So‘nggi yillarda, ayniqsa 2025 yil Markaziy Osiyo xalqaro munosabatlar tizimida mutlaqo yangicha sifat bosqichiga ko‘tarildi.
Geosiyosiy raqobat kuchaygan, global tizimda ishonch inqirozi chuqurlashgan bir sharoitda mintaqa davlatlarining o‘zaro yaqinlashuvi, pragmatik hamkorlikka asoslangan tashqi siyosat yuritishi va umumiy strategik manfaatlarni ilgari surishi xalqaro jamoatchilik e’tiborini tortmoqda.
Ushbu maqola O‘zbekiston tashqi siyosati, xususan “Yangi Markaziy Osiyo” konsepsiyasining mazmun-mohiyati, siyosiy, iqtisodiy va gumanitar o‘lchami xususida ekspert Sayfiddin Jo‘rayev fikrlari asosida tayyorlandi.
– Mutaxassis Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarning mintaqaviy barqarorlik, ishonch muhitini mustahkamlash hamda Markaziy Osiyoni global siyosatda mustaqil va mas’uliyatli sub’ekt sifatida shakllantirishdagi o‘rnini atroflicha ochib berishga harakat qilgan.
Ma’lumki, mamlakatimizning tashqi siyosatda, xalqaro tizimlarda o‘z manfaatini himoya qilishi jarayonida Markaziy Osiyo eng ustuvor yo‘nalish sifatida tanlangan. Shu ma’noda 2025 yil keng jamoatchilikka taqdim etilgan Shavkat Mirziyoyevning “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” sarlavhali strategik-tahliliy maqolasi jahon miqyosida e’tiborni jalb qilib, muhim konseptual manba sifatida namoyon bo‘ldi.
Umuman, davlat rahbari tomonidan yangi Markaziy Osiyoning bugungi holati va istiqboliga doir ilgari surilgan strategik g‘oyalar, qarashlar va tashabbuslar tizimli markaziy nuqtalar sifatida ko‘rinadi.
Prezidentning konseptual qarashlari tizimli yondashuvga asoslangan bo‘lib, xalqaro vaziyatga strategik baho berish, mintaqa davlatlari oldida turgan ustuvor vazifalarni belgilash, Davlat rahbarlari Maslahat kengashining strategik yutuqlari va mintaqada shakllangan yangi siyosiy reallikni anglash imkonini beradi. Shuningdek, Maslahat uchrashuvlarini institutsional rivojlantirishning yangi jihatlari va istiqbolli yo‘nalishlarini aks ettiradi.
Xususan, xalqaro munosabatlar va global siyosatdagi yangi jarayonlarning tahlili va Markaziy Osiyoga ta’siri yuzasidan ilgari surilgan yondashuvlar mukammal tahliliy xulosalari bilan ajralib turadi. Davlat rahbari dunyoda yuz berayotgan transformatsiya jarayoni mohiyatini ochib berib, mintaqaga ta’sirini aniq misollar orqali izohlab beradi.
Maslahat uchrashuvlari platformasining ayni jarayondagi o‘rni va ahamiyati alohida ta’kidlanib, bugungi taraqqiyot va kelajakka daxldor strategik masalalar bo‘yicha umumiy yondashuv ishlab chiqish uchun asosiy muloqot maydoni sifatida shakllangani qayd etiladi.
2017 yil yo‘lga qo‘yilgan mazkur format mintaqaviy hamkorlik tarixida tub burilish yasadi. Mintaqa yetakchilari ilk bor tashqi vositachilarsiz, tizimli va muntazam muloqot yurita boshladilar. Shu tariqa ishonch, ochiqlik va umumiy manfaatni anglashga asoslangan yangi siyosiy platforma shakllandi.
Aynan Maslahat uchrashuvlari ko‘rinishidagi muloqot orqali eski davrdan qolgan qator kelishmovchiliklar bartaraf etilib, ishonchsizlikdan haqiqiy hamkorlik sari qadam tashlandi.
Jumladan, davlatlar o‘rtasidagi chegaraviy muammolar uzil-kesil hal etildi, chegara tartib-taomili takomillashtirildi, mintaqaviy xavfsizlik sohasida yangi tendensiyalar vujudga keldi. Ayniqsa suv-energetika masalalari va gumanitar sohada jiddiy ijobiy o‘zgarishlar sodir bo‘ldi.
Voqealar rivoji, keng qamrovli vazifa va masalalar kun tartibiga chiqishi, yangi tashabbuslarni amaliyotga joriy etish zarurati tabiiy ravishda institutsionallashuv masalasini dolzarb qilib qo‘ydi.
Mintaqada yangi iqtisodiy voqelik shakllandi: davlatlarning yalpi ichki mahsuloti miqdori o‘sib bormoqda, tashqi savdo hajmi kengaymoqda, sanoat kooperatsiyasi rivojlanmoqda, ishlab chiqarish hamkorligining yangi shakllari vujudga kelmoqda.
Ishlab chiqarish kooperatsiyasining yangi shakllarini yo‘lga qo‘yish – qo‘shma investitsiyaga asoslangan loyihalar, biznes rivojiga xizmat qiladigan chegara oldi savdo zonalari hamda xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazlari faol rivojlanishida namoyon bo‘lmoqda.
So‘nggi sakkiz yil davomida Markaziy Osiyo mamlakatlarining yalpi ichki mahsuloti qariyb ikki yarim barobar o‘sib, 520 milliard dollarga yetdi, tashqi savdo hajmi ikki karradan ziyod ko‘payib, 253 milliard dollarni tashkil etdi, o‘zaro savdo hajmi ham ikki barobar oshib, qariyb 11 milliard dollarga yetdi. Shuningdek, o‘zaro investitsiya hajmi 5,6 barobar oshgan.
Sanoat sohasida Markaziy Osiyo mamlakatlari barqaror ravishda yiliga o‘rtacha 6 foizlik o‘sish namoyish etmoqda. Bu jahondagi o‘rtacha o‘sish sur’atidan qariyb ikki barobar yuqori. Bunday natija ishlab chiqarish kooperatsiyasining yangi shakllarini joriy etish, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, avtomobilsozlik, elektrotexnika, to‘qimachilik sanoati va qishloq xo‘jaligi sohalarida hamkorlikni kengaytirish bilan bog‘liq.
Prezident ta’kidlashicha, mintaqa mamlakatlari tomonidan tasdiqlangan 2025-2027 yillarda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar rejasi hamkorlikni chuqurlashtirishda muhim vositaga aylanmoqda. Kichik va o‘rta biznes rivojiga xizmat qiladigan chegara oldi savdo zonalari hamda xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazlari faol ishlamoqda.
Keyingi yillarda o‘zaro bordi-keldi faollashuvi, qo‘shma hamkorlik fan, madaniyat, ta’lim, sport, sog‘liqni saqlash sohalarida, shuningdek ayollar va yoshlar o‘rtasidagi muloqot doirasida kengayishi yangi gumanitar voqelikni shakllantirmoqda.
Gumanitar sohada so‘nggi yillarda aloqalar izchil mustahkamlanmoqda. Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti va Yoshlar platformasi ta’sis etildi, 2022 yildan boshlab rektorlar va olimlar forumlari o‘tkazilmoqda. O‘zaro madaniyat yillari, ko‘rgazma, konsert va sport tadbirlari muntazam tashkil etilmoqda.
Qardosh xalqlarimiz bu ijobiy o‘zgarishlarni o‘z kundalik hayotida bevosita his etmoqda. Yangi o‘tkazish punktlari ochilishi, havo qatnovi, temir yo‘l va avtobus yo‘nalishlari yo‘lga qo‘yilishi o‘zaro bordi-keldini bir necha karra oshirish, madaniy-gumanitar aloqalarni yanada kengaytirish imkonini berdi. Mintaqa mamlakatlarining umumiy sayyohlik oqimida ichki mintaqaviy turizm ulushi 80 foizdan oshdi.
Mintaqaviy o‘ziga xoslikning yangi tendensiyasi vujudga kelib, izchil takomillashmoqda. Asta-sekin Markaziy Osiyoning yangi mintaqaviy o‘ziga xosligi shakllanmoqda. Bu jihatlarni e’tirof etish va ayni payt xalqlarimizning umumiy tarixi, mushtarak madaniyati hamda taqdiri o‘zaro bog‘liqligini chuqur anglash zarur. Zero, qo‘shnichilik, “bir tomonning muvaffaqiyati – barchaning yutug‘i” tamoyilga asoslangan yagona mintaqaviy makonga mansublik hissi tobora mustahkamlanmoqda.
O‘zbekiston yetakchisi ta’kidlashicha, Markaziy Osiyoning har bir davlati iqtisodiyotni rivojlantirish, o‘zaro ishonchni mustahkamlash va mintaqaviy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan sa’y-harakati orqali mintaqa barqarorligi va farovonligiga munosib hissa qo‘shmoqda.
Yangi Markaziy Osiyo tinchlik, barqaror taraqqiyot va yaratuvchan sheriklik yo‘lini tanlab, davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik ko‘prigini barpo etmoqda. Mintaqaviy jipslashuv tufayli bugungi kunda Markaziy Osiyo xalqaro munosabatlarda o‘z manfaati va taraqqiyot yo‘lini aniq tasavvur etuvchi mustaqil, mas’uliyatli ishtirokchi sifatida tan olinmoqda.
“Markaziy Osiyo plyus” hamkorlik formatlari mintaqaning xalqaro huquqiy sub’ekt sifatidagi mavqei tobora mustahkamlanayotgani ifodasi, barqarorlik va taraqqiyotning muhim markazi sifatidagi roli e’tirof etilayotganini ko‘rsatadi.
Bugungi kunda dunyoning yetakchi davlatlari va integratsion birlashmalari Markaziy Osiyo bilan munosabatni yaxlit mintaqaviy sherik sifatida rivojlantirmoqda.
Bu holat mintaqaning tashqi hamkorlar bilan munosabati yangi bosqichga ko‘tarilganidan dalolat. Markaziy Osiyoning dunyoga ochiqligi, niyatlari shaffofligi va muloqotga tayyorligi xalqaro maydonda mintaqamizni yangicha qabul qilish uchun mustahkam asos yaratdi.
Ayni payt dunyoning yetakchi davlatlari va birlashmalari bilan bog‘laydigan o‘ndan ortiq “Markaziy Osiyo plyus” formati faoliyat yuritmoqda. Joriy yilning o‘zida “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi”, “Markaziy Osiyo – Xitoy”, “Markaziy Osiyo – Rossiya” va “Markaziy Osiyo – AQSH” sammitlari o‘tkazilishi mintaqaning global siyosatdagi nufuzi va strategik ahamiyati ortayotganini tasdiqlaydi.
Strategik maqsadlar va tashabbuslar
Mintaqa davlatlari o‘rtasida ko‘p tomonlama muloqot va hamkorlik mexanizmi shakllanib, izchil rivojlanmoqda. Bu doirada iqlim o‘zgarishi, energetika sohasidagi o‘tish jarayoni, suv va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, raqamli texnologiyalarni rivojlantirish kabi asosiy mintaqaviy chaqiriqlarga umumiy yechim topishga qaratilgan hamkorlik faollashmoqda.
Mas’uliyat, o‘zaro ishonch va kelajak haqidagi yakdil tasavvurga asoslangan sheriklik yangi strategik yondashuvlar ishlab chiqish, mintaqaning istiqboldagi rivojlanish trayektoriyalarini belgilash vazifasini kun tartibiga chiqarmoqda. Ya’ni, Markaziy Osiyo qanday yo‘nalishda va sur’atda rivojlanishi masalasiga yaqin o‘n yilliklar uchun birga javob topish zarurati yanada dolzarblashgan.
Davlat rahbari mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish suverenitet, teng huquqlilik va ichki ishlarga aralashmaslik tamoyiliga asoslangan mustahkam poydevorga tayanishi lozimligini ta’kidladi. Shuningdek, hech kim mintaqa mamlakatlariga begona modellarni tiqishtirmasligi, milliy tuzilmalardan ustun turadigan institutlar yaratilmasligi kerakligini qayd etdi. Shu asosda o‘zaro hamkorlik ixtiyoriy, pragmatik va mamlakatlar xalqlariga real foyda keltiradigan natijalarga yo‘naltirilishi lozimligi ta’kidlandi.
Prezident mintaqamiz oldida o‘ta muhim vazifalar turgani, Markaziy Osiyoning barqarorligi va rivojlanish sur’ati aynan shu masalalar samarali hal etilishiga bog‘liqligini ta’kidlab, strategik va keng qamrovli yangi hamkorlik tashabbuslarini ilgari surdi.
Birinchidan, mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish davom ettishi, mavjud mexanizmlar mustahkamlanib, barqaror tus olishi, aniq amaliy mazmun kasb etishi zarur.
Ikkinchidan, xavfsizlik sohasidagi tahdid va xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha umumiy salohiyatni shakllantirish muhim. Xavfsizlik kengashlari kotiblari, maxsus xizmatlar, mudofaa va huquqni muhofaza qilish idoralari rahbarlarining muntazam uchrashuvlarini davom ettirish lozim. “Xavfsizlik bo‘linmasligi” prinsipi asosiy tamoyil bo‘lib qolishi kerak. Ayni payt mintaqaviy hamkorlik amaldagi xalqaro mexanizmlar bilan uzviy bog‘liq bo‘lishi, barqarorlikni mustahkamlash hamda mamlakatlar, umuman mintaqa xavfsizligiga nisbatan tahdidlarning keng doirasiga qarshi turish salohiyatini oshirishi zarur.
Uchinchidan, iqtisodiy sohada ichki mintaqaviy savdoni rivojlantirish, chegaralardan o‘tish tartib-taomilini soddalashtirish va o‘zaro investitsiya uchun qulay shart-sharoit yaratish muhim. Sanoat kooperatsiyasini faollashtirish, mintaqaviy va hududlararo yetkazib berish zanjirini shakllantirish, chegara oldi savdo zonalarini rivojlantirish, transport va iqtisodiy yo‘laklar tarmog‘ini kengaytirish, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi va raqamli iqtisodiyot sohalarida qo‘shma loyihalarni ilgari surish kerak.
Hamkorlikning ekologik jihati – iqlim o‘zgarishiga moslashish, transchegaraviy suv resurslari va biologik xilma-xillikni asrash, “yashil” energetika va kam uglerodli texnologiyalarga o‘tish bo‘yicha qo‘shma sa’y-harakatlarga alohida e’tibor qaratish lozim.
To‘rtinchidan, gumanitar hamkorlik ustuvor yo‘nalish bo‘lib qolmoqda. Inson kapitalini rivojlantirish, ta’lim, ilm-fan va madaniy aloqalarni mustahkamlash markaziy vazifa hisoblanadi. Umumiy axborot makonini yaratish, ta’lim va sog‘liqni saqlash sifatini oshirish, umuman ijtimoiy soha, jumladan turizm hamda yoshlarga oid qo‘shma dasturlarni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Beshinchidan, Markaziy Osiyo mamlakatlarining tashqi siyosatda kelishilgan yondashuvlarini ishlab chiqish muhim. Asosiy hamkorlar bilan pragmatik aloqalarni yo‘lga qo‘yishda samaradorligini isbotlagan “Markaziy Osiyo plyus” formatlarini yanada rivojlantirish kerak.
Prezidentning yakuniy xulosasiga ko‘ra, mintaqada kechayotgan jarayonlar barqaror va farovon Yangi Markaziy Osiyoni barpo etish – ongli va ortga qaytmas tanlov ekanini ko‘rsatmoqda.
Bu yo‘l nafaqat birgalikdagi sa’y-harakatlarni, balki umumiy kelajak uchun mas’uliyatni zimmaga olishga tayyorlikni ham talab qiladi. Ayni jarayonda biz kuch va imkoniyatni birlashtirish, umumiy vazifalarni hal etish orqali, xalqaro hamjamiyatga tinch va bunyodkor hamkorlikning ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashga asoslangan, vaqt va hayot sinovidan o‘tgan o‘z modelimizni taklif etmoqdamiz. Shu nuqtai nazardan davlat rahbari Markaziy Osiyoni mintaqada yashovchi barcha millat va xalqlar uchun yagona tinchlik, farovonlik va taraqqiyot makoniga aylantirishga xizmat qilayotgan ushbu tarixiy sur’atni saqlab qolish muhimligini alohida ta’kidladi.
Musulmon Ziyo, O‘zA