Bugun xalqimizning asrlar davomida shakllangan qadriyatlari, milliy davlatchiligimiz asoslari hamda xalqaro insonparvarlik tamoyillarini o‘zida birlashtirgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganiga 30 yil to‘ldi.
Ma’lumki, O‘zbekiston MDH davlatlari orasida birinchilardan bo‘lib o‘z Konstitutsiyasini qabul qildi va shu orqali xalqimizning huquq va erkinligi, sha’ni, qadr-qimmatini himoya qilishni kafolatladi. Davlatimizning mustaqil taraqqiyot yo‘lini belgilab oldi.
Mustaqilligimizning eng asosiy ramzlaridan bir hisoblangan Konstitutsiya bugungi kunda barcha muvaffaqiyatlarimiz garovi, amalga oshirilayotgan islohotlarimiz asosi bo‘lib xizmat qilmoqda. Albatta, taraqqiyot bir joyda to‘xtab qolmagani kabi qonunlar ham doimo talab va takliflardan kelib chiqqan holda o‘zgarib turadi. Jumladan, Konstitutsiyalar ham.
Amaldagi Konstitutsiyamiz haqiqatan ham Vatanimizning bugungi kundagi o‘zgarishlariga, shiddatiga, xalqimizning xohish va istaklariga javob bermay qoldi. Undagi normalar odamlarni o‘tayotgan har bir kunidan rozi qilish, Inson qadrini ulug‘lash kabi ulug‘vor g‘oyalarimiz amalini ta’minlashga yetarli emasligi ko‘rinib qoldi.
Buning isbotini yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgarishlardan ham yaqqol sezish mumkin. Eng asosiysi, bunda xalqimizning takliflari, istaklariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bugun xalqimiz farovonligini oshirishda ko‘plab muammo va kamchiliklarda duch kelayotganimiz haqiqat. Ba’zan imkoniyatlarimiz xohishlarimizga to‘g‘ri kelmay qolyapti. Ayni qiyinchiliklar, muammolar albatta ortda qoladi. Chunki bugun barcha islohotlar shunga qaratilgan.
Sohibqiron bobomiz Amir Temur ta’kidlaganidek: «Davlat qonunlar asosida qurilmas ekan, unday saltanatning shukuhi, qudrati va tarkibi yo‘qoladi».
Mustaqilligimiz asosini belgilab bergan Bosh Qonunimiz qabul qilingan kun qutlug‘ bo‘lsin!
Jahongir Ziyayev, deputat