga oshirar ekanmiz, ishimiz oldinga yurib, rivojlanib boraveradi.
O‘zA muxbiri
Ikrom AVVALBOEV
suhbatlashdi.